Prezident Jo Bayden 1-avgust kuni Oq uydan turib ma'lum qilishicha, AQSh dron hujumida Afg'onistonda yashiringan al-Qoida lideri 71 yoshli Ayman al-Zavohiriyni yo'q qilingan.
"Adolat ta'minlandi", - deydi Bayden, al-Qoidani Amerikaga qarshi jinoyatlarda ayblar ekan. “Terrorist yetakchi endi yo'q".
Baydenning aytishicha, al-Zavohiriy Kobul markazida oilasi bilan bir uyda yashayotgan edi. Uni nishonga olishga Amerika rahbari o'tgan hafta buyruq bergan. Operatsiya 31-iyul kuni amalga oshirilgan.
AQSh kuchlari Afg'onistonni tark etganidan bir yil o'tib, Oq uy bunday harakat qilishi Vashington hamon bu mamlakatda harbiy qadamlar tashlay olishini ko'rsatadi.
Bayden deydiki, tahdid manbai aniqlansa, Amerika albatta chora ko'radi. Al-Zavohiriyning yo'q qilinishidan boshqa terrorchilar saboq olsin, deydi u. "Biz sizni ham yo'q qilamiz".
Al-Zavohiriy 1998-yildan 2011-yilgacha al-Qoida rahbarining o'rinbosari bo'lgan. Osama bin Laden va al-Zavohiriy guruhning asosiy nishoni va dushmani Amerika deb e'lon qilgan edi. 2001-yilning 11-sentabrida AQShda 3000 ga yaqin odamni o'ldirgan terror xurujlarini ular eng ulkan zafarlar deb atagan.
Al-Zavohiriyning o'ldirilishini muvaffaqiyatli kontrterrorizm amaliyoti, deydi rasmiylar.
"Al-Zavohiriydan boshqa hech kimga tegilmagan, biror fuqaroga zarar yetmagan", - deydi Bayden.
Al-Zavohiriy oilasi yashagan xonadon Tolibon liderlaridan biri Sirojiddin Haqqoniyga yaqin odamning mulki ekani aniqlangan.
Markaziy Razvedka Agentligining Afg'onistondagi agentlari va texnologik vositalar orqali Al-Zavohiriy haqiqatan ham o'lgani isbotlangan. Razvedka rasmiylariga ko'ra, amaliyot ustida olti oy ter to'kilgan va oxirgi ikki oy ayniqsa intensiv kechgan.
Pentagonda bosh harbiy, general Mark Milli deydiki, AQSh Afg'onistondan chiqib ketganidan beri al-Qoida ancha yengil nafas ola boshlagan va kuchini qayta yig'ishga tushgan. Kobuldagi yangi rahbarlar qanchalik va'da qilmasin, deydi Milli, terrorchilarga yetarlicha bosim ko'rsatmayapti. Al-Qoida hamon Amerikani nishonga olishga urinadi, deydi general.
Al-Zavohiriy uzoq yillardan beri qidiruvda edi. Amerika hukumati uni ushlash yoki o'ldirishda yordam bergan axborot uchun 25 million dollarlik mukofot ham va'da qilgan edi.
Shifokorlik diplomiga ega misrlik Al-Zavohiriy al-Qoidaga G'arbni yer tishlatish uchun qo'shilgan minglab insonlardan biri. Ekspertlar qayd etishicha, guruhda misrliklar salmoqli sonda bo'lgan, ular asosan siyosiy va texnik maslahatchilar va strateglar vazifasini o'tagan.
Buni ham ko'ring Bayden: Afg'onistondan chiqish muvaffaqiyatli kechdiAl-Zavohiriy al-Qoidani global tarmoqqa aylantirishda eng muhim rol o'ynagan shaxs deb ko'riladi. Uning yetakchiligida Iroq, Saudiya Arabistoni, Shimoliy Afrika, Somali, Yaman va Osiyoda terrorchi tashkilotning bo'limlari paydo bo'lgan. Yevropa mamlakatlari, Turkiya va Pokistondagi o'nlab xurujlar uning ko'rsatmalari asosida rejalangan.
Biroq bin Laden o'limidan keyin al-Zavohiriy al-Qoidani moliyaviy va mafkuraviy jihatdan boshqarishga qiynalgani ham ma'lum. Yaqin Shardagi radikallarning yangi avlodlari al-Qoida izidan bormay, o'z yangi tashkilotlarni boshlagan yoki bin Laden o'gitlariga bosh egmagan.
Al-Qoida faoliyatini o'rgangan mutaxassislarning tahlilicha, bin Laden diplomatiik va xarizmatik lider hisoblangan bo'lsa, al-Zavohiriy jahldor, alamzada va asabi buzuq rahbar deb ko'rilgan.
"Men al-Zavohiriydan buyruq olmayman, unga ergashmayman”, - deb yozgan Fazul Abdulla Mohammad, al-Qoidaning Sharqiy Afrikadagi rahbari. 2011-yilda halok bo'lgan bu terrorchi 2009-yilda internetda chiqqan memuarida bin Ladenni yagona lider deb qayd etgan.
Prezident Bayden deydiki, terrorchilarni o'ldirish uchun urush e'lon qilish yoki biror mamlakatga qo'shin yuborish shart emas.
“Biz misli ko'rilmagan imkoniyatlarga egamiz. Terroristlarni Amerika askarlarini safarbar etmay yoki juda oz sonda kuchlarni ishga solgan holda yo'q qilishga qodirmiz", - deydi prezident.
Al-Zavohiriy aslida allaqachon o'lgan degan mish-mishlar azaldan bo'lgan, ammo shu yilning aprel oyida chiqqan videoda u tirik ekanini ko'rsatib, Hindistonda hijobni yechmaslik uchun kurashayotgan ayollarni maqtagan edi.
Afg'onistonda Tolibon hukumati AQSh kecha dron hujum qilganini tasdiqlagan, ammo unda kim o'ldirilgani haqida lom-mim demagan.
Tolibon Vashingtonni Afg'oniston zaminida bunday operatsiyalar olib borganini xalqaro qonunlarga zid harakat deb ta'riflagan.