Ukraina hukumati Moskva bilan muzokara qilish uchun tobora ko'proq bosim ostida, vaholanki, Rossiya havo hujumlariga zo'r berib, odamlarni o'ldirmoqda, infrastruktura va iqtisodni vayron qilmoqda.
Prezident Volodimir Zelenskiyning maslahatchisi Mixaylo Podolyak deydiki, Kreml muzokaraga tayyormiz deya G'arbni aldashga urinmoqda. Aslida Rossiyaning niyati bu emas, deydi u.
"Hamkorlarimiz Rossiyaning bu boradagi da'volariga quloq solmaydi degan umiddamiz", - deydi Podolyak Kiyevdan "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.
AQSh hukumati Podolyak bilan hamfikr. Oq uyga ko'ra, Rossiya hujumlarni kengaytirar ekan, tinchlik muzokaralari haqida gapirishi kulgili va fojiali.
Prezident Jo Baydenning milliy xavfsizlik bo'yicha milliy maslahatchisi Jeyk Sallivanning ta'kidlashicha, qachon va qay shartlar asosida muzokara boshlashni Ukraina hal qiladi.
Sallivanning urg'u berishicha, suverenitet va hududiy yaxlitlikni hurmat qilish shartisiz muzokara boshlanmaydi.
Buni ham ko'ring Rossiya qurbonlar evaziga bo’lsa ham hujumga intilmoqda"Ukraina kuchli pozitsiyadan turib muloqot qiladi", - deydi maslahatchi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkov esa Moskva dialogga hozir ekanini ta'kidlamoqda. Uning aytishicha, oldindan shart qo'yilmasligi kerak.
"G'arbdagi boshchilariga quloq solmaganida Ukraina allaqachon muzokaraga kirishgan bo'lar edi", - deydi Ryabkov.
Bu kabi bayonotlar ostida Rossiya bu oy Ukraina ustidan 100 ga yaqin raketa yog'dirgan va dronlarni safarbar etgan. Ukraina energetika tizimining yarmi ishdan chiqqan.
15-noyabrda Prezident Zelenskiy 10 qismdan iborat "Ukraina tinchlik formulasi"ni tanishtirar ekan, Rossiya mamlakatni nishonga olishda davom etdi.
Zelenskiyning tushuntirishicha, radiatsiya va yadroviy xavfsizlik, oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, mahbuslar almashinuvi, deportatsiya qilingan ukrainlarni qaytarish, shuningdek, hududiy yaxlitlikni ta'minlash va urush jinoyatchilarini sudga tortish - tinchlik formulasining ajralmas qismlari.
Kreml so'zlovchisi Dmitriy Peskov deydiki, Kiyev muzokara boshlaganida Ukrainada millionlab aholi toksiz va suvsiz qolmagan bo'lardi. Peskov Ukraina hukumatini mas'uliyatsizlikda va qo'rqoqlikda ayblaydi.
Podolyak esa Kreml pozitsiyasini terroristlarga tenglashtiradi.
"Bunday ultimatumlarni terroristlar qo'yadi: yo mahbuslarni o'ldiramiz yoki siz biz aytgan ishni qilasiz, deb".
"Rossiya uchun muzokara siz va biz tushungan muzokara emas. Kreml muzokara deganda bir davrada o'tirib, pozitsiyalarni ko'rib chiqib, murosa yo'lini izlashni tushunmaydi", - deydi Podolyak.
Buni ham ko'ring Pentagon: Rossiyaning Ukrainani bosib olish imkoniyati nolga yaqin"Kreml uchun muzokara uning shartlariga ko'nishdir. Masalan, Yevropa tashkilotlariga qo'shilmaslik, NATO va boshqa harbiy tashkilotlarga kirmaslik va o'z hududingizni unga berish".
Podolyakka ko'ra, Rossiya jang maydonida Ukrainaga bas kela olmadi va endi tinch aholiga tashlanib, qonxo'rlik orqali Kiyevni o'z talablariga bo'ysundirmoqchi.
"Rossiyada buning uchun yurak va iroda yo'q, ya'ni Ukraina urushda yutdi", - deydi Zelenskiyning maslahatchisi.
Ukraina, deydi u, aslo o'z hududlarini Rossiyaga bermaydi va Kremlga bosh egmaydi.
