Aholining yarmi to’liq emlangan AQShda “Delta” keng tarqalmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

AQShda aholining 70 foizi koronavirusga qarshi qisman emlanganiga qaramasdan infeksiyalar soni o’sishda davom etmoqda. Ayniqsa Florida va Mississippi singari janubiy shtatlarda. Bugun virusni yuqtirayotganlar iyun oyi bilan taqqoslaganda 10 baravar ko’p.

Florida shtati, Mayami shahri test markazlarida uzun navbatlar. Shtat bo’ylab barcha yoshdagilar orasida koronavirus bilan kasallanish hollari ko’paymoqda, jumladan 12 yoshgacha bo’lgan bolalar orasida.

Raqamlar oxirgi olti oydagi eng yuqori nuqtaga yetdi. Yangi infeksiyalarning yarmi yetti shtatga to’g’ri keladi. Florida, Luiziana va Gavayi – eng ko’p kasallik holatlari qayd etilayotgan shtatlar.

AQSh Tibbiy tadqiqotlar instituti direktori Fransis Kollinsga ko’ra, so’nggi to’lqinni bartaraf etish imkoniyati bor edi.

“Barchani vaksina olishga ko’ndirish ishlarini yaxshiroq olib borganimizda edi, ahvol bu darajaga kelmasdi. Oqibatlarini ko’rib turibmiz”, - deydi Kollins.

Florida gubernatori Ron Desantis fikricha esa virus xavfi oshirib ko’rsatilmoqda.

“Ommaviy axborot vositalari jazavaga tushgan. Odamlarni qo’rqitishga harakat qilayapsizlar. Kasalxonalar haqida gap ketganda, Floridada barcha kasalxonalar normal ishlab turibdi”, - deydi gubernator.

Kollinsning aytishicha, AQShda “Delta” tarqalishda davom etar ekan, himoyalanishning eng yaxshi yo’li bu – vaksina.

“Hozir kasallanayotganlar orasida yoshlar ko’p, jumladan bolalar. Butun pandemiya davomida bolalar orasida virus hozirgidek keng tarqalmagan edi. Kasalxonalarda 1450 ta bola COVID dan davolanyapti. Ko’pi 12 ga to’lmagani uchun emlanmagan, lekin 12 va undan kattalar emlanishi kerak edi”, - deydi suhbatdosh.

Floridada ahvol og’ir bo’lsa-da, respublikachi gubernator o’z qarorlarini o’zgartirmoqchi emas.

“Korxonalar, bizneslarni yopishga qo’ymaymiz. Maktablarni ham ochamiz. Floridaliklarning ish joyini, odamlarning kichik biznesini himoya qilayapmiz. Cheklovlar foydasiz ekanini qayta-qayta ko’rdik. AQShda ham, xorijda ham”, - deydi Desantis.

Prezident Bayden yaqinda federal xizmatchilarga vaksina olganini tasdiqlashni buyurdi. Aks holda, ular har hafta test topshiradi, xizmat safarlariga chiqa olmaydi.

Oq uyga ko’ra, yaqin orada AQShga keladigan chet elliklardan ham koronavirusdan emlanish talab qilinadi.