Shanxay tashkiloti xitoycha yumshoq siyosatning muvaffaqiyatimi?

Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) sammitiga hozirlik nafaqat Samarqand qamal holatiga olingani, xavfsizlik darajasi o’ta kuchaytirilgani, balki anjuman doirasida kutilayotgan bayonotlar, qarorlar bilan ham O’zbekiston yirik siyosiy voqelik markaziga aylanayotganini ko’rsatadi.

Xitoy yetakchilik qilayotgan bu tuzilmada O’zbekiston qudrat emas. Hozirgacha bu tashkilot Xitoyning Markaziy Osiyodagi ishtiroki, siyosatini muvofiqlashtiruvchi tuzilma vazifasini o’tab keldi.

Rossiya ShHTning azaliy a’zolaridan biri, ammo tashkilot safidagi Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini boshqa bir tuzilma, Yevrosiyo ittifoqi doirasida yuritadi. ShHTdagi ishtiroki bu borada hal qiluvchi emas.

ShHT tarixiga nazar tashlash Pekin tomonidan 20 yillar muqaddam bu tashkilotga yuklangan vazifa mutlaqo uddalanganini, bugunga kelib Xitoy Markaziy Osiyodagi asosiy qudratga aylanganini ko’rsatadi.

Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O’zbekiston bu tashkilotga qo’shilishdan nima yutgani esa bahsli masala.

Buni ham ko'ring Samarqandda Shanxay tashkiloti sammitiga tayyorgarlik

Xitoy kapitalining Markaziy Osiyo iqtisodiyotini egallayotgani bu tuzilma doirasida emas, Pekinning ikki tomonlama aloqalarga asoslangan iqtisodiy siyosati doirasida amalga oshdi.

Ikki tomonlama aloqalar uchun umumiy soyabon bo’lmish ShHT Pekinning siyosiy qarashlari, xususan, Tayvan masalasidagi “yagona Xitoy” pozitsiyasi, Sharqiy Turkiston, uyg’urlar bo’yicha terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash manfaatlarini ifodalab keldi.

Ayni paytdagi geosiyosiy reallik Xitoy iqtisodiy ekspansiyada ham, siyosiy qutbda ham Markaziy Osiyoni o’z izmiga bo’ysundirganini, xitoycha yumshoqlik mintaqa davlatlarini Xitoy qudrati asiriga aylantirganini ko’rsatmoqda.

ShHTga yuklangan Markaziy Osiyo missiyasi yakunlanar ekan, tashkilotni global siyosiy maydonga olib chiqish harakati boshlandi, Osiyodagi yirik davlatlar Pokiston va Hindiston tashkilotga qo’shib olindi.

Samarqandda kutilayotgan sammit ShHT doirasini yana kengaytiradi. Yaqin Sharqdagi yirik davlatlardan sanalgan Eron tashkilotga a’zo sifatida qabul qilinadi, Belarusga kuzatuvchi davlat maqomi beriladi.

Sammitga mehmon sifatida taklif qilingan yetakchilar ro’yxati siyosiy muvofiqlashishga harakatdan darakdek: Prezident Toyib Erdog’an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston yetakchisi Nikol Pashinyan, Turkmaniston Prezidenti Sardor Berdimuhamedov.

Ayrim tasdiqlanmagan xabarlarga ko’ra, Samarqanddagi anjumanga mehmon sifatida taklif qilingan yetakchilar qatorida Suriya Prezidenti Bashir Assad va Saudiya Arabistoni shahzodasi ham bor.

ShHT Xitoy va Markaziy Osiyodan iborat mintaqaviy tashkilotdan global tuzilmaga aylanib borar ekan, tashkilot asoschilari qatorida bo’lgan Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston va O’zbekiston kabi davlatlar yangi qudratlar ishtirokida shakllangan siyosiy qutbda bo’lishini ham anglatadi.

Buni ham ko'ring O’zbekistonda aksilg’arbiy koalitsiya yig’ilayaptimi?

ShHT G’arbga qarshi siyosiy blokka aylanayotgani ayni paytda tashkilotga raislik qilayotgan O’zbekiston vakili, ShHT bo’yicha milliy muvofiqlashtiruvchi Rahmatulla Nurimbetov tomonidan rad etilayotgan bo’lsa-da, Samarqandda siyosiy blok to’planayotgani siyosatshunoslar muhokamasidagi mavzu.

“Amerika Ovozi” Samarqanddagi sammit G’arbga qarshi siyosiy blokka aylanishi ehtimoli borasida ancha avval to’xtalgan edi.

Ammo ShHTning aksilg’arbiy blokka aylanishi istiqboli, tashkilotga a’zo davlatlar tashqi siyosatidan kelib chiqqan holda, shubhali ham baholanadi.

Siyosatshunos Farhod Tolipov nazarida ShHTda geosiyosiy o’lcham bor. Yangi a’zolar qabul qilinishi barobarida bu o’lcham yanada keskinlashib bormoqda, ammo bu ko’plab ekspertlar ta’kidlayotganidek aksilg’arbiy blok emas.

“Tashkilotdagi ikki yirik qudrat - Xitoy, Rossiya tabiiy ravishda geosiyosiy darajadagi bayonotlar qiladi, chunki bu davlatlarning siyosiy maydondagi o’rni yirik. Ammo bu bayonotlar ShHT a’zolarining muvofiqlashgan pozitsiyasi emas. Deylik, ShHT a’zosi O’zbekistonga to’xtaydigan bo’lsak, O’zbekiston AQSh bilan strategik sherik davlat. Strategik hamkorlik yuqori darajadagi ishonchli hamkorlikni anglatadi. O’zbekistonning ShHT doirasida aksilg'arbiy blokka qo’shilishi uning tashqi siyosatiga to’g’ri kelmaydi. Bu kabi holatni boshqa a’zo davlatlar to’g’risida ham aytish mumkin. Albatta, tashkilotda G’arbga nisbatan keskin kayfiyatdagi davlatlar bor, Eron qo’shilishi bilan ular safi kengayadi. Ammo bu boshqa a’zolarning pozitsiyasini ifoda etmaydi. Shuning uchun ham men ShHTni siyosiy yoki harbiy blokka aylanish istiqbolini shubhali baholayman. Shunday qilingan taqdirda, tashkilotning o’zida muammolar boshlanadi. ShHT istiqboli asosan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda bo’lishi kerak. Tashkilotning hamma a’zolari ham uning global blokka aylanishidan manfaatdor emas”, - deydi Tolipov.