Qozog'istonda Nursulton Nazarboyevning 30 yildan oshiq hukmronlik davri rasman tugadi. 5-iyun kuni o'tgan referendumda saylovchi bosh qomusga qator o'zgartirishlarni ma'qullab, Nazaboyevni siyosatdan chetlashtirish uchun ovoz berdi.
Natijaga ko'ra, 77 foiz saylovchi konstitutsion tuzatishlar tarafdori, 19 foizi esa ularga qarshi ekanini bildirgan. Referendumda Qozog'istonda ovoz berish huquqiga ega aholining 68 foizi qatnashgan.
Yil boshida shaharma-shahar kuzatilgan norozilik namoyishlari va tartibsizliklarda, rasmiy hisobga ko'ra, 230 dan ziyod kishi halok bo'lgan.
Norozilik ortidagi sabablar, jamoatchilikning qayd etishicha, yonilg'i qimmatligi va fuqaroning avtoritar siyosatdan to'ygani bo'lgan.
Buni ham ko'ring Xalqaro hayot - 6-iyun, 2022-yilPrezident Qosim-Jo'mart To'qayev xalqning dardini tushunishini aytib, unga sistematik o'zgarishlar va demokratik islohotlar va'da qilgan. Bosh qomusni o'zgartirish taklifi shuning bir qismi.
Referendum natijasida mamlakatda o'lim jazosi bekor qilinadi. Shuningdek, ayrim mansabdagilarga siyosiy partiyalarga a'zo bo'lish taqiqlanadi. Nazarboyev "elboshi" maqomidan ayriladi. Boshqaruv markazlashgan tizimdan chekina boshlaydi. Konstitution sud yaratilib, prezident vakolatlaridan chiqmasligi uchun choralar ko'riladi.
To’qayevning aytishicha, u boshlagan islohotlar qonli voqealar va davlat to’ntarishiga harakatlarning oldini oladi. Boshqa tarafdan esa referendum unga ikkinchi muddatga saylanishda yordam berishi mumkin.
Vakolatlari qisqarganiga qaramay, prezident sudyalar va viloyat rahbarlarini tayinlash, parlamentni tarqatish qudratini saqlab qoladi.
Saylovchilar konstitutsiyaning jami 30 dan ortiq moddasiga tuzatishga ovoz berdi. Tanqidchilarga ko’ra, fuqarolarda ushbu tuzatishlar bo’yicha bittama-bitta ovoz berish imkoni bo’lmadi.
Nazarboyev 2019-yilda prezidentlikdan ketib, o'rniga To'qayevni tavsiya qilgan. O'sha yili o'tgan saylovda To'qayev yutgan, biroq amalda hokimiyat Nazarboyev qo'l ostida qoldi. Elboshi sifatida ulug'langan lider davlat xavfsizligi, iqtisodi va siyosiy-ijtimoiy hayoti bilan bog'liq asosiy qarorlarni qilishda davom etdi.
Norozilik namoyishlari Nazarboyevni xavfsizlik kengashi raisligidan ketishga majbur qildi. To'qayev uning o'rnini egalladi. Hukmron partiya "Nur Otan" yetakchiligi ham uning qo'liga o'tdi. Oylar o'tib, partiya "Amanat" deya yangi nom oldi va prezident endi uning raisi emas. To'qayev buni ham siyosiy islohot, deya ta'riflaydi.
Endilikda Qozog'istonda prezident vakolatlari kamayishi, parlamentnikig esa oshishi kerak. To'qayev hukumatning iqtisoddagi rolini pasaytirishni istaydi. Boylar va kambag'allar orasidagi farqni ozaytirish uchun xususiy sektorni yanayam erkinlashtirish zarur, deydi u.
Konstitutsion o'zgarishlar To'qayevni islohotchi liderga aylantiradimi? Saylovchilar fikricha, prezidentning nufuzi buyog'iga nima bo'lishiga bog'liq. Tuzatishlar faqat qog'ozda qolib ketadimi yoki amalda real yangiliklar bo'lib, ular xalq hayotida sezila boshlaydimi?
Iqtisodiy ko'p jihatdan qo'shni Rossiyaga qaram, neftga boy biroq aholining aksariyati yetishmovchilikdan noliydigan davlat To'qayev rahbarligida demokratik qadamlar tashlay oladimi?
Referendum jarayoni va natijasi odamlarning ruhini ko'tardi, deydi ekspertlar, biroq bu umidlar o'zini oqlashi kerak.
