Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba 23-fevral kuni Nyu-Yorkda BMT minbaridan xalqaro hamjamiyatga murojaat qilar ekan, davlatini Rossiya harbiy agressiyasidan qutqarish uchun konkret, keskin va qat'iy harakat qilishni so'radi.
“Rossiya Ukrainada to'xtamaydi", - deydi Kuleba, Bosh Assambleyadagi nutqida.
Uning so'zlariga ko'ra, Rossiya Ukrainaga qarshi urush ochgan va hozirgi qarorlari bilan cheklanmaydi.
"Rossiya bizga nisbatan agressiyasini kengaytirishga bel bog'lagan, bu aniq. Uni to'xtatish, munosib javob berish va nazorat qilish uchun fursat juda oz", - deydi Kuleba.
“Boy berilgan har bir soat Ukraina xalqi hayoti uchun tahdiddir. Nafaqat harbiylarimiz, balki oddiy aholi ham xavf ostida, jumladan ayollar va bolalar. Kreml bizning kollektiv xavfsizligimiz va erkinligimizga raxna solmoqda".
Ukraina chegaralari bo'ylab taxminan 150 ming qo'shin safarbar etgan Rossiya rahbari Vladimir Putin 21-fevral kuni Donbass mintaqasidagi Donetsk va Lugansk regionlarini alohida ikki mustaqil davlatlar deya tan oldi.
Bu farmondan kelib chiqib, Putin bu hududlarga "tinchlikparvar kuchlar" yuborishni buyurgan. Maqsad, deya tushuntiradi Kreml, tinch aholini himoya qilish. Donetsk va Luganskda yuzlab ming odamlar Rossiya fuqarolaridir, chunki o'tgan yillarda federatsiya ularga pasport bergan.
Donetsk va Luganskni mustaqil davlatlar deya tan olish Ukraina suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini buzish deya keng miqyosda qoralanmoqda. Putin qarori BMT xartiyasi, Xelsinki kelishuvlari, Budapesht memorandumi va Minks bitimlariga zid qadamdir.
BMT Bosh Assambleyasida bugun Qrim masalasi ham muhokama qilindi. 2014-yilda Rossiya Ukrainaning bu qismini bosib olgan. Bu ishg'olni biror davlat tan olmagan. BMT Qrimni vaqtincha bosib olingan hudud deb biladi.
Rossiyaning tashkilotdagi elchisi Vasiliy Nebenzya deydiki, Qrim federatsiya nazoratiga o'tar ekan, xo'rlangan o'lkadan erkinlik va adolat tomon qadam tashlagan.
“Afsuski, BMT bosh kotibi bugun va bir necha kun oldin Ukraina sharqidagi holatni izohlar ekan, o'z maqomi, vazifasi va BMT xartiyasiga mos bo'lmagan gaplarni aytdi", - deydi Nebenzya Antonio Guterrishni tanqid qilib.
Guterrish Moskvani BMT xartiyasini buzganlikda, global tinchlik va xavfsizlikka ulkan tahdid solayotganlikda ayblagan.
Nebenzya Ukrainani ham tanqid ostiga olib, uni Minsk kelishuvini buzganlikda, ya'ni sharqiy hududlariga va'da qilingan muxtoriyatni ta'minlamaganlikda qoraladi.
“Dialog asosida harakat qilinishi kerak edi, ammo Ukraina faqat sabotaj yo'lidan bordi", - deydi u.
Buni ham ko'ring AQSh qonunchilari: Putin demokratiyaga hamla qilmoqda"Rossiya siyosatiga la'natlar"
BMT Bosh Assambleyasida so'zlagan 90 davlat vakillarining deyarli hammasi Kreml siyosatini la'natladi. Ularga ko'ra, Rossiya qo'shni davlat suverenitetini poymol etgan.
“Rossiyani Ukraina hududidan harbiy kuchlari va vositalarini darhol olib chiqib ketishga chaqiramiz", - dedi Litva elchisi Ritis Paulauskas, Boltiq dengizi bo'yidagi sakkiz davlat nomidan so'zlar ekan.
"Rossiya Qrim yarimorolidan hamda Lugansk va Donetsk oblastlaridan chiqib ketsin. Mojaroni avj oldirish dunyo tinchligiga tahdiddir".
