AQShning Toshkentdagi elchixonasiga ko'ra, Amerika hukumati shu yilning 1-2 iyul kunlari Qoraqalpog’istonda yuz bergan qonli g'alayonlarga aloqadorlikda ayblangan kishilardan 22 nafari ustidan Buxoro viloyat sudida boshlangan jarayonlarni diqqat bilan kuzatmoqda.
"Biz hukumatni ijtimoiy shaffoflik bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga va xavfsizlik kuchlari xodimlari O‘zbekiston qonunchiligini buzgan taqdirda ularni javobgarlikka tortishga undaymiz. Biz Ombudsman boshchiligidagi tergov komissiyasini o’z xulosalarini imkon qadar tezroq e’lon qilishga chaqiramiz", - deyiladi 28-noyabrgi bayonotda.
Nukusdagi norozilik namoyishlari va qon to'kilishini tekshirayotgan Oliy Majlis komissiyasi hali ishini tugatmagan. Uning a'zolari ham sud ishini kuzatayotganini bildirgan.
Matbuot uchun ochiq jarayon qancha vaqt oladi, noma'lum. Hozircha AQShdan boshqa birot davlat bu borada o'z pozitsiyasini bildirmagan.
Iyul voqealarida 500 dan oshiq fuqaro hibsga olingan edi. Rasmiy ma'lumlotlarga ko'ra, 22 kishi halok bo'lgan, jumladan xavfsizlik kuchlari zobitlari.
Hibsdagilarning aksariyati qo'yib yuborilgan, xususan 107 nafari komissiya aralashuvi bilan ozodlikka chiqqan. Biroq hukumat panjara ortida hozir qancha odam Nukus fojiasi sabab o'tirganini oshkor etmayapti.
O'zbekiston rahbariyati shu kungacha bu masalada qilgan bayonotlarida g'alayon ortida "tashqi kuchlar" turibdi, deb da'vo qilgan. Xorijdagi qoraqalpoq faollar esa Toshkent va Nukusda repressiyada, Qoraqalpog'iston Respublikasi huquqlarini buzayotganlikda ayblaydi.
Inson huquqlari tashkilotlari, jumladan xalqaro "Human Rights Watch" hukumatni shaffoflikka chaqirib, mahbuslar himoyasini ta'minlashga undamoqda.
Voqealarda, Bosh prokuraturaga ko'ra, qariyb 6 milliard 682 million so'm moddiy zarar keltirilgan.
Prokuratura Buxuroda sud qilinayotgalar shaxslarga nisbatan ayblovlarda O'zbekiston Jinoyat kodeksining 104-moddasi (ishtirokchilikda qasddan badanga og‘ir shikast etkazish, 159-moddasi (konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish), 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish), 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) kabilarni eng ko'p qayd egan.
Jarayon quyidagi 22 fuqaro ustidan ketmoqda:
1. Dauletmurat Tajimuratov 1979-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Yel xizmetinde" advokatlik byurosi advokati. "Yel xizmetinde" gazetasi bosh muharriri bo‘lgan. Tajimuratov uyushgan guruh tashkil kilib, Qoraqalpog‘istonda hukumatini ag‘darib, o‘zini Jo‘qorg‘i Kenges raisi lavozimiga tayinlash maqsadida 1−2 iyul kunlari ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirganlikda ayblanmoqda.
2. Lolagul Kallixanova 1989-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Makan" internet-nashri ma’muri bo'lgan. Kallixanova uyushgan guruhga birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelganlikda ayblanmoqda.
3. Azamat Turdanov 1984 yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Nukus Olimpiya zaxiralari kolleji direktori bo'lgan. 1−2 iyul kunlari Nukus shahridagi ommaviy tartibsizliklarda sportchilarni ishtirok etishini ta’minlagan va Dauletmurat Tajimuratovni yelkasiga o‘tkazib, Jo‘qorg‘i Kengesni egallash maqsadida olib borganlikda ayblanmoqda.
4-5. Ahmet Smetullayev 1993-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Chimboy tumanidagi bolalar va o‘smirlar sport maktabi murabbiysi bo'lgan. Dao‘letmurat Djiyemuratov 1984-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Qorao‘zak Sahib" firmasi direktori bo'lgan. Bu ikki shaxs 1−2 iyul kunlari Qoraqalpog‘iston tumanlaridan odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, o‘zi ham ishtirok etib, Dauletmurat Tajimuratovni quvvatlaganlikda ayblanmoqda.
6. Baxtiyar Kadirbergenov 1986-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Ayama" veb-sayti ma’muri va bloger bo'lgan. Odamlarni ommaviy tartibsizlikka jalb qilib, Jo‘qorg‘i Kenges va Nukus xalqaro aeroporti binolarini bosib olishga da’vat qilganlikda ayblanmoqda.
