Yakunlanayotgan hafta Rossiya-Ukraina urushidagi frontda emas, bu urush atrofidagi siyosiy maydonda burilishlar qildi. AQSh va Yevropadagi bir qator davlatlar Ukrainaga zamonaviy raketa tizimlarini yetkazib berishga qaror qilishdi.
Prezident Vladimir Putin yangi intervyusida agar G’arb Ukrainaga qurol yetkazib berishda davom etsa, raketa zarbalari Ukrainadagi markaziy idoralarni nishonga olishi haqida ogohlantirgan.
Yakunlanayotgan haftada Rossiya armiyasi siljishda davom etdi. Frontdagi vaziyat Rossiya armiyasi hamon o’z maqsadiga erishmaganini ko’rsatadi. Janglarni kuzatib kelayotgan tadqiqotchilar shunday xulosa qilmoqda.
Your browser doesn’t support HTML5
Ammo rus armiyasi jang taktikasini o’zgartirgan, asosiy kuchni front bo’ylab taqsimlash emas, tor bir hududga jamlab, ukrain armiyasini o’z istehkomlaridan siqib chiqarishga o’tgan. Bu samara berayotgani ta’kidlanadi.
Rossiya urushda o’z maqsadiga erishmagani aytilayotgan bo’lsa-da, Prezident Volodimir Zelenskiy Ukrainaning 20 foizga yaqin hududi bosib olingani, bu Yevropadagi ayrim davlatlar hududidan ham kattaroq ekanini aytdi.
Urush asosan artilleriya, raketa zarbalari vositasida yuritilmoqda. Hafta oxiriga kelib, poytaxt Kiyev ham nishonga olindi.
Bu hujum Putinning Ukrainadagi urushga doir bergan dastlabki katta intervyusi barobarida amalga oshirildi. Efirga chiqishi anons qilingan bu intervyuda Putin Ukrainaga raketa tizimlari yetkazib berilishiga nisbatan Rossiya javobi qanday bo’lishi haqida gapirgan.
Shu hafta AQSh, shuningdek, Yevropadagi bir qator davlatlar Ukrainaga zamonaviy raketa qurilmalari yetkazib berilishini ochiqlashdi. Bu qurilmalar Ukrainaga kerakli miqdorda yetkazilgan taqdirda frontda burilishlar bo’lishi, Ukraina armiyasi hujumga o’tishni boshlashi kutilyapti.
Ayni paytda ashaddiy janglar Donbass hududida, Severedonetsk shahrida kechayapti. Bir haftadirki, bir tomon hujumni, ikkinchi tomon mudofaani davom ettiryapti, jiddiy siljishlar yo’q.
Frontdan tashqarida Rossiya boshlagan urush jahondagi siyosiy va iqtisodiy vaziyatga tobora keskin ta’sir o’tkazmoqda, narx-navo oshmoqda. Dunyo ocharchilik xavfi bilan to’qnash kelishi haqida ogohlantirishlar mavjud.
Ammo bu Rossiya bosqinini oqlashga doir dunyoqarashlarni o’zgartirayotgani yo’q, jumladan O’zbekistonda ham.
Sharhlovchi Adbulla Abduqodirov Ukrainadagi vaziyatni, bu urushga nisbatan o’zbek jamoatchiligi fikrini diqqat bilan kuzatib keladi. Uning ta’kidlashicha, jamoatchilikning aksariyat qismi Rossiya tashviqoti ostida.
Ukrainadagi urushga nisbatan Rossiyaning o’zida ham norozilik mavjud. Nina Belyayeva Voronejda tuman mahalliy kengashi deputati bo’lgan. U kengash yig’ilishida urushga qarshi chiqish qilishi ortidan tazyiqqa uchragan va Rossiyani tark etgan.
Belyayeva “Amerika Ovozi” bilan suhbatda nafaqat Rossiya, balki o’zbek jamoatchiligida ham urushni yoqlayotgan qatlam borligidan taassuf bildirar ekan, buning sababini sobiq ittifoq hamon Moskva targ’iboti ostida yashayotganida ko’radi.
Rossiya-Ukraina urushida har ikki tomon harbiylari doxil minglab odamlar qurbon bo’ldi. Ukrainadagi aksariyat shahar-qishloqlar vayronaga aylandi. Ammo to’rtinchi oy davom etayotgan bu urush hamon o’z yakunidan uzoq ko’rinadi.