Farrux Nurmatov Ukraina prezidenti qoshida shakllantirilgan hududiy mudofaa qo’shini faollaridan. Asli o’zbekistonlik, ammo bir necha yillardan buyon Kiyevda yashaydi. Urush boshlanishi ortidan ko‘ngillilardan tuzilgan hududiy mudofaa safiga qo’shildi.
Ukraina prezidenti qaroriga ko’ra, tuzilgan hududiy mudofaa tuzulmasi qurolli kuchlardan farqli asosan shahar, qishloqlar himoyasini ushlash, mustahkamlash ishlariga jalb qilinadi. Rossiya qo’shinlari Kiyev viloyatini tashlab chiqishi hududiy mudofaa qo’shinlariga bir qadar tin olish imkoniyatini bermoqda.
Kiyevdagi masjidga hayit bayramini nishonlash uchun kelgan Farrux Nurmatovning “Amerika ovozi”ga aytishicha, Rossiya hozirgi imperiya ko’rinishda mavjud ekan, qo’shni davlatlar bosqindan xoli bo’lolmaydi, o’zbekistonliklarning yarmi, ayniqsa, hukumat doirasi rossiyaparast ekanligi xavotir uchun sabab.
Farrux Nurmatov Ukraina bu urushda g’alaba qozonishiga shubha qilmaydi, ayniqsa, AQSh hukumati Ukrainaga harbiy ko’mak ko’rsatish masalasini ijobiy hal qilishi ortidan.