"Katta Yettilik" guruhidan Eron va Rossiyaga ogohlantirish

  • Amerika Ovozi

“Katta Yettilik” guruhiga a’zo mamlakatlar Eronni yadro dasturi bo’yicha xalqaro kelishuvga qaytish uchun vaqt oz qolayotgani, shuningdek, Rossiyani Ukrainaga bostirib kirish oqibatlari haqida ogohlantirmoqda.

Tashqi ishlar vazirlari Britaniyaning Liverpul shahrida ikki kunlik majlis o’tkazib, global tahdidlarga qarshi birdam ekanini namoyish etdi.

Britaniyaga ko’ra, Venada davom etayotgan uchrashuvlar islomiy respublika “jiddiy bir yechim bilan muzokara stoliga qaytishi uchun oxirgi imkoniyatdir”.

Buni ham ko'ring Venada Eron yadro dasturiga doir muzokaralar boshlandi

Eron va qator davlatlar o’rtasidagi kelishuv 2015-yilda imzolangan edi. Donald Tramp prezidentligi davrida AQSh kelishuvni tark etganidan keyin Tehron uning shartlariga amal qilmay qo’ygan.

Eron yadroviy programmasidan faqatgina tinch maqsadda foydalanishini aytib kelmoqda, ammo G’arb davlatlarida xavotir shuki, Tehron boyitilgan urandan yadro quroli yaratishda foydalanishi mumkin.

Prezident Jo Bayden kelishuvga qayta qo’shilishga, Tehron esa muzokaraga jiddiy kirishishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda. Hozircha progress yo’q. Liverpuldagi yig’inda Eronga ilk bor ultimatum qo’yildi.

Chegaradagi Rossiya qo’shinlari

Kelasi yili “Katta Yettilik” raisligini Germaniyadan qabul qilib olayotgan Britaniya ikki kunlik anjumanni avtoritarizmga qarshi turish imkoniyati sifatida ham taqdim etdi.

Rossiya Ukraina bilan chegarada katta qo’shin jamlagani, ular Ukrainaga kirishi ehtimoli yig’inda obdan muhokoma etildi. Britaniya Tashqi ishlar vaziri Liz Trass deydiki, Ukrainaga bostirib kirish Rossiya uchun “jiddiy oqibatlarga olib keladi”.

Buni ham ko'ring Bayden va Putin Ukraina mavzusida ikki soat virtual muloqot qildi

AQSh Davlat departamenti vakilining ta’kidlashicha, “Katta Yettilik” guruhi a’zolari – Britaniya, Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya va AQShdan tashqari – ko’p sonli boshqa demokratik davlatlar ham Rossiyaga qarshi chora ko’rishga tayyor.

Jo Bayden yaqinda Prezident Vladimir Putin bilan virtual muloqotda G’arb xavotirini izhor etgan. Bayden Yevrosiyo masalalari bo’yicha bosh diplomatni Moskva va Kiyevga jo’natmoqda.

Kremlning bildirishicha, chegadagi harbiy kuchlar Ukrainaining NATOga yaqinlashishiga qarshi ko’rilayotgan mudofaa chorasidir.

Xitoy

Davlat kotibi Entoni Blinken AQShning Hind-Tinch okeani mintaqasida “tinchlik, xavfsizlik va farovonlikni ta’minlash” maqsadi doirasida Liverpuldan janubi-sharqiy Osiyoga yo’l oladi.

2021-yil Xitoyda inson huquqlari keng miqyosda buzilishi, Gonkongda avtoritarizm avj olayotgani to’g’risidagi xabarlar bilan kuzatildi. Hafta boshida bir guruh ekspertlar va huquqshunoslar Xitoyni uyg’ur aholi sonini nazorat qilishda, genotsid sodir etayotganlikda tanqid qildi. Pekin bu xulosalarni noxolis, deya rad etgan.

Buni ham ko'ring Izlanish: "Bir kamar, bir yo'l" loyihasi taraqqiyotni emas, daromadni ko'zlaydi

Liz Trassning ta’kidlashicha, u va hamkasblari Xitoyning “marjburiy ruhdagi iqtisodiy siyosatidan” xavotirda va muqobil tashabbuslar bilan chiqish lozim.

“Erkinlikni ardoqlaydigan demokratik davlatlar uchun investitsiya, savdo imkoniyatlarini yaratishimiz kerak. Shuning uchun past va o’rta daromadli mamlakatlarga sarmoya hajmini oshirayapmiz”, - deydi Britaniya vaziri.

“Katta Yettilik” guruhining yozgi sammitida Xiroyning “Kamar va yo’l” loyihasiga qaraganda adolatliroq global infratuzilma jamg’armasini tuzish rejasi olg’a surilgan edi. Trillion dollarlik Xitoy tashabbusi, xususan, Afrikadagi kichikroq davlatlarni “qarz tuzog’iga” tushirayotgani tanqid ostida.