2008-yilda Rossiya bilan urushgan mamlakat, Gruziya ham Ukrainani quvvatlamoqda.
“Ukrainadagi kabi ishlarni biz oldin ko'rganmiz", - deydi Tbilisining BMTdagi elchisi Kaha Imnadze.
“Bunday xatti-harakat xalqaro tartibni izdan chiqarib, mintaqaviy va global tinchlik va xavfsizlikka misli ko'rilmagan darajada raxna soladi. 21-asrda hech bir davlat bunday siyosat yuritmasligi kerak. Mas'uliyatli hukumatlar bunday qilmaydi", - deydi gruzin diplomati.
Diplomiya, harbiy chekinishga chaqiriqlar
Turkiya tomonlar orasida vositachilik qilishga tayyor. Anqara Kiyevning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zolari - Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya ca AQSh - shuningdek, Turkiya, Germaniya bilan muloqot qilish taklifini olqishlamoqda.
“Mintaqamizda urushga na hojat bor va na xohish", - deydi Turkiyaning BMTdagi elchisi Faridun Hadi Sinirlio'g'li.
“Rossiya qaroridan qaytib, diplomatiya va dialogga o'tsin. Minks kelishuviga binoan ish yuritsin. Jarlikdan qaytishning yagona yo'li shu".
AQSh ta'biricha, Moskva katta urush boshlasa, Yevropada qochqinlar oqimi bilan yuzlashadi.
“Rossiya hozirgi egri yo'lidan qaytmasa, va bizningcha qaytmaydi, qochqinlar muammosi vujudga keladi. Misli ko'rilmagan inqiroz bo'ladi. Besh milliongacha odam uyini tashlab, najot izlashi mumkin. Bunda Rossiya aybdor bo'ladi, chunki u tinchlikka tahdid solib, Ukraina va uning qo'shnilariag bosim o'tkazmoqda", - deydi Amerikaning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild.
Kanada ham Rossiyaga nisbatan sanksiyalar qo'ygan. Moskva harbiy harakatlarini to'xtatmas ekan, Ottava ularni kuchaytiraveradi, deydi Bob Re, BMTdagi elchi.
“Biz qarab turmaymiz - iqtisodiy cheklovlar qo'yayapmiz, - deydi Re. - Rossiya vaziyatni keskinlashtirsa, biz qattiqroq choralar ko'ramiz".
Ukraina bosh diplomati G'arbning irodasi va qarorlaridan mamnun. Ammo bular yetmaydi, deydi Kuleba.
“Hamkorlarimiz Rossiya raketalari Ukraina yerlariga tushishini kutmasligi kerak. Yangi va qattiqroq chora ko'rish uchun Rossiya samolyotlari osmonimizga kirishini kutmang".
Buni ham ko'ring AQSh Rossiyaga nisbatan moliyaviy sanksiyalar joriy etdiKuleba sanksiyalar ko'lami kengayib, Rossiya jazosini tortishni boshlasin, deya undamoqda.
"Vaziyat nihoyatda qaltis va har bir kun g'animat".
Xitoy, odatda BMTda Rossiyaning yonini olib keladigan davlat, diplomatik yechim izlashni tavsiya qilmoqda. Mantiqli yo'lini topish kerak, deydi Pekinning tashkilotdagi elchisi.
“Xitoy befarq emas, xavotirda, - deydi Jang Jun. - Davlatimiz pozitsiyasi o'zgarmas: suverenitet va hududiy yaxlitlik buzilmasligi shart. BMT tamoyillari, maqsadi va xartiyasini hammamiz hurmat qilishimiz shart".
Ukraina sharqidagi to'qnashuvlarda 2014-yildan beri, ya'ni separatizm kuchayganidan buyon 14 mingdan oshiq insonning yostig'i qurigan.
Mamlakatning uch millionga yaqin aholisi yegulik, boshpana va boshqa turdagi yordamga muhtoj.
BMTga ko'ra, ularga madad ko'rsatish uchun 190 million dollar zarur. Vaziyat og'irlashsa, talab milliardlab dollarga chiqishi mumkin.