15-iyul kuni O'zbekiston Oliy Majlisi tasdiqlagan maxsus komissiya ayni damda Qoraqalpog'istonda bo'lib, 1-2 iyul kunlari Nukusda yuz bergan qonli voqealar yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.
Komissiyaga Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili, Ombudsman Feruza Eshmatova bosh-qosh.
Ulardan biri A'zam Farmonov, sobiq siyosiy mahkum, hozirda Jizzaxda "Huquqiy tayanch" tashkiloti rahbari.
Yana ikki mutaxassis - Yevropada asoslangan nohukumat tashkilotlarning vakillari, xususan, Sloveniyadagi "Mintaqaviy muloqot"dan Behzod Sharipov va Shvetsiyadagi Markaziy Osiyo uyushmasidan Gulnoz Mamarasulova.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'istonda favqulodda holat nihoyasiga yetdiQoraqalpog'iston Yozuvchilar uyushmasi raisi Kenes Karimov va Qoraqalpog'iston davlat universitetidan huquqshumos Yelizaveta Kutibayeva ham jalb etilgan.
Ombudsmanning Qoraqalpog'istondagi vakili Jenisbay Shlimbetov ham komissiyaga kirgan.
Senat bayonotiga ko'ra, O‘zbekiston jamoatchiligi va jahon hamjamiyati komissiya xulosalaridan voqif qilinadi.
Nukusga parlament komissiyasi yuborilganini AQShning Toshkentdagi elchixonasi talafotlar ortidagi sabablarni o'rganish tomon ijobiy qadam, deya olqishlagan.
Biroq xalqaro "Human Rights Watch" (HRW) inson huquqlari tashkiloti nazarida, bu komissiya Qoraqalpog'istondagi haqiqatni ochib berish uchun betaraf va mustaqil guruh emas.
HRWning mintaqaviy direktori Hyu Uilyamson deydiki, komissiyaning ishi xalqaro hamjamiyat, xususan AQSh va Yevropa Ittifoqi, shuningdek, BMT undaganidek ishonchli va to'liq tekshiruv bo'lmaydi.
Boshqa ekspertlar, jumladan O'zbekiston va xorijdagi huquq himoyachilari fikricha ham bu parlament tekshiruvi xolos, uning hisobotiga "mustaqil" deb qaralmaydi.
Komissiyaga O'zbekistonda huquq himoyasi bo'yicha eng ko'p tajribaga ega "Ezgulik" Inson huquqlari jamiyati a'zolari kiritilmagan.
Buni ham ko'ring Qoraqalpoq faol: Internetni yoqing va xalqning dardini eshitingKomissiya tarafdorlari deydiki, unga xorijiy mutaxassis taklif etilmaganining sababi - bu taftishni, avvalo, O'zbekiston xalqining vakillari olib borishi kerak. Lekin ular orasida chet elda asoslangan muassasalarning vakillari borligi aslida unga yanayam ko'proq ishonch va majburiyat yuklaydi, deydi ular.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha komissariati Qoraqalpog'istondagi g'alayonlar va undan keyingi jarayonlar yuzasidan adolatni ta'minlashga chaqirib, O'zbekiston hukumatiga uning xalqaro majburiyatlarini eslatgan. Mirziyoyev ma'muriyati milliy va xalqaro qonunlar e'zozlanadi, deya va'da bergan.
Shularni nazarda turib, HRW pozitsiyasi shuki, 14 fuqaro va 4 xavfsizlik xodimining o'limiga yetaklagan voqealar izchil va xolis tekshirilishi va javobgarlar sudlanib, jazolanishi kerak.
"Ombudsmanning roli muhim, ammo bu idora hukumatdan mustaqil organ sanalmaydi. Milliy Inson huquqlari tashkilotlarining global ittifoqi (GANHRI) O'zbekiston Ombudsman idorasini B darajada baholaydi, ya'ni faqat qisman mustaqil", - deya tushuntiradi Uilyamson.
"GANHRI tahlilicha, O'zbekiston Ombudsmani yaqin o'tgan yillarda qiynoqlar, jinsiy tajovuz va qamoqdagi huquqbuzarlik bilan bog'liq qator hollarga ko'z yumgan. Ombudsmanning tayinlanishi ham mustaqil jarayon deb baholanmaydi".
Buni ham ko'ring Prokuratura: Qoraqalpog'istonda 3 milliard so'mdan oshiq zarar ko'rilganHRW eslatadiki, O'zbekistonda o'tmishda ommaviy noroziliklar yuz berganida va kuch ishlatilganida, masalan, 2005-yilning mayida Andijonda, bu voqealar mustaqil tekshirilmagan va hukumat "biz tekshirdik, masala yopildi" deb ularni chetga surishga muvaffaq bo'lgan.
Shu bois ham, deydi Uilyamson, bu safar xalqaro hamjamiyat ogohroq va talabchanroq bo'lishi lozim.
"Qoraqalpog'iston internet ulanishi, mutasaddilar esa guvohlarga bosim o'tkazmay, vaziyatni kuzatish uchun BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning mutaxassislariga eshikni ochishi lozim".
O'zbekiston Ombudsmani idorasi esa Nukusdagi voqealar bilan bog'liq har bir detalni ko'zdan kechirayotganini bildirgan.