G'arb bizneslari Qozog'istonni azaldan siyosiy jihatdan barqaror muhit sifatida ko'rib, uning neft va konchilik sanoatlariga milliardlab dollar sarmoya kiritgan. Lekin 2022-yilning yanvaridagi notinchliklar mamlakat bir zumda g'alayon ichida qolishi mumkinligini, fuqaro hukumatdan naqadar g'azabda ekanini ko'rsatdi.
"To'qayev buni biladi va shu bois referendum o'tkazib, o'zini boshqacha rahbar, o'zgarishlar tarafdori deya ko'rsatishga urinmoqda", - deydi qozoq tahlilchi Dosim Satpayev.
To'qayev daromadi yuqori kompaniyalar va boylar ko'proq soliq to'lashi kerak, deya targ'ibot olib bormoqda. "Ijtimoiy adolat yangi Qozog'istonning ustuni bo'ladi", - deydi u, o'z chiqishlarida.
Buni ham ko'ring Qozog'istonda o'zi nima bo'ldi? Mamlakat qay tomon yo'nalmoqda?Prezident taklif qilgan o'zgarishlardan biri - rahbarlarning yaqinlarini davlat ishlariga olmaslik, ayniqsa eng yuqori pog'onalarda o'tirganlarning. Manfaatlar to'qnashuviga chek qo'yish.
Saylovni ma'qullagan konstitutsion tuzatishlar amalda aks etmaguncha aholi norozi bo'laveradi, deydi sharhlovchilar.
Matbuot bilan gaplashgan fuqarolar deydiki, ular 30 yil oldingi, eng zarur mahsulotlar do'konda topilsa, xursand bo'ladigan, hukumat propagandasiga osongina ishonadigan odamlar emas. Jamoatchilik rasmiy shiorlar, kelajak buyuk deydigan balandparvoz so'zlarni qabul qilmasligini aytadi.
Faollar deydiki, 69 yoshli To'qayev 82 yoshli Nazarboyev soyasidan chiqib, xalqdan uni quvvatlashni so'radi. Referendumda u ijobiy javob oldi. Endigi birlamchi vazifalar - iqtisodni yaxshilash va tizimning fuqaroga xizmat qilishini ta'minlash.
Ukrainada urush olib borayotgan Rossiyaga nisbatan Qozog'istonda fikrlar tarqoq. Hukumat urushni ochiq qoralamagan, ammo oqlamagan ham. Iqtisodi va xavfsizligi Kreml boshliq bloklar bilan bog'liq.
G'arb Rossiyani ketma-ket sanksiyalar bilan jazolar ekan, ularning ta'siri mamlakatda qattiq sezilmoqda. Qozog'iston rasmiylari Vashington va Byusseldagi uchrashuvlarda buni ta'kidlab, Amerika va Yevropa Ittifoqidan yordam so'ramoqda. Respublikaning ta'minot tizimlari izdan chiqqan, import-eksportda uzilishlar kuzatilmoqda.
Buni ham ko'ring Iqtisodi Rossiyaga tobe Markaziy Osiyo unga qarshi sanksiyalar ta'siri ostidaAQShdagi yetakchi gazetalardan biri, "The Wall Street Journal" chop etgan maqolada "avtoritar qo'shnilar orasida, Markaziy Osiyodagi sobiq sovet mamlakatlari ichida Qozog'iston demokratiya va liberalizatsiya yo'lini tanlagan yagona davlat", degan argument olg'a suriladi.
Muallif - referendumni kuzatgan tahlilchi Komron Buxoriy. Uning qayd etilishicha, respublika super-prezident tizimidan voz kechib, erkinlashishga qaror qilgan.
Buxoriy O'zbekistondagi saylovlarni ham kuzatgan va Toshkentdan ham "O'zbekiston demokratiya tomon yo'nalgan", degan mazmunda sharhlar bergan.
"Avtoritarizm global miqyosda qayta uyg'onar ekan, AQSh Qozog'istonda tutayotgan yo'lni olqishlashi kerak", - deydi Buxoriy.
Rossiya va Xitoy ta'siriga munosib javob bermoqchi bo'lsa, deydi muallif, Amerika To'qayev bilan yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdor. "U bilan ishlash Vashingtonning strategik maqsadlariga xizmat qiladi."
Bayden ma'muriyati Qozog'iston rahbariyatini demokratiya va erkinlik tomon harakat qilishga undab keladi. Ikki davlat - uzoq yillardan beri strategik sheriklar.
AP, Reuters axborotiga ham tayanildi.