Rossiya va Ukraina hamon urushda, ammo Kiyev mamlakatni tiklash rejasi ustida bosh qotirmoqda. Buning uchun esa xalqaro madad zarur va Ukrainaning o'zi qattiq ishlashi kerak bo'ladi.
Rossiya qurollari, yerdan va havodan mamlakat infratuzilmasini yakson qilgan.
Kiyev iqtisodiyot universitetiga ko'ra, Ukrainada kamida 149 ming 300 turar joy vayron bo'lgan, jumladan 131 ming 400 xususiy uy va 17 ming 500 kvartira.
280 yotoqxona, 3 mingdan oshiq ilm maskani, yuzlab kasalxonalar, ibodatxona va diniy dargohlar, madaniyat o'choqlari zararlangan yoki qulagan.
Ukraina hukumati taxminicha, 160 ming kvadrat kilometrlik maydon minalangan va yashash yoki foydalanish uchun xavfli.
Mablag' qaydan keladi?
Prezident Volodimir Zelenskiy Ukrainani qayta qurish uchun ayni damda 1 trillioncha dollar kerak, deydi. Kun sayin zarar ortib bormoqda, demak mablag'ga talab ham shunga yarasha.
AQShning Jorj Marshal fondidan Jonatan Katz deydiki, pulning asosiy qismi xususiy sektordan kelsa ajabmas, Ukrainaga sarmoya qilinadi.
“Xalqaro moliyaviy institutlar madad ko'rsatadi, shuningdek, to'g'ridan to'g'ri investitsiya kelishi kutiladi. Ukraina xalqi sanoati va xalqiga ishonch bildiriladi".
Ukraina hukumati yaqinda Amerikadagi "JPMorgan Chase" banki bilan kelishib, uning maslahat va yordamiga tayanishga qaror qilgan. "JPMorgan Chase" davlat kapital bozoriga ulab, sarmoyadorlarni jalb etish va iqtisodiyotni barqarorlashtirishda ko'maklashishga bel bog'lagan.
"JPMorgan Chase" tashkil etgan va 200 dan oshiq investor qatnashgan sammitda so'zlar ekan, Prezident Zelenskiy sarmoya bevosita kelaversin, deya undadi.
"Bu biznes va biz buni tushunamiz. Ukrainaga sarmoya qiling va daromad oling. Biz ham buni istaymiz", - deydi prezident.
Korrupsiyaga qarshi kurash
Amerikalik ekspert Brayan Kavana korrupsiyaga qarshi kurash izchil olib borilishi kerakligini eslatib, bu azaldan Ukraina uchun katta muammo ekaniga urg'u beradi.
“Oligarxiya iqtisodiy o'sish yo'lida ulkan to'siq bo'lib kelgan. Bu balodan qutulmasa, Ukrainaga juda qiyin bo'ladi".
Ukraina Yevropa Ittifoqiga kirish uchun moliyaviy shaffoflikni ta'minlashi shart, deydi Kavana. Audit ochiq va ishonchli bo'lishi kerak.
Mutaxasssis fikricha, "JPMorgan Chase" bilan ishlash Ukrainani korrupsiyadan ancha tozalashi mumkin. Tozalamasa, deydi u, xalqaro donorlar va investorlar jiddiy sarmoya qilmasligi tayin.
“Ukrainada o'sish aggressiv tusda bo'lishini kutishadi, demak, auditga tayana olish kerak".
Yana bir amerikalik ekspert, Patris Makmaen deydiki, chetdan yordam sifatida kelgan mablag' mahalliy aholiga sarflanishi kerak, ya'ni xorijiy xizmatchilar, nohukumat tashkilotlar va pudratchilar cho'ntagiga ketmasligi zarur.
“Urushdan keyingi muhitda ko'pincha shuni ko'ramiz. Katta pul ajratiladi va u yana tashqaridan kelganlarga yo'l oladi, mablag' atalgan yurtda qolmaydi", - deydi Makmaen.
Olima tavsiyasi shuki, qayta qurish ishlariga mahalliy bizneslar va tashkilotlar yollanishi va jalb qilinishi kerak. Xorijdan qimmat xizmatchilar kerak emas, deydi u.
Makmaen nazarida Ukrainada inson kapitali yetarli va ko'ngillilar jamoasi ham keng.
“Tiklanish ishlariga bosh-qosh odamlar hozirda bu odamlar bilan bog'lanib, ularning kuchi va rolini to'g'ri baholay olishi kerak".
Ukrainada aholi soni rasman 36,5 million atrofida lekin yuzlab ming aholi qochqin va ko'pi chetga chiqib ketgan.
Qayta qurish ishlariga hozirda chet elda bo'lganlar ham hissa qo'shishi, vatanga qaytishi kutilmoqda.
Optimizm keng
Amerikalik professor, taraqqiyot masalalari bo'yicha mutaxassis Nensi Chian fikricha, Ukrainaning kelajagi porloq.
Yevropa davlatlari birinchilardan bo'lib, madad ko'rsatadi va mamlakat yangidan oyoqqa turadi, deydi u.
“Urushda dushmanga zarba berish yoki uni yutish bir narsa, keyin esa hayotni va ayniqsa iqtisodiyotni tiklash boshqa narsa. Buni eplol olmasangiz, Rossiya sizga yana hujum qilishi mumkin", - deydi professor.
“Iqtisodiy barqarorlik, mustahkam moliyaviy tizim - tinchlik garovi. Bu esa ijtimoiy barqarorlik ham demakdir".
Chian taxminicha, Ukrainaning qo'shnilari zimmasiga buyuk vazifa yuklanadi. Urushdan chiqayotgan davlatga sarmoya ularning o'ziga sarmoya, deya tushuntiradi u.
“Yevropa Ittifoqi kuchli bo'lishi uchun Ukraina kuchayishi zarur".
Tabiiy jihatdan boy, savodli va hunarli aholiga ega Ukraina mintaqadagi yirik iqtisodiy kuchga aylanadi oladi, deydi professor.