Bayden Rossiyani terror homiysi deb belgilash da’vatlarini rad etdi

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Rossiyani terrorizm homiysi deb belgilamaslik to’g’risida yakuniy qaror qabul qildi, deya bildirmoqda Oq uy, chunki bunday harakat teskari natija berishi va kutilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Qaror AQSh Kongressi va xorijiy davlatlar poytaxtlarida Rossiyani qora ro’yxatga qo’shish yoki qo’shmaslik to’g’risidagi bir necha oylik qizg’in munozaralarga yakun yasadi. Ro’yxatga hozirda Kuba, Eron, Shimoliy Koreya va Suriya kiritilgan.

AQSh davlat kotibi “xalqaro terrorchilik harakatlarini qayta-qayta qo’llab-quvvatlagan” mamlakatni terror homiysi deb belgilashi mumkin. Bunday tamg’a davlatni “yakka moxovga” aylantirib, AQSh yordamini cheklaydi, harbiy mahsulotlar eksportini taqiqlaydi, harbiy va noharbiy maqsadda ishlatilishi mumkin bo’lgan mahsulotlar savdosi ustidan nazoratni kuchaytiradi.

Oq uy matbuot kotibi Karin Jan-Pyer prezident qarorini shunday tushuntirdi:

“Bunday qadam Ukraina va butun dunyo uchun kutilmagan oqibatlarga olib kelishi, biz gaplashgan nohukumat tashkilotlar va ekspertlarga ko’ra, Ukraina hududlariga yordam yetkazish imkoniyatlarini jiddiy cheklanishi mumkin. Bundan tashqari, global oziq-ovqat inqirozini yumshatishga yordam berayotgan gumanitar va tijoriy tashkilotlarni chetlashtiradi, Ukrainaning million tonnadan ortiq oziq-ovqatini boshqa davlatlarga yetkazgan Qora dengiz portlari bo’yicha kelishuvni xavf ostiga qo’yadi”.

Pyerning aytishicha, Vashington Vladimir Putinni jazolash bo’yicha ko’p tomonlama hamkorlik davom etishini, Ukrainani muzokara stolida qo’llab-quvvatlash imkoniyatini saqlab qolishni istaydi. Shu bois Rossiyani terrorizm homiysi deb belgilash, Oq uy nazarida, samarali yo’l emas.

Yoqlovchilar

Shu hafta Rossiya qo’shinlari nazoratidagi Zarporojye atom elektrostansiyasi atrofidagi to’qnashuvlar ketidan Ukraina rahbari Zelenskiy yana bir bor Rossiyani qora ro’yxatga qo’shishga chaqirdi.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossiga ko’ra, “olti reaktorli stansiyaga ta’sir qiladigan har qanday eskalatsiya jiddiy yadroviy avariyaga, Ukraina va boshqa joylarda inson salomatligi va atrof-muhit uchun og’ir radiologik oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

“Stansiya hududi o’qqa tutilayotgani shuni anglatadiki, terrorchi davlatning xalqaro agentlik fikri va xalqaro hamjamiyatning qarorlari bilan ishi yo’q. Rossiya vaziyatni imkon qadar uzoq vaqt eng yomon holatda ushlab turishdan manfaatdor. Sanksiyalarni kuchaytirish, Rossiyani terroristik davlat sifatida rasman belgilash kerak”, - deydi Zelenskiy.

O’tgan oy Latviya parlamenti Rossiyaga shunday tamg’a bosib, boshqa davlatlarni ham shunga undamoqda.

Masala AQSh Kongressida ham qizg’in muhokamada. Iyulda qabul qilingan rezolyutsiyada bir guruh senatorlar Rossiyani siyosiy raqiblari va xorijiy hukumatlarga qarshi terrorchilik harakatlarini amalga oshirayotgan davlat deb tasvirlaydi.

Hujjatda Kreml Checheniston, Gruziya, Ukraina, Suriya va dunyoning boshqa chekkalarida agressiyada ayblanadi, “Vagner” deb nomlangan yollanma askarlardan foydalanishi qayd etiladi.