Vladimir Putin muzokara istasa, avvalo qo'shinlarini Ukraina hududidan olib chiqadi va xalqaro qonunlarga binoan ish yuritishga tayyorligini isbotlaydi, deydi Podolyak.
Va bu muzokaralar, deya qo'shadi u, urush jinoyatlarini sudda ko'rish va zarar uchun tovon kabi masalalar xususida bo'ladi.
AQSh Tinchlik instituti vitse-prezidenti Vilyam Teylor nazarida Oq uy pozitsiyasi aniq.
"Amerika bu urushda Ukraina yutishi va Rossiya yutqazishini xohlaydi".
Ayni damda sulh tuzilgan taqdirda, deydi ekspertlar, undan Kreml foyda ko'radi va bu bitim bilan urush tugamaydi.
Mojarolarni o'rganuvchi olima Nataliya Bugayeva fikricha, sulh bilan Rossiya vaqt yutadi, chunki unga qo'shinlarni dam oldirish va qayta tayyorlash uchun fursat zarur.
"Ayni damda Ukrainaning qo'li baland. Sulhda front chizig'i muzlatiladi, bu esa Putinga foyda. Tinchlik muzokarasi bahonasi bilan Kreml kuch yig'ish uchun imkoniyat izlamoqda".
Jorj Bush institutidan Deyvid Kreymer tahlilicha esa Ukraina bu urushda bemalol ustun kela oladi, G'arb madadni to'xtatmasligi kerak.
"Bu urush tugashini Ukraina xalqidan ko'proq hech kim xohlamaydi. Chunki mamlakati va erkinligi uchun kurashmoqda. Va bu urushda ular naqadar jasoratli xalq va davlat ekanini isbotlab bo'ldi. Rossiyaning muzokara talabiga ko'nishga hojat yo'q", - deydi Kreymer.
Teylor deydiki, Rossiya hozirda egallab olgan hududlarini tark etishga ko'nmas ekan, sulhga aslo xo'p demaslik kerak.
Bugayеva ham shunday fikrda, ya'ni Kreml Ukrainani bosib olganini e'tirof etib, undan chiqmas ekan, urush to'xtamaydi.
"Ukraina suvereniteti buzilgan. Putinning maqsadlari o'zgarmagan", - deydi olima.
"The Washington Post" gazetasida chiqqan sharhda esa kolumnist Katrina vanden Heuvel Vashingtonni diplomatik yechimlar taklif qilishga undaydi.
"Urush bugun yanada qonli va talofatli... Qo'l qovushtirib o'tirmaslik kerak. Tahdid darajasi ko'tarilmoqda", - deya yozadi Heuvel.
Joriy yilda AQSh Ukrainaga 40 milliard dollarlik madad ko'rsatgan. Bundan 19 milliard dollardan oshig'i aynan harbiy yordam uchun sarflangan.
Kyev Xalqaro instituti o'tkazgan ommaviy so'rovlar natijasiga ko'ra, Ukraina aholisining 87 foizi mamlakatning biror qismi Rossiyaga berilishini aslo istamaydi. Ular urushni darhol to'xtatish evaziga bunday murosa qilinishini xohlamaydi.
AQShning Global jinoiy adolat bo'yicha elchisi Bet Van Shaak deydiki, hozirgacha bu urushda sodir etilgan qabih ishlarni isbotlovchi dalillar yetarli. Tomonlar javob berishi kerak, deydi u.
Kreymerga ko'ra ham Moskva bilan bu mavzularda muloqot qilish lozim, ammo Putinning maqsadi bu emas.
Kennan institutidan ekspert Uill Pomerants masalaga hozircha diplomatik yechim ko'rmaydi.
"Prezident Zelenskiy taklif qilgan yo'llar Rossiya tomonidan qabul qilinmaydi, hatto ko'rib chiqilmaydi, - deydi Pomerants. - Rossiya Ukrainadagi jinoyatlariga ochiq ko'z bilan qaramas ekan, keltirgan zararni qoplashga hozir emas ekan, Kiyev murosa qilishiga ishonch juda past".
Bayden ma'muriyati esa urush Putin istagan paytdayoq tugaydi, deb keladi.
"Rossiya Ukrainani bosib oldi. Rossiya chiqib ketsa, tabiiyki, mojaro bitadi. Ukraina jang qilmaslikka qaror qilib, Kremlga bosh egsa, bu uning yakuni bo'ladi", - deydi Baydenning maslahatchisi Sallivan.