Afg‘oniston poytaxtida bir guruh ayollar Kobul universiteti yotoqxonasidan o‘nlab talaba qizlarning chiqarib yuborilishiga qarshi norozilik namoyishi o‘tkazdi.
Namoyishchilar universitet shaharchasi tashqarisida to‘planib, “Ta’lim bizning qizil chizig‘imiz” va “Sukut – xiyonatdir” degan shiorlarni ko’tarib chiqqan.
Miting ishtirokchilarining aytishicha, Tolibon nazoratidagi Oliy ta'lim vazirligi so'nggi bir necha kun ichida kamida 40 nafar talaba qizni mamlakatdagi eng qadimgi va eng obro’li oliy ta’lim muassasalaridan biri bo'lgan o’quv yurtidan haydagan.
Yakshanba kuni vazirlik bayonotida universitet qoidalarini buzgani uchun bir necha ayol yotoqxonadan chiqarib yuborilgani tasdiqlangan, biroq boshqa tafsilotlar berilmagan.
Seshanba kungi namoyishda qatnashgan Liliya Basim ismli ayolning "Amerika Ovozi" bilan suhbatda aytishicha, talabalar Kaaj ta'lim markaziga qilingan hujumga qarshi namoyishda qatnashgani uchun shu tariqa jazolangan.
30-sentabr kuni Kobul g‘arbidagi xususiy maktabda sodir etilgan portlashda 53 kishi, jumladan, 46 qiz va ayol halok bo‘lgan edi. Hodisada yana 110 kishi, asosan, ayollar yaralangan.
Bu xurujdan ko‘p o‘tmay bir qancha yirik shaharlarda, jumladan, Kobulda ko’plab ayol-qizlar ko‘chalarga chiqib, qurbonlar uchun adolat istab namoyish o’tkazdi.
Buni ham ko'ring Tolibon: Hukumatimizda butun jamiyat o'z ifodasini topganTolibon portlash bo’yicha tergov davom etayotganini aytdi. Hozircha hech bir guruh xuruj uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgani yo’q.
Tolibon 2021-yil avgustida Afg‘onistonda hokimiyatni qayta qo’lga kiritgach, urushdan vayron bo‘lgan mamlakatni boshqarish uchun faqat erkaklardan iborat muvaqqat ma’muriyat tuzdi. Hozirgacha hech bir davlat Tolibon hukumatini tan olgani yo’q.
Tolibon hokimiyatga kelishi bilan ayollarga bir qator cheklovlar qo‘ydi; ularning ish va ta’lim olish imkoniyatini cheklab qo‘ydi. Aksariyat davlat idoralarida ayol xodimlarga uyda qolish ko'rsatmasi berilgan va ayol jurnalistlarga televizorda yuzlarini yopib chiqish buyurilgan.
Mamlakat boʻylab davlat va xususiy universitetlar ayollar uchun ochiq boʻlsa-da, 7-sinfdan 12-sinfgacha boʻlgan oʻsmir qizlarning maktabga borishi taqiqlab qoʻyildi. Tolibon buni maktablarda qizlar uchun sharoit yo’qligi bilan izohlamoqda.
Seshanba kungi namoyish Tolibon yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda Nada Muhammad Nadimni oliy taʼlim vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlaganidan bir kun oʻtib ro’y berdi. Nadim Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan xorijga chiqishi taqiqlangan vazirlar qatorida bo‘lgan Abdul Boqiy Haqqoniy o‘rnini egalladi.
Xalqaro hamjamiyat Tolibonni afg'onlarning, xususan, ayollar va qizlarning huquqlarini cheklovchi siyosat va amaliyotlarni o'zgartirishga undab kelmoqda.
Buni ham ko'ring AQSh senatori: Afg'on xalqi, ayollari azob-uqubatiga befarq emasmizGuruh esa o’z siyosatining afgʻon madaniyati va islomiy amrlarga mos ekanini aytmoqda.
O'tgan hafta Qo'shma Shtatlar afg'on ayollari va qizlarining huquqlarini cheklovchi siyosat va zo'ravonlik uchun "mas'ul bo'lgan yoki shunday ishlarga sherik bo'lgan" Tolibon harakatining amaldagi yoki sobiq bir qator rahbarlariga jazo tariqasida yangi viza cheklovlari joriy qilinishini e'lon qildi. Vashington oʻz ittifoqchilarini ham shunday yoʻl tutishga chaqirdi.
Tolibon AQShning bu harakatini ikki tomonlama aloqalar istiqboliga to’siq sifatida qoraladi.
O‘tgan hafta Oxuzoda AQShning yangi sanksiyalariga javoban audiomurojaat e’lon qilib, uning hukumati “dunyo bilan shariat va xalq manfaatlari doirasida muloqot qilishga tayyor”ligini yana bir bor ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, chet el bosimlaridan qat’i nazar, afg‘on olimlari Kobulda AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlangan sobiq hukumat so‘nggi 20 yil davomida qabul qilgan barcha qonunlarni shariatga moslashtirish ishini davom ettiradi.
Tolibon hukumati, shuningdek, bu yil qizlarning qurilish muhandisligi, jurnalistika, veterinariya, qishloq xo‘jaligi va geologiya kabi keng ko‘lamli fanlar bo‘yicha universitetga kirish imtihonlarini topshirishlariga to‘siq qo‘ydi. Guruh bu kasblarning ayollar uchun og’ir soha ekanini vaj qilib ko’rsatgan.
Your browser doesn’t support HTML5
“Bolalarni asrang” tashkilotining so‘nggi hisobotiga ko‘ra, Afg‘onistonda ta’lim tizimi Tolibon hokimiyatga qaytganidan beri yomonlashgan. Bu bolalar kelajagiga, xususan, qizlarning kelajagiga xavf tug‘diradi.
"O'rta maktab o'quvchilarining aksariyati - 1,1 milliondan 850 mingga yaqini - darslarga qatnashmayapti", - deyiladi tashkilot hisobotida.