Markaziy Yevropadan tortib Markaziy Osiyogacha, rahbarlar va siyosiy partiyalar demokratiyaga qarshi harakatlarga berilib, shu paytgacha erishilgan yutuqlarni barbod qilish bilan band. "Ozodlik uyi" (Freedom House) shunday mazmunda tahlilnoma e'lon qildi. Unga ko'ra, prezidentlar va bosh vazirlar xalq dardini eshitayotganini aytib, muammolarni hal etish uchun katta va'dalar berib, nufuzini oshirishga intiladi. Bu liderlar ular boshchiligidagi tuzumlar demokratik qadamlar tashlashini ta'kidlaydi. Amalda esa bunga qarshi ishlar qilinadi. Ular inson erkinligini kengaytirish emas, cheklash bilan ovora, demokratik tizimni bahona qilib.
"Demokratik model", "Ozodlik uyi" hisobotiga ko'ra, aslida rahbarlarning ommaga sotayotgan safsatasidir. O'tgan o'n yillikda liberal demokratiya chekindi, avtoritar tuzumlar haddidan oshib, o'z siyosatini demokratiya deb atab, bu tushunchaning qadrini tushirib yubordi.
Xalq demokratiya deganda lo'ttiboz liderlarini tasavvur qila boshladi. Bu esa anti-demoktarik yondashuvni kuchaytirdi va masalalar yechimi ochiqlik, oshkoralik, tenglik, inson huquqlari ta'minotida emas, degan xulosalarga yetakladi.
Rahbarlar esa me'yor va talablarni o'ziga moslay boshladi. Nima demokratik, nima nodemokratik ekanini ulargina belgilay olishini ta'minladi. Rossiyada Vladimir Putinninng “suveren demokratiyasi” targ'ib qilindi. Vengriyada esa Viktor Orban “noliberal demokratiya” propagandasiga zo'r berdi. "Ozodlik uyi" tahlilicha, bu kabi liderlar demokratiyani antidemokratiya yo'lida qo'llamoqda va boshqalarga namuna bo'lmoqda.
Natijada ommaning asl demokratiyaga nisbatan ishonchi va umidlari pasayib, jamiyat o'zini arosatda ko'rmoqda. "Ozodlik uyi" Yevrosiyodagi 18 mamlakatda demokratiya ahvolini o'rganib chiqqan. Ularning faqat olti nafarida nisbiy progress kuzatilgan, jumladan O'zbekistonda. Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari minusda.
Polsha va Vengriyadagi kuchli chekinish, antidemokratik siyosatni targ'ib qilish normaga aylanishi qo'shni davlatlarga ham o'ta boshlagan, deya xavotir bildiradi Vashingtonda asoslangan nohukumat tashkilot.
Rossiya va uning atrofidagi davlatlarda avtoritar tuzumlar uchun bu ayni muddao, garchi rahbarlar buni tan olmasa-da. Deyarli hammasida konstitutsion o'zgartirishlar, inson huquqlari bilan bog'liq qonunlarga tuzatishlar, saylov bilan bog'liq hujjatlarni yangilash harakatlari tinmaydi.
Nafaqat Rossiya, balki uning ta'siri ostidagi mamlakatlarda "tashqi kuchlar", "xorijiy agentlar" degan tamg'alar allaqachon "normal siyosat." Hukumatlar har qanday muxolifatni yo'q qilish uchun shu va o'xshash usullardan foydalanadi. Ekstremizm va terrorizmga qarshi yangi va kuchliroq choralar ham jamoatchilik xavfsizligini ta'minlash uchun deya ko'rsatilsa-da, aslida rahbariyat xavfsizligini kafolatlash uchun ishga solinadi.
"Ozodlik uyi" nazarida Rossiya bugun chuqur ildiz otgan avtokratiyadir. 2021-yilning kuzida kutilayotgan saylovlar oldidan bu davatda barcha erkinliklar, fuqaro jamiyati, muxolifat, matbuot, xorijiy hamkorlik yanada cheklanishi kutilmoqda.
Belarusda demokratik harakat qanchalik urinmasin, o'ta avtoritar rahbar Aleksander Lukashenko rejimiga bas kela olmadi.
Qirg'izistonda, Markaziy Osiyoning nisbatan erkin davlati deb kelingan tuzumda ham avtoritar siyosat kuchayib bormoqda. Yangi rahbar Sadir Japarov qo'li ostida bosh qomus uning manfaatlari uchun moslanadi va "bizga kuchli boshqaruvchi kerak" degan bahona bilan yakkahokimlikka yo'l beriladi, degan qo'rqinch hukmron.
"Ozodlik uyi" hisobotida qayd etilishicha, Yevrosiyodagi eng ijobiy holat - fuqaro jamiyatining g'ayrati, uning mashaqqatlarga qaramay haqsizlik va boshqa tub muammolarga qarshi kurashni to'xtatmayotgani, hatto Belarus va Rossiyada ham.