Xitoy-Markaziy Osiyo: Tashqi ishlar vazirlari hamkorlikni kengaytirishga kelishdi

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Xitoy Tashqi ishlar vaziri Van I va mintaqa bosh diplomatlari bilan Nur-Sultonda muloqot qildi, 8-iyun, 2022

7-8 iyun kunlari MarkaziY Osiyo davlatlari tashqi ishlar vazirlari Xitoy bosh diplomati bilan Nur-Sultonda muloqot olib bordi. Yil boshida bu mamlakatlarning rahbarlari onlayn anjuman o'tkazib, 30 yillik aloqalarni buyog'iga "yanayam mustahkamlashga" kelishib olgan edi. Xitoy mintaqaning har bir respublikasida eng yirik sarmoyachi.


Pekin, Toshkent, Dushanbe, Bishkek, Ashgabat va Nur-Sulton bosh diplomatlari ikki kun davomida bir davrada va ikki tomonlama muzokaralarda bo'ldi.

Buni ham ko'ring Xitoyning Markaziy va Janubiy Osiyodagi roli AQSh Kongressida muhokamada

Rasmiy bayonotlarga ko'ra, vazirlar siyosiy diaologni kengaytirish, barqarorlikni saqlash, savdo, investitsiya, moliya, ilm-fan va texnologiya, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, axborot texnologiyalari, ekologiya, yashil energiya manbalari va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik haqida gaplashib olgan.

Markaziy Osiyo va Xitoy orasida havo aloqalarini qayta yo’lga qo’yish, fuqarolar qatnovi uchun sharoitni yaxshilash, reyslarni bosqichma-bosqich tiklash, yuklar va sayyohlar oqimini koʻpaytirishga ham e'tibor qaratilgan.

Xitoy Tashqi ishalr vazirl Van I uning davlati Markaziy Osiyo xavfsiz va barqaror yashashidan manfaatdor ekanini bildirgan.

"Tomonlar Afg‘onistonni tinch yo‘l bilan tiklashga ko‘maklashish, bunda, jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar", - deyiladi Toshkent bergan ma'lumotda.

O'zbekiston hukumatiga ko'ra, "Afg‘onistonda fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishishga ko‘maklashish, gumanitar inqirozni imkon qadar tezroq yengib o‘tish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, uni jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etishdan barcha tomonlar birday manfaatdor".

Bu orada Shanxay hamkorlik tashkiloti unga hozirda raislik qilayotgan Toshkentda a'zo mamlakatlarning sog'liqni saqlash vazirlari uchun anjuman o'tkazgan. Bu hafta O'zbekiston poytaxtida tashkilot yoshlar kengashi ham yig'iladi.

Sentabr oyida esa Samarqandda blok sammiti o'tishi kutilmoqda.