7. Bayram Seytniyazov 1967 yilda-tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Qozog‘istondagi "Allayar jo‘li" diaspora a’zosi bo‘lib, ommaviy tartibsizliklarni tashkillashtirishga va Dauletmurat Tajimuratovni quvvatlovchi bannerlar tayyorlashga yordam berganlikda ayblanmoqda.
8. Allabay Toqimbetov 1973-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Norasmiy tarzda imomlik bilan shug‘ullangan. 2-iyul kuni Xo‘jayli tumanida yig‘ilgan odamlarga Qoraqalpog‘iston mustaqil bo‘lishi lozimligini ma’lum qilib, ularni ommaviy tartibsizlikka da’vat qilib, ularga yetakchilik qilganlikda ayblanmoqda.
9. Qaharman Seytimov 1972-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 2-iyul kuni Qorao‘zak tumanida odamlarni to‘plab, ularni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilib, ularga yetakchilik qilganlikda ayblanmoqda.
10. Azamat Nuratdinov 1989-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Mo‘ynoq tumanida o‘qituvchi va bloger bo'lgan. 2-iyul kuni Qonliko‘l tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilganlikda ayblanmoqda.
11. Seydabulla Medetov 1989-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qozoq. "Keleshek ushun" fermer xo‘jaligi rahbari bo'lgan. 2-iyul kuni Shumanay tumanida odamlarni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi materiallarni tarqatib kelib, ommaviy tartibsizliklarda yetakchilik qilganlikda ayblanmoqda.
12. Nurlan Nayipov 1968-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qozoq. 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarga da’vat qiluvchi videomurojaat tayyorlab, uni ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatganlikda ayblanmoqda.
13. Polat Shamshetov 1977-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Jinoyat qidiruv boshqarmasi bo‘limi boshlig‘i bo'lgan. 2-iyul kuni odamlarni ommaviy tartibsizliklarga jalb qilgan va o‘zi ham ularda faol ishtirok etganlikda ayblanmoqda.
14. Razbek Bekmuratov 1992-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Qoraqalpog‘iston Davlat universiteti o‘qituvchisi bo'lgan. 2-iyul kuni "Naupir" MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazib, "PM" markali pistoletini olib qo‘yganlikda ayblanmoqda.
15. Sultanbek Kaipov 1992-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 2-iyul kuni "Naupir" MFY hududida ommaviy tartibsizlikni bartaraf etish uchun safarbar qilingan Milliy gvardiya xodimlariga hujum qilib, ularga tan-jarohat yetkazganlikda, shuningdek, separatizm g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan videomurojaat tayyorlab, uni tarqatish maqsadida saqlab kelganlikda ayblanmoqda.
16. Berdax Genjebayev 1996-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 2-iyul kuni Shumanay tumanida ommaviy tartibsizliklar paytida Farg‘ona viloyatidan kelgan o‘zbek millatiga mansub 3 nafar shaxsni to‘xtatib, ularga tan-jarohati yetkazib, 3,6 mln so‘m miqdoridagi pullarini va qat’iy hisobdagi hujjatlarini bosqinchilik yo‘li bilan olib qo'yganlikda ayblanmoqda.
17. Salamat Kalilayev 1976-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 2-iyul kuni Kegeyli tumanida ommaviy tartibsizliklarga yetakchilik qilib, millatchilik zamirida Andijon viloyati hokimligi shtabiga o‘t qo‘yib, mulklarini nobud qilganlikda ayblanmoqda.
18. Polat Nurniyazov 1986-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Sada-Mars" firmasi ombor mudiri bo'lgan. 2-iyul kuni Nukus shahrida ommaviy tartibsizliklarda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatini cheklash maqsadida yo‘llarni to‘sib, avtoshina yoqishda yetakchilik qilganlikda ayblanmoqda.
19. Saipnazar Kalimov 1980-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 1-iyul kunidagi ommaviy tartibsizliklar uchun ma’muriy qamoqqa olinganlarni ozod qilish maqsadida ularni saqlash joyiga hujum qilib, o‘t qo‘yganlikda ayblanmoqda.
20. Nurlan Sultamuratov 1998-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. 2-iyul kuni Nukus shahar IIO FMBga qilingan hujumda faol ishtirok etib, daraxt yoqib, yo‘llarni to‘sganlikda ayblanmoqda.
21. Arislan Temirxanov 1986-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. "Ustyurt geofizika" korxonasi qo‘riqchisi bo'lgan. 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda Xo‘jayli guzari ko‘chasida Molotov kokteylidan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilganlikda ayblanmoqda.
22. Amirbek Adilbekov 1993-yilda tug‘ilgan, O‘zbekiston fuqarosi, qoraqalpoq. Sug‘urta kompaniyasi mutaxassisi bo'lgan. 2-iyul kuni ommaviy tartibsizliklarda To‘rtko‘l guzari ko‘prigida Molotov kokteylidan foydalanib, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari faoliyatiga qarshilik qilganlikda ayblanmoqda.