Bugun Kobuldagi ketma-ket portlashlarda Amerika 13 harbiysini yo'qotdi, o'nlab afg'onlar o'lgan. Yana o'nlab sonda jarohatlanganlar bor, jumladan bolalar va ayollar.
Prezident Bayden Oq uydan turib bu voqealarni qoralab, o'lganlarning yaqinlariga hamdardlik bildirdi. AQSh ortga qaytmaydi, qo'shinlar va fuqarolar afg'on zaminidan chiqariladi, Amerika bilan ishlagan afg'onlar ham evakuatsiya qilinadi, dedi u.
"Hammangizni olib chiqamiz, umidni boy bermang", - dedi u, yaqin kunlarda evakuatsiya jarayoni to'xtaydi deya xavotirlanayotganlarga qarata.
"Afg'oniston hech qachon birdam jamiyat va mamlakat bo'lmagan. Davlat qurish ustida qabilalar aslo kelisha olmagan, azaldan. AQSh u yerda demokratiya barpo etish uchun o'zini qurbon qilmaydi. Men har doim shunday fikrlaganman. 20 yillik urushni tugatamiz", - dedi Bayden bugungi chiqishida.
Buni ham ko'ring Tolibon: 31-avgustdan keyin Afg'onistonda xorijiy qo'shinlar qolmasinReja o'z joyida, deydi prezident. 1-sentabrda Afg'onistondagi harbiy missiya butkul tugaydi. Undan keyingi jarayonda esa AQSh o'z manfaatlarini himoya qilishda davom etib, evakuatsiya ishlari oxirigacha yetkaziladi.
Kobuldagi portlashlarda "Islomiy davlat" gumon qilinmoqda. Razvedka idoralari bunday ehtimol haqida ogohlantirgan edi.
Oq uyga ko'ra, hujumlarni "Islomiy davlat"ning Xuroson bo'limi amalga oshirgan bo'lishi mumkin. Bu to'da asoschilari Pokistondan Afg'onistonga qochgan jangarilar bo'lib, keyinchalik ularga Tolibondan ajralganlar ham qo'shilgan.
26-avgust kuni Kobulda halok bo'lganlar uchun Oq uyda sukut saqlandi.
"Bugun o'lganlar qahramonlar, ular boshqalarning hayoti uchun jon berdi. Tarixdagi eng yirik evakuatsiyani amalga oshirish uchun safarbar etilgan insonlar edi. Harbiylarimiz dunyodagi eng qudratlisi", - dedi Bayden.
AQSh o'tgan bir oy mobaynida 100 mingdan oshiq odamni Afg'onistondan olib chiqqan, jumladan boshqa davlatlarning katta sondagi vakillarini ham.
"Hujum qilganlarni albatta topamiz va jazolaymiz. Biz bugungi xurujni unutmaymiz. "Islomiy davlat" Tolibonning ham dushmani", - dedi Bayden.
"Terrorizmga qarshi keskin choralar ko'ramiz. Bizni nishonga olganlarni tinch qo'ymaymiz".