Rossiya qamog'idagi o’zbekistonliklar Ukrainada jang qilmoqdami?

Kupyansk, Xarkov, Ukraina, 23-sentabr, 2022

Mordoviyadagi qamoqxonadan urushga yollangan 100 dan oshiq mahkumning yarmidan ko’pi xorijliklar, deb yozadi bu borada surishtiruv o’tkazgan Noyava gazeta. Yevropa nashri.

“Vagner” kompaniyasi tomonidan yollangan bu odamlar, deyiladi manbada, sentabr oyida Ukrainaga jo’natilgan. Nashr bu mahbuslarning shaxsini aniqlashga muvaffaq bo’lgan.

Ukrainaga jo’natilgan mahkumlar orasida O’zbekiston fuqarolari ekanligi ta’kidlanayotgan Baxtiyor Quvondiqov, Kuralbek Qo’chqorov, Islombek Sobirov, Azamat Zulonov, Sardor Zokirov, Nasimxon Mavlonov va Sarvarjon Mamziyodovlar bor.

Giyohvand moddalar savdosida aybdor deb topilib, bir necha yilga qamalgan bu o’zbekistonliklar Rossiyaning Mordoviya respublikasidagi 17-qamoqxonada jazo muddatini o’tayotgan bo'lgan.

“Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi Rossiya rahbari Vladimir Putinning yaqin safdoshi sifatida tanilgan biznesmen Yevgeniy Prigojinga tegishli.

Bu harbiy kompaniya Ukraina urushiga jalb qilinib, ayni paytda Baxmut shahrini egallash uchun kechayotgan janglarda qatnashyapti, og’ir talafotlar bermoqda.

Ukraina askarlari, Xarkov, 25-oktabr, 2022

Huquq himoyachilari Ukrainada urush boshlanganidan buyon “Vagner” tomonidan yollangan mahkumlar va mahbuslar soni 20 mingga yaqinlashganini ta’kidlaydi.

Kompaniya Rossiyadagi qamoqxonalar bilan cheklanayotgani yo’q, Markaziy Osiyoga ham kirib bormoqda.

Turkmanistonlik faollar da'vo qilishicha, ularning vatanidagi qamoqxonalardan 500 ga yaqin mahkum “Vagner” tomonidan Ukrainadagi urushga yollangan.

Xorijda joylashgan muxolafatning “Turkmaniston demokratik tanlovi” harakati rahbari Murad Qurbonovning o’z manbalariga tayanib aytishicha, “Vagner” vakillari tomonidan Turkmaniston qamoqxonalarida yuritilgan tashviqot natijasida turli muddatga ozodlikdan mahrum qilingan qariyb 500 kishi maxsus reys bilan Rossiyaga olib ketilgan.

“Ayni paytda biz bu voqeaning tafsilotlarini o’rganishda davom etyapmiz, Turkmaniston ichkarisidagi faollar ham, Ukrainadagi urushga jalb qilinganlarning qarindoshlari ham xavotirda. Biz gaplashishga muvaffaq bo’lganlar o’zlarining ham, urushga olib ketilganlarning ham ismi ochiqlanishiga keskin qarshi. Mahbuslarga yarim yillik shartnoma, Rossiya fuqaroligi, katta oylik, shartnoma yakunida ozodlik va’da qilishgani aytilmoqda”, - deydi Qurbonov “Amerika Ovozi” bilan suhbatda.

Kiyev, Ukraina, 20-oktabr, 2022

Mehnat muhojirlari hayoti bilan yaqindan tamish huquqshunos Botirjon Shermuhammadga ko’ra, Rossiya qamoqxonalaridagi o’zbekistonliklar soni 7-8 ming atrofida. Ukraina urushiga yollanishi ehtimoli yuqori bo’lgan bu insonlar himoyasi bilan hech kim shug’ullanmaydi, deydi u.

Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi bilan bir qatorda jiddiy qurbonlar berayotgan “Vagner” o’z safini asosan mahkumlar va mahbuslar hisobiga to’ldirayotgani bilan tanilgan.

Harbiy kampaniya Markaziy Osiyodagi qamoqxonalardan, xususan Turkmanistondan mahbuslarni urushga yollay boshlagani ilk bor ma’lum qilinmoqda.

Bungacha “Vagner” Qirg’iziston va O’zbekiston fuqarolarini yollash uchun tashviqot kampaniyasi olib borgan. Tezlashtirilgan tartibda Rossiya fuqaroligi berilishi, yirik maosh kafolatlanishi va’dasi bilan matbuotda, ijtimoiy tarmoqlar vositasida yuritilgan propaganda haqida qirg’izistonlik jurnalistlar surishtiruv o’tkazgan edi.

O’zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi uchinchi mamlakatdagi harbiy to’qnashuvlarga yollanganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligi borasida ogohlantirgan.

O’zbekiston qonunchiligida fuqarolar uchinchi davlatdagi harbiy to’qnashuvlarga yo’llanganligi uchun 10 yilgacha qamalishi mumkin.