Mirziyoyev xalqqa yillik murojaatini qildi: 2023-yilda referendum

  • Amerika Ovozi

Toshkent, 20-dekabr, 2022

O'zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev 20-dekabr kuni xalqqa qilgan murojaatida tashqi siyosatda Markaziy Osiyo birlamchi o'rinda qolishini aytdi. O'zaro ishonch va hurmat asosidagi strategik sheriklik va xalqaro yo'lidan boriladi. Radikalizm va ekstremizmga qarshi kurash kuchaytiriladi. Xavfsizlikni ta'minlash tizimi va qurolli kuchlar mustahkamlanadi. Prezident Mirziyoyev bugungi nutqida xalq e'tiboridagi qator masalalarga to'xtaldi.

Buni ham ko'ring AQSh elchisi: O'zbekiston demokratik yo'lini o'zi belgilaydi, lekin qadriyatlarimiz o'zgarmas

Qoraqalpog‘iston masalasi

"Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan noxush voqealar xalqimizni qattiq qayg‘uga soldi. Xudoga shukur, ko‘p millatli xalqimizning oqilligi va donishmandligi bilan vaziyat tezda izga tushdi. Biz uchun “Qoraqalpog‘iston yutug‘i – butun O‘zbekiston yutug‘i, Qoraqalpog‘iston tashvishi – butun O‘zbekiston tashvishi”, degan g‘oya hamisha amaliy harakat dasturi bo‘lib kelgan va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi!

Bizning ezgu maqsadimiz – birgalikdagi mehnatimiz bilan Yangi O‘zbekistonda har tomonlama rivojlangan, obod va farovon Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etishdir."

Konstitutsion o'zgarishlar bo'yicha referendum

Prezidentning aytishicha, bugungi kunga qadar 220 mingdan ziyod taklif tushgan. Kelajak avlodlarga munosib xizmat qiladigan, konstitutsiyani har tomonlama o‘ylab, shoshilmasdan ishlab chiqish kerak, deydi O'zbekiston rahbari.

"Fuqarolarimiz bildirgan barcha taklif va istaklar albatta inobatga olinadi va Konstitutsiya loyihasi umumxalq referendumiga olib chiqiladi.

Eng muhimi – har bir vatandoshimiz konstitutsiyaviy islohotlarga daxldor bo‘lishi va “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb yuksak g‘urur va iftixor bilan ayta olishi kerak", – deydi Mirziyoyev.

Toshkent, 20-dekabr, 2022

Adolat qachon ta'minlanadi?

"Endi, tergovchi jinoyatga aloqador deb, har qanday mulkni xatlab qo‘ya olmaydi. Axir, biz xususiy mulk daxlsizligini kuchaytirish bo‘yicha ozmuncha harakat qilayapmiz-mi?"

Prezidentga ko'ra, bundan buyon, mulk huquqini cheklashga oid har qanday harakat faqat sud orqali bo‘ladi.

"Tergov shaxsni ayblash uchun emas, jinoyatni fosh etish orqali haqiqatni aniqlash uchun ishlashi kerak. Shu bilan birga, sudda ishlarni ko‘rishda qatnashadigan alohida prokurorlar korpusi shakllantiriladi. Ular maxsus o‘qitiladi, ishni sudda ko‘rishda xolis, mustaqil bo‘lishi qonun bilan belgilanadi," – deydi Mirziyoyev.

"Tergov sifati pastligi – bu haqiqat. Sudlarda odamlarning ovoragarchiligi davom etmoqda. Sud qarorlari bajarilmay qolayotgan holatlari yo‘q emas".

O'zbekistonda advokatlarni elektron tanlash tizimi hali ishga tushmagan.

"Vaholanki, bu topshiriq allaqachon berilgan. Demak, bu yo‘nalishda korrupsiya bor. Buni to‘g‘rilamasak bo‘lmaydi. Bu masala alohida nazoratga olinadi. Huquq-tartibot idoralarida adolatli ishlarni amalga oshirish uchun tegishli farmon ishlab chiqilayapti".

Toshkent, 20-dekabr, 2022

Muammolar O'zbekistonniki

Xalq maktab, bog‘cha va shifoxonalar ko‘payishini, ta’lim va tibbiyot sifati oshirilishini kutmoqda, deydi prezident. Mahallada yo‘l, suv, elektr, transport muammolari hal qilinishi kerak. Ish o‘rinlari ko‘payishi, tadbirkorlikka yangi imkoniyatlar yaratilishi lozim. Adolat ta’minlanib, ovoragarchilik, byurokratiya va korrupsiya yo‘q bo‘lishi zarur.

"Hech kim chetdan kelib, bularni hal qilib bermaydi. Odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitlarni yaratish asosiy vazifamiz bo‘lishi kerak", – deydi Mirziyoyev.

Energetik inqiroz

"Ko‘p yillar davomida yangi gaz konlariga investitsiya kiritilmagani, elektr va gaz tarmoqlari modernizatsiya qilinmagani ham, ayni haqiqat. Oqibatda, tizimda aniq hisob-kitob yo‘qligi, katta yo‘qotishlar oddiy holga aylanib qolgan edi", - deydi prezident.

So‘nggi olti yilda aholi 12 foizga, sanoat korxonalari esa 2 barobarga ortib, 45 mingdan 100 mingtaga ko‘paydi. Natijada, deydi davlat rahbari, elektr energiyasiga talab kamida 35 foizga oshgan.

