Kanada: “Do’st” brendi ostida tanilayotgan velosipedlar

  • Amerika Ovozi

O’zbekistonlik Sanjar Ataxanov Kanadada elektr velosipedlar ishlab chiqaruvchi kompaniya ochgan. “Do’st” nomi ostida mahsulot Kanada va AQSh bo’ylab sotilmoqda. Sanjarning orzusi - “Do’st” velosipedlarini global brendga aylantirish.

“Omborimizga xush kelibsiz. Velosipedlar ortilgan konteynerlarimiz shu yerga tushiriladi, - deydi Sanjar “Amerika Ovozi” bilan suhbatda. – Hozir bo’m-bo’sh, chunki borini sotib bo’ldik. Mahsulotimizning bozori chaqqon. Velosipedlarning keyingi partiyasi kelganida ombor yana to’ladi va ularni Shimoliy Amerika bo’ylab tarqatamiz”.

Your browser doesn’t support HTML5

Vatandoshlar ochgan bizneslar: “Do’st” velosipedlari, Kanada

Sanjar Ataxanov tadbirkorlik faoliyatini 2012-yilda boshlagan. O’zbekistonda yashagan davrida ham velosiped haydashga ishtiyoqi kuchli edi. Kanadada u o’zining elektr velosiped ishlab chiqaruvchi biznesini yo’lga qo’ygan.

Kompaniyamga 2019-yilda asos solganman, unga ona tilimizdan “Do’st” deb nom qo’ydim, biz ishlab chiqaradigan elektr velosipedlarning ham nomi shunday, deydi suhbatdosh.

“Umuman olganda, hali O’zbekistondaligimdayoq, yoshligimdan velosidepga mehr qo’ygandim. 2006-yilda Kanadaga ko’chib kelganimizdan keyin ochiq havoda velosipedda sayr qilish men va oilam uchun hayot tarziga aylandi. Ayniqsa tog’ velosipedlari jon-u dilim!”

“Hammasi nimadan boshlandi, bilasizmi? Har qanday tog’ velosipedchisi singari men ham bir kuni yiqilib tushdim va jarohat oldim. Jarohat olgandan keyin nima qilasiz? Oyoqqa turasiz, sevimli mashg’ulotingizga qaytishga harakat qilasiz. Yangi velosiped kerak. O’shanda velosiped yasashga kirishdim. Ilk shunday kompaniyani 2012-yilda ochganman. So’ng yana birini yuritdim va bugun mana “Do’st” kompaniyasini o’zim mustaqil boshladim”, - deydi Sanjar.

Buni ham ko'ring Vatandoshlar ochgan bizneslar: “Toshkent” do’koni, Kaliforniya

“Mijozlarimiz – asosan katta yoshdagi odamlar. Tos suyagi bilan muammosi bo’lgan, yillardan buyon velosiped haydamagan demografiya bilan ishlaymiz. Velosipedni o’zlariga moslab olish imkoniyati ularga juda ma’qul. Istashsa sumka, ikkita batereya, qulf va boshqa aksessuarlar o’rnatib beramiz. Bizning velosiped sayohat qilishga, ochiq havoda dam olishga mo’ljallangan”.

Bu biznesni boshlayotganda, deydi u, bir narsa e’tiborimni tortdi, ya’ni ota-onam yoshidagi odamlar bizning texnologiyaga yoshlarga qaraganda ko’proq qiziqish bildirdi.

“Mijozlarimizning asosiy segmenti katta yoshdagilar ekanini o’shanda angladim. Aytmoqchimanki, velosiped qurayotganda birinchi navbatda undan kim foydalanishini, mijozni aniqlab olishingiz kerak. U qachon va nima maqsadda ishlatiladi? Shunga qarab ish tutdik va “Do’st” paydo bo’ldi”.

Velosiped bozorida raqobat kuchli ekan, mahsulot boshqalarnikidan ajralib turishi o’ta muhim.

“Elektr velosipedlar haqida gap ketganda, mijozlar beradigan birinchi savol: bitta zaryad bilan u qancha yo’l bosadi? Biz ikkita batereyali tizimni yo’lga qo’ydik. Ikki batareyaning kuchi sizga 180 kilometrgacha yo’l bosib o’tish imkonini beradi. Velosiped uchun kattagina masofa. Yana bir ustunligimiz shundaki, mijozga an’anaviy zanjir o’rniga orqa g’ildirakni harakatga keltiruvchi tasma o’rnatilgan velosipedlar taklif qilamiz. Bu innovatsiya xuddiki avtomobilda mexanik uzatmalar qutisidan avtomatik transmissiyaga o’tishga o’xshaydi. Bu texnologiya hozir velosiped sanoatiga ham kirib kelmoqda”, - deya tushuntiradi suhbatdosh.

“30 yildan buyon Vankuver atrofida yelkanli qayiqda suzaman. Ajoyib orollar bor. Lekin ularni velosipedda kezmagan edim, tepaliklar meni biroz qo’rqitardi. Hozir esa “Do’st” velosipedim bor, qayiqda o’zim bilan olib ketaman. Bu men uchun yangi dunyoni ochib berdi”, - deydi “Do’st” velosipedi xaridorlaridan biri Jeki.

Buni ham ko'ring Denverda go’zallik saloni ochgan qozog’istonlik tadbirkor

“Do’st” velosipedlari sharofati bilan 68 yoshimda haliyam veloturlarga chiqib turibman. O’tgan yili Sietldan Sinsinnattiga velosipedda bordim, Rokki tog’lari bo’ylab 6700 kilometr, yuk bilan. Bu yili yana minglab kilometr yo’l bosayapman. “Do’st” velosipedi bilan”, - deydi Robert Linz ismli yana bir xaridor.

Velosiped nafaqat organizmni mashq qildirish uchun kerak, balki u transport vositasi hamdir, deydi Sanjar.

“Elektr velosipedlarni nafaqat dam olish kunlarida sayr uchun, xushmanzara joylarni kezish uchun ishlatish mumkin. U sizni istagan joyga olib boradi, ikkinchi mashina o’rnini bosishi ham mumkin. Elektr velosipedlarni shu bois yaxshi ko’raman”, - deydi kompaniya rahbari.

Do’st” kompaniyasini kelajakda nima kutayapti?

“Uni global brendga aylantirish, - deydi Sanjar Ataxanov. – Investorlardan mablag’ jalb qilaman, komandani kengaytiramiz. Hozir 20 kishimiz. Amerikada ofis ochish niyatimiz bor, Yevropada ham. Eng muhimi, o’zimizning mijozlar segmenti uchun velosipedlar ishlab chiqarishda, mahsulotni mukammallashtirishda davom etamiz”.

“Muhojir oilalarga, Shimoliy Amerikaga, xususan, Kanadaga kelayotgan talabalarga maslahatim shuki, o’zingizga ishoning, yordam so’rab odamlarga murojaat qilishdan qo’rqmang. Bu yerda imkoniyatlar bisyor. Atrofdagilardan ko’p narsani o’rgansa bo’ladi”.