Katta qozonlarda ming kishilik osh damlangan.
Karnay-surnay sadolari Filadelfiyada hali onda-sonda, o’zbekistonlik immigrantlar to’y qilganda yoki milliy bayramlarini nishonlashganda yangraydi.
Bu galgisi esa atrofdagilarni Navro’z munosabati bilan Samarqand restorani va “Sarbon” o’zbekistonliklar jamiyati radiosi uyushtirgan xayriya oshiga da’vat etmoqda. Karnay-surnay ovozini eshitib kelganlarga bu yerda o’zbekistonliklar dasturxoni shoh taomi palov va non tortiq qilinmoqda.
Karantin talablari yumshab yurtdoshlari yana an’anaviy sayllarini birga nishonlashni boshlayotganidan tashkilotchilar ham mamnun.
“Navro’zni tantanali nishonlash orqali biz yurtdoshlarni birlashtirish qatori o’z yurtimiz bayramlarini bu yerdagi aholiga ham tanitmoqdamiz,”- deydi Ozod Soliyev
“Baribir bilasizmi, musofirchilikda boshqacha bo’larkanda. O’zimizda 20-21- mart kunlari hamma birgalikda nishonlashni boshlaydi. Bu yerda salgina siyrakroq[o’tadi]. Shuning uchun bitta bayram uyushtirdingizmi hammaga qiziq ko’rinadi. Biz har yili bayramni kattaroq qilib o’tkazishga harakat qilamiz. Maqsadimiz odamlarga qanday bayramlarimiz bor va uni qanday nishonlashimizni tushuntirish,”- deydi “Samarqand” restorani egasi Ozod Soliyev.
Advokat va ko’chmas mulk brokeri Irina Vilk Navro’z saylini o’zi uchun o’zbekistonlik immigrantlar tufayli kashf qilgan filadelfiyaliklardan.
“Bu mening uchinchi marotaba Navro’z bayramida qatnashishim. Birinchi bor COVIDgacha 2019-yilda qatnashganman. Mening o’zbekistonlik do’stlarim ko’p. Ular o’shanda Navro’z bayrami yaqinlashyapti, deb ko’p gapirishardi. U ajoyib va juda muhim ayyomimiz deyishardi. Shundan so’ng men Navro’z tarixi bilan qiziqa boshladim. Navro’z haqidagi tarixiy va ilmiy maqolalarni o’qib chiqdim. Navro’z qanday bayram ekanligini bilib oldim. Men biror joyga borish, har qanday bayramda qatnashishdan oldin albatta ular haqdagi ma’lumotlarni batafsil o’rganaman. Bu gal ham shunday bo’ldi va men Navro’zni to’la angladim.
Navro’z mening hayotimga nimalar olib kirdi? Ezgulikni, do’stlarimning mehmondo’stligini, buyuk va qadimiy madaniyatni anglashimni, faqat yaxshi fazilatlarni”, - deydi Irina Vilk.
O’zbekistonliklar jamiyati faollariga ko’ra, Filadelfiyada bugungi kunda o’zbekistonliklar soni o’n mingdan oshgan. Jamiyat kengayar ekan vatandoshlar turli tashkilotlar tuzib ular atrofida birlashishga oshiqmoqdalar.
Buni ham ko'ring
Navro'z ayyomingiz muborak bo’lsin!“Hozir katta say’-harakatlar va rejalar bor. Masalan, yaqinda “Vatan” o’zbekistonliklar jamiyati milliy madaniyat markazi tashkil etildi va rasman ro’yxatdan o’tdi. Hozir bu jamiyatni rejalari ulkan. Ulkanligi nimadan iborat? Madaniy markaz binosini tashkil qilish. U yerda O’zbekistonimizning bir bo’lagi, milliy urf-odatlar, an’analarni o’zida jamlagan ko’rgazmalar tashkil etish, O’zbekistondagiga o’xshagan bir mahalla tashkil qilish, qadriyatlarimizni aks ettiruvchi urf-odatlarni shu yerda mujassam etish rejalashtirilgan. Hozir ana shunday madaniy markaz loyihasi ustida ish olib borilyapti, agar shu ish amalga oshsa, kelgusi yil Navro’zda shu binoning ochilishida ishtirok etib, qadriyatlarimizni, urf-odatlarimizni ana shu milliy markazimizda jamlasak ajabmas”, - deya yangi tashkilot tuzilgani haqidagi yangilik bilan bo’lishmoqda “Sarbon” radiosi boshlovchisi Bahodir Sharofov.
O’zbekistonliklar jamiyati yangi milliy madaniyat markazi o’z oldiga qo’ygan hozirgi vazifalarini uning rahbari Shuxrat Qodirov yanada aniqlashtiradi:
“Fuqarolarimizni jipslashtirish, ular eski udumlarimizni esdan chiqarmasliklari, farzandlarimiz tariximizni bilishi, farzandlarimiz, yoshlarimiz tarbiyasi va ta’limi sohasida shu udumlarni esdan chiqarmasliklari uchun shularni tashkillashtiryapmiz”- deydi markaz rahbari Shuxrat Qodirov.
Amerikada O’zbekiston milliy bayramlarini uyushtirish kattayu-kichik vatandoshlar uchun juda zarur, deydi Shuxrat Qodirov.
“Bolalar buni esidan chiqarishi mumkin- tariximizni, dinimizni, irqimizni. Bolalar esdan chiqarmasliklari uchun hamda milliy urf-odatlarimizni o’zimiz ham esdan chiqarmasligimiz uchun Navro’zni, sharqona bir bayramimizni har yili o’tkazib turamiz”, - tushuntiradi Shuxrat Qodirov.
Filadelfiyada o’tgan Navro’z tantanasida konsullik xodimlari ham qatnashishdi. Paytdan foydalanib Qahramon Dalimovdan konsullikning vatandoshlar bilan muloqoti haqida qiziqdik.
“Birinchi navbatda shuni aytib o’tmoqchi edimki fuqarolar, vatandoshlar bilan muloqot juda muhim va konsulxona mavjud imkoniyati darajasida juma kunlari bo’ladigan radio efirlarida, Filadelfiyaning 106.5 FM radiosida, Nyu-Yorkdagi 95.5 HD 2 FM radiosida o’z e’lonlarini berib boradi. Bundan tashqari Telegramda o’z guruhimiz bor. U yerda dolzarb bo’lgan masalalarni yoritib boramiz. Shu bilan birga aytib o’tmoqchiman, o’zbek tilida nashr qilinadigan gazeta-jurnallarimiz, radioefirlarimiz, You Tube kanallarimiz mavjud. Ular o’zbek ko’ngillilari tomonidan yuritiladi. Ozmi-ko’pmi hamma o’z hissasini qo’shgan holda ularni qo’llaydigan bo’lsa, o’zbek tilida ijod qiladigan, o’zbek tilida nashr etiladigan gazeta-jurnallarni qo’llab-quvvatlagan bo’lamiz. Shu jumladan, “Makonim” gazetasini eslatib o’tmoqchi edim. Bir guruh o’zbekistonlik ko’ngillilar shu narsaga o’z vaqtlarini, imkoniyatlarini ayamasdan xizmat qilyaptil. Buning uchun ularga katta rahmat. Shu jumladan, ana shu gazetalarda ham konsullikning maxsus ruknlari mavjud bo’lib, u yerda qiziqarli masalalar o’rin olgan,”- deydi O’zbekistonning Nyu-Yorkdagi konsuli Qahramon Dalimov.
Xayriya oshi tarqatish bilan boshlangan Navro’z ayyomi shu kuni musiqiy bazm bilan davom etdi.