O'zbekiston energetika sohasiga 25-30 milliard dollar investitsiya kerak.

"Ko‘p iqtisodchilar energetika sohasida erkin bozorga o‘tishni taklif qilmoqda. Bu – to‘g‘ri yo‘l. Men ham buni xohlayman. Lekin, xalqimizning jon boshiga daromadi, ijtimoiy himoyasini o‘ylab, bu sohadagi islohotlarni shoshmasdan, bosqichma-bosqich qilishimiz kerak".

"Eng muhim masala – energiya resurslaridan samarali foydalanish. Afsuski, iqtisodiyotimizda energiya sarfi boshqa davlatlardan 2 barobar yuqori".

Toshkent, 20-dekabr, 2022

Hukumat kichrayishini kuting

Mirziyoyev deydiki, hukumat ish uslubi tubdan o‘zgarishi kerak. Vazirlik va idoralar soni hozirgi 61 tadan 28 tagacha kamaytiriladi.

"Har bir vazirlik tegishli sohada davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lib, tarmoq tarkibidagi qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarga rahbarlik qiladi.

Ko‘p vazirlar o‘zgaradi. O‘z sohasining chuqur bilimdoni, fidoyi va ishidan xalq rozi bo‘layotgan vazirlar lavozimida qoladi.

Davlat xizmatchilari soni bosqichma-bosqich 25-30 foizga qisqaradi. Iqtisod qilinadigan mablag‘lar ijtimoiy masalalarga yo‘naltiriladi," – deydi prezident.

Oliy Majlis a'zolari nima qilayapti?

"Yangi vazir tayinlashda ham deputatlar ishtirok etayapti, rejalari bilan tanishib, ma’qullayapti. Lekin, afsuski, keyinchalik faqat tanqid bilan cheklanyapti.

Ma’lumki, sohalar bo‘yicha ikkala palatada ham qo‘mitalar, komissiyalar bor. Aslida, ular, vazirlarga qaysi yo‘nalishda yoki hududda ish yaxshi ketmayotganini ko‘rsatishi, kamchiliklar bo‘yicha joyiga chiqib, xalq fikrini o‘rganib, masalaga birgalikda yechim topishlari lozim."

Mirziyoyev deydki, parlament ish uslubini yaxshilash va faoliyat samaradorligini oshirish konstitutsiyada o‘z aksini topishi zarur.

"Albatta, tanqid ham kerak. Ammo, hozirgi deputatlarga berilgan katta vakolat va imkoniyatlardan samarali foydalanish lozim. Men ham uzoq yillar deputat bo‘lib ishlaganman, o‘sha davrda bironta vazir Parlamentda hisobot berganini ko‘rmaganmiz. Hozir esa vaziyat mutlaqo boshqacha-ku!"

Buni ham ko'ring AQSh elchisi: Qoraqalpog'iston bo'yicha hisobot va adolat kutayapmiz

Korrupsiyaga qarshi kurash

"Biz korrupsiya haqida ko‘p gapiramiz, lekin tizimida korrupsiyaga yo‘l qo‘yilsa, nima uchun vazir javob bermasligi kerak? Endi so‘rov boshqacha bo‘ladi. Vazir o‘z tizimiga ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatish bo‘yicha birinchi bo‘lib, o‘zi javob beradi. Davlat vakillari o‘zining halol mehnati, oddiyligi, xalqsevarligi, samimiyligi va fidoyiligi bilan odamlarimiz mehrini qozonishi kerak.

Endi, vazirlarning siyosiy mas’uliyati oshirilib, Hukumat qarorlari loyihalari, mamlakatimiz hayotiga oid muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bevosita vazirlar ishtirokida kollegial hal etiladi... Qaysi vazir o‘z ishini eplay olmasa, iste’foga chiqadi", — dedi Mirziyoyev.

O‘tgan ikki yilda 5 mingga yaqin mansabdor korrupsiyaviy jinoyatlar bo‘yicha javobgarlikka tortildi, deydi prezident.

"Lekin, ochiq aytish kerak, bu – masalaning sababi bilan emas, oqibati bilan kurashish".

Sun’iy monopoliyaga, yopiq sxemalarga, umuman korrupsiyaga imkon beruvchi barcha bo‘shliqlarga barham berilishi ta’kidlandi.

Yangi yilda eksport hajmi 23 milliard dollardan ortishi kerak

“2023-yilda tayyor mahsulotlar eksportini qo‘shimcha 4 milliard dollarga oshirish asosiy maqsadimiz bo‘ladi… Bir yilning o‘zida 2 mingga yaqin tadbirkorlar ilk bor tashqi bozorlarga chiqdi. Kelasi yilda ham eksport qiluvchilarga transport va boshqa xarajatlarini kompensatsiya qilish davom ettiriladi.

Yevropa bozorlariga tekstil, elektrotexnika, charm-poyabzal va boshqa tayyor mahsulotlar eksportini kamida 2 barobar oshiramiz. Mahsulotlar eksporti bo‘yicha hozirgi 9 ta bosqichli bojxona rasmiylashtiruvi 3 barobarga qisqaradi.

Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha asosiy muzokaralarni yakunlab, ichki qonunchilikni moslashtirish, yangi standartlarni joriy etish ishlarini jadallashtiramiz.

Umuman, 2023 yilda eksport hajmi tariximizda ilk bor 23 milliard dollardan ortadi”, — deydi Mirziyoyev.