Rossiya-Ukraina urushining to’rtinchi kuni uchinchi jahon urushiga doir tahdidlarning jiddiy kuchayishi bilan kuzatilmoqda. Prezident Vladimir Putin Ukrainani zabt etish cho’zilayotgani, sanksiyalar kuchayishi ortidan mamlakat yadroviy kuchlarini jangovar hozirlikka keltirishga buyruq berdi.
Belarus Ukrainaga qarshi urushga rasman qo’shilishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar yuzaga chiqdi. Bu tahdidlar manzarasida Ukraina va Rossiya Belarusda muzokaralar boshlashgani haqidagi ma’lumotlar ham yuzaga chiqdi.
Your browser doesn’t support HTML5
Urushning to‘rtinchi kuni Rossiya qo’shinlarining Kiyevni zabt etish rejasi jiddiy qarshilikka uchraganini ham ko’rsatdi. Ukraina tomoni poytaxt ostonasida rus qo’shinlari to’xtatilgani, aksariyat raketa zarbalari bartaraf qilingani, o’nlab harbiy texnika, jumladan, yana bir harbiy uchoq urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ukraina havo mudofaasi urinishishlariga qaramasdan aholi yashaydigan ko’p qavatli uylar, boshqa turli obyektlar raketa zarbasiga uchradi. Kiyevda 26-fevraldan joriy qilingan komedantlik soati doirasida 28-fevralga qadar aholining ko’chaga chiqishi taqiqlangan.
Bu Kiyevni havodan bombalash qarori mavjudligi, shuningdek, rus harbiylaridan iborat kichik guruhlar poytaxtga kirgani, shaharning ayrim hududlarida ko’cha janglari olib borilayotgani bilan izohlanmoqda.
Buni ham ko'ring Rossiyaning Ukrainadagi urushi. 4-kun. Taraflar muzokaraga tayyorPrezident Volodimir Zelenskiy 27-fevral kuni ertalab vaziyat haqida ukrainlarga hisobot berdi. Bu chiqishida u konstitutsiyaviy o’zgarishlar uchun ovoz berayotgan Belarus xalqiga murojaat qildi.
Ukrainaga, xususan, Kiyevga qilinayotgan hujumlarda Belarus muhim o’rin tutadi. Poytaxtga tashlangan rus harbiy texnikasining aksariyati Belarus orqali kirib kelayotgani, raketa zarbalari ham aynan Belarusdan amalga oshirilayotgani aytiladi.
Belaruslar bugun Prezident Aleksandr Lukashenko vakolatlarini kengaytiruvchi konstitutsion o’zgarishlar uchun ovoz berdi. Prezident Zelenskiy Belarus xalqini o’z kelajagi uchun munosib ovoz berishga chaqirar ekan, Ukraina Belarus hududida o’tkaziladigan muzokaralarda qatnashmasligini ham ma’lum qilgan edi, ammo Rossiya tomonidan bildirilgan so’nggi yadroviy tahdidlar soyasida muzokaralar boshlangan, Ukraina va Rossiya vakillari Belarus chegarasi yaqinida muzokara o’tkazishayotgani xabar qilinadi.
Urush manzarasida esa keskin burilish kuzatilgani yo’q. Rossiya qo’shinlari Ikki kundirki Kiyevni zabt etishga urinmoqda. Ukraina tomoniga ko’ra, shu ikki kun davomida Rossiya qurolli kuchlari o’ta og’ir talafotlar bergan, bu esa ayni paytga kelib Kiyev uchun janglar shiddatini bir qadar susaytirgan. Rus harbiylari artilleriya va raketa zarbalarini yo’llash bilan cheklanishmoqda.
27-fevral kungi shiddatli janglar Ukrainaning boshqa bir yirik shahri Xarkovga ko’chdi. Ayrim ma’lumotlarda rus qo’shinlari shaharni egallashgani aytilsa, ayrim ma’lumotlarda Xarkov nazorati uchun janglar shahar markazida davom etayotgani aytiladi.
Ukraina tomoni Xarkov uchun kechgan shafqatsiz janglarda rus qo’shinlari to’xtatib qolinganini ta’kidlamoqda.