Urush va sanksiyalar bois global energetika bozori beqaror

  • Amerika Ovozi

Yevropada urush hamda Rossiyaga qarshi kuchli sanksiyalar energetika bozorini beqarorlashtirib, benzin va tabiiy gaz qimmatlashishiga olib kelmoqda.

Rossiya neft va gaz ishlab chiqaruvchi yirik davlatlardan biri ekan, harbiy harakatlar yoki sanksiyalar tufayli ta’minot uzilishi energiya narxlariga jiddiy ta’sir ko’rsatadi.

“Rossiya kuniga taxminan 4,5 million barrel neft eksport qiladi, global bozorda [kunlik talab] 100 million barrelga teng. Agar urush, sanksiyalar yoki neft konlarida falokat tufayli shuning million barreli uzilsa, neft 20-25 foizga qimmatlaydi. Yonilg’i quyish shoxobchasida bu har bir gallon [3,7 litr] benzin 50-75 sentga oshadi degani”, - deydi energetika bo’yicha mutaxassis Ed Hirs.

Neft platformasi, Irkutsk

2021-yilning dekabrida bir barrel neft 70 dollar edi, 24-fevral kuni o’tgan sakkiz yilda birinchi bor 105 dollargacha ko’tarildi. Ammo AQSh va Yevropaning Rossiyaga qarshi sanksiyalari energetika sektorini chetlab o’tishi ma’lum bo’lgach, Yevropada gaz narxi 30 foizga pasaydi.

Sanksiyalar, asosan, banklar, Kremlga yaqin oligarxlar va Rossiyani kapital bozorlaridan uzishga qaratilgan.

Biroq aytish joiz, Rossiya tanklari Ukrainaga kirgach Germaniya “Shimoliy oqim-2” neft quvurining ochilishiga ruxsat bermasligini bildirgan. Loyiha hali ishga tushmagani bois ushbu e’lon energiya hozirgi ta’minotga ta’sir qilgani kuzatilmaydi.

AQSh Germaniya qarorini olqishlab, Yevropaga suyultirilgan gaz yetkazib berishni oshirmoqda.

Benzin bahosi

Rossiyaga qarshi sanksiyalarni e’lon qilgan Prezident Jo Bayden amerikaliklarni benzin narxi oshishi haqida ham ogohlantirdi.

“Erkinlik himoyasi Amerikada narxlar ko’tarilishiga olib keladi, buni ochiq aytishimiz kerak”, - dedi prezident.

Bir gallon (3,7 litr) benzin 4 dollar 87 sent, Kaliforniya

Bayden sanksiyalar og’iri AQShga emas, Rossiya iqtisodiyotiga qaratilishi uchun qat’iy choralar ko’rishga, potensial uzilishlarning benzin narxiga ta’sirini kamaytirish uchun yirik neft kompaniyalari bilan kelishgan holda harakat qilishga va’da bermoqda.

AQSh hozirda so’nggi 40 yildagi eng yuqori inflyatsiya bilan yuzlashyapti. Transport xarajatlari oshishi turli mahsulotlar yanada qimmatlashishiga olib keladi.

Bozor o’zini muvozanatlaydi

Energetika bozori Rossiya Ukrainaga urush ochishidan oldin, koronavirus pandemiyasi tufayli shundoq ham beqaror edi.

Pandemiyaning dastlabki bosqichida millionlab odamlar uyda o’tirgani, yo’llarda transport kamaygani, tijorat to’xtab qolgani bois neft va gazga global talab tushib ketdi. 2020-yilning aprelida uning narxi manfiy qiymatga tushib, omborxonalar mahsulotga to’lib ketdi.

Buning oqibatida ishlab chiqarish sezilarli darajada kamaygan, chunki katta xarajat talab qiladigan qazib chiqarish korxonalari o’zini qoplay olmay yopib qo’yilgan.

Bugunga kelib talab ancha tiklandi, deydi Luiziana universiteti profossori Gregori Apton. Lekin neft qazib chiqarish baribir pandemiyadan oldingi davr darajasida emas, bu esa narxlar oshishiga hissa qo’shmoqda.

"Shimoliy oqim-2" quvurlari, Germaniya

Aptonning “Amerika Ovozi” bilan suhbatda aytishicha, agar urush natijasida Rossiyadan neft va gaz eksporti sezilarli darajada kamaysa, bu pandemiya paytida yopilgan ayrim korxonalarni qayta ishga tushirishga turtki bo’ladi.

“Agar Rossiyaning neft va gaz sektoriga ham sanksiya qo’yilsa, jahon bozorida mahsulot kamayadi, narxlar oshadi. Natijada bozorda yana o’zgarishlar bo’ladi. Baland narxlar ko’proq neft quduqlari qazilishiga olib keladi, muvozanat tiklanadi”, - deydi u.

Ekspertlarning qayd etishicha, energiya narxlari Rossiya-Ukraina mojarosi bo’yicha muzokaralar boshlangan taqdirda yoki koronavirusning yangi shtammi paydo bo’lsa, pasayishi mumkin.

Sanksiyalar ostidagi Eron bilan yangi yadroviy kelishuv imzolanishi to’g’risidagi xabarlar ham neft arzonlashishiga olib keladi. Kelishuv natijasida Eron global bozorni katta miqdorda neft bilan ta’minlay boshlaydi, degan umidlar bor.