“Rossiyani terror homiysi deb belgilashni AQSh Senati bir ovozdan qo’llab-quvvatlaydi. Belgilang", - deydi senator Linzi Grem Baydenga qarata.

Uning aytishicha, Kongressda bunday hamjihatlik kamdan-kam uchraydigan holatdir.

“Senatda 100 tan ovoz oladigan biror masala bor deb o’ylamagan edi. Bor ekan”.

Richard Blumental – rezolyutsiya mualliflaridan biri.

“Terror homiysi deb belgilash Rossiyani Suriya, Eron va Kuba kabi madaniyatdan tashqarida bo’lgan davlatlardan iborat tor ro’yxatga qo’shadi. Bular moxov davlatlar. Ukraina va boshqa mamlakatlarda qilgan ishlari uchun Rossiya ham shunga loyiq”, - deydi u.

AQSh razvedkasiga ko’ra, Rossiya ro’yxatdagi davlatdan - Shimoliy Koreyadan Ukrainada ishlatish uchun raketalar va artilleriya snaryadlari sotib olmoqda.

Qarshilar

Kreml so’zlovchisi Dmitriy Peskovning aytishicha, qora ro’yxat mavzusi o’rtaga chiqayotganining o’zi “dahshatli”.

“AQSh prezidentining javobini olqishlaymiz”, - deydi u. Bunday qadam munosabatlarni iliqlashtirishga xizmat qilmaydi, deya qo’shadi Peskov.

AQSh rasmiylarining qayd etishicha, Rossiya shundoq ham jiddiy sanksiyalar bosimi ostida.

“Hozirgi standart bo’yicha Myanma, Xitoy, Eritreya, Turkmaniston, Pokiston, Ruanda, Nigeriya va Zimbabveni ham ro’yxatga kiritish mumkin. AQShning qator ittifoqchilari ham bu ro’yxatga kirishga loyiq, masalan Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Turkiya, Misr va Saudiya Arabistoni. Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tanqidchilarini o’ldirish va parchalash bilan tanilgan. Repressiv qirollik xalqaro miqyosda hatto Rossiyadan ham ko’proq odamni o’ldirgan”, - deydi Vashingtondagi Kato institutidan Dag Bando.

Uning fikricha, “Putin rejimi yovuz, lekin terrorizm homiysi emas”.

Uchinchi taraf

Tahlilchilar deydiki, masalani faqat oq va qora ranglarda ko’rmaslik lozim. Xalqaro inqirozlar guruhi tadqiqotchisi Delani Saymon AQSh va Rossiya qator platformalarda, jumladan BMT Xavfsizlik Kengashida hamkorlik qilishini eslatadi.

“Terrorizm homiysi deb atalmish boshqa hech bir davlat xalqaro tizimda xuddi shunday rolga ega emas. [Tamg’a] ko’p tomonlama diplomatiyani murakkablashtiradi. Putinning bayonotlaridan bilamizki, u bunga eskalatsiya deb qarab, aloqalarni uzadi”, - deydi Saymon.

Rossiya qora ro’yxatdan joy olishi, deydi suhbatdosh, Rossiyani AQShda suveren immunitetidan mahrum qilib, amerikaliklarning Rossiya hukumati ustidan sudga arz qilishiga yo’l ochadi. Sud ishlari yillarga cho’zilishi mumkin.

Keyinchalik Rossiyani bu ro’yxatdan chiqarish ham oson bo’lmaydi.

“Tamg’a olib tashlanishi uchun qonun bo’yicha qator shartlar bajarilishi kerak. Shulardan biri – davlat rahbariyati va siyosatida tub o’zgarishlar. [Rossiyada] bunday bo’lishini kutish qiyin. Bayden ma’muriyati ham bunday o’zgarishlarga chaqirayotganini ko’rmayapmiz”, - deydi Saymon.

Agar maqsad Ukrainadagi urushni tugatish bo’lsa, deydi u, Rossiyani terror homiysi deb belgilash bilan bunga erishib bo’lmaydi.