AQSh, Xitoy til topishishga majbur, deydi Blinken

  • Amerika Ovozi

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Kaliforniya shtatidagi Stenford universitetida, 17-oktabr, 2022

AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken nazarida Xitoy qanchalik qudratli va keskin raqobatdosh bo'lmasin, Amerika bilan cheksiz o'zaro manfaatlarga ega va Pekin ularni himoya qilish uchun Vashington bilan ishlashga moyil. Xususan, deydi Blinken, iqlimdagi salbiy o'zgarishlarga qarshi kurashda hamda sog'liqni saqlashda.

Bosh diplomat, shuningdek, Tayvan va uning atrofida beqarorlik bo'lmaydi, degan umidda. Bayden ma'muriyati Xitoyning bu hududdagi harbiy faoliyatini xavotir bilan kuzatmoqda.

Xitoy 20-asrning o'rtalaridan beri Tayvan bilan to'qnashmagan va uning mustaqillik e'lon qilib, alohida davlat sifatida harakatlariga qurolli javob bermagan. Lekin Pekin Tayvan uning hududi ekanini bot-bot eslatib turadi. Vashington gumon qilishicha, Pekin harbiy chora rejalamoqda.

Bu oy Kommunistik partiya Si Zinpinni yana besh yil prezidentlikda qoldirish qarorini ma'qullashi kutilmoqda. Si uchun bu uchinchi muddat bo'ladi.

Kaliforniya universitetining Stenford universitetidagi muloqotda Blinken deydiki:

“Si Zinpin rahbarligida Xitoyda repressiya kuchaydi. Bu davlat xorijda ham agressivlashdi. Bugungi Xitoy bizning manfaatlarimiz va qadriyatlarimizga to'g'ridan-to'g'ri raxna solmoqda", - deydi Blinken.

Oq uy yaqinda e'lon qilgan xavfsizlik strategiyasida Pekinni asosiy raqib deya e'tirof etadi.

Davlat kotini Entoni Blinken Stenford universitetida sobiq davlat kotibi Kondoliza Rays bilan muloqotda, 17-oktabr, 2022

Iqlim va salomatlik masalalarida birga ishlamaslik AQSh va Xitoyga birdek qimmatga tushadi, deydi Blinken. Dunyoning eng yirik ikki iqtisodiy tizimi hamkorlik qilishga majbur.

Yaqinda Pekinda Si partiyadoshlari oldida so'zlar ekan, 15 asosiy maqsadini tushuntirdi, jumladan xavfsizlik va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash rejasini.

Si Xitoy harbiy salohiyatini oshirmoqchi hamda Tayvanni mutlaq Pekin izniga o'tkazmoqchi.

Bu esa tinchlikka tahdid, deydi Blinken. Vashington Tayvanni mustaqil davlat deb tan olmasa-da, uni quvvatlaydi va yaqindan biznes qiladi.

Pekin qurolli harakat boshlasa, Amerikaga ta'siri katta bo'ladi, deydi AQSh bosh diplomati.

“Tayvan va uning atrofidan har kuni yirik miqdorda yuk tashilar ekan, hudud tinchligi tijorat uchun o'ta muhim. U yerlar beqarorlashishi jahon iqtisodiyotiga ulkan zarar keltirishi mumkin".

Jahondagi eng katta kemalarning 90 foizga yaqini ayni damda Tayvan bo'g'ozidan o'tadi.

Tayvan bo'g'ozida suzayotgan AQSh harbiy kemalari, 27-avgust, 2021

Tayvanda texnologik sanoat rivojlangan va mahsulotlarini butun dunyoga sotadi.

Vashingtonning Uilson markazidan tahlilchi Robert Deyli ta'kidlashicha, Si davrida Xitoy avtoritarizmdan texno-totalitar tuzumga aylanmoqda.

Deyli yaqin yillarda bu mamlakat mafkuraviy jihatdan yanada yopiladi, deb taxmin qiladi.

Uning xulosa qilishicha, AQSh-Xitoy aloqalari hozir bag'oyat sovuqlashgan.

Xitoyshunos ekspert Mayls Yu fikricha, Si qudratda qolishi Vashingtonni ajablantirmaydi va kelasi besh yil hozirgi jarayonlarning davomi bo'ladi, "misli ko'rilmagan yangiliklar kuta olmaymiz".

“Si Zinpin hokimiyatda qolib, diktaturasini mustahkamlashga intilsa, unga qarshi chiqadigan kuch yo'q", - deydi Yu.

Senatorlar Bob Menendez va Jim Rish esa AQSh Xitoy bilan bellashuvga jiddiyroq kirishishi lozim, deya undamoqda, Pekinning xalqaro qonun va normalarni buzishiga aslo ko'z yummaslik kerak.