Bayden: Ukrainani quvvatlovchi xalqaro koalitsiya kuchayaveradi

  • Amerika Ovozi

Prezident Jo Bayden Ukrainadan Polshaga poyezdda yo'l oldi, 20-fevral, 2023

Bir yil oldin shu paytda AQSh hukumati Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi aniq, urushga tayyorlanish kerak, deya bong urayotgan edi. 2022-yilning 24-fevralida Rossiya Ukrainani havodan va yerdan nishonga ola boshladi.

Kiyev o'qlar ostida ekan, Vashington Ukraina rahbari Volodimir Zelenskiyga jonini saqlash uchun yordam taklif qildi. Zelenskiy ona yurtini aslo tark etmasligini aytib, Amerikadan siyosiy va harbiy yordam so'radi.

"Dunyo, xususan G'arb bizni quvvatlashi kerak va bunga sizdan yetakchilik qilishni iltimos qilaman", - degan Ukraina prezidenti AQSh rahbariga o'shanda.

Oradan bir yil o'tib, Kiyevga safar qilgan Bayden buni ommaga hikoya qilar ekan, Zelenskiyni "asl qahramon" deya ta'rifladi.

Biroq urush hali davom etmoqda. AQSh shakllantirgan xalqaro koalitsiya Ukraina bilan yonma-yon turadi, deydi NATO a'zolari, qancha zarur bo'lsa, shuncha.

Prezidentligini boshlar ekan, Bayden tashqi siyosatida Ukraina bu qadar yuqori o'rinda bo'lishini tasavvur qilmagan.

Ammo, deya bildiradi uning ma'muriyati, Bayden liberalizm va demokratik dunyoni himoya qilishni va'da qilgan. Ukraina quvvatlovi ortidagi asosiy omil shu, deydi rasmiylar.

Urushning bir yilligi: ukrainaliklar qanday yashamoqda? Urushning bir yilligi: ukrainaliklar qanday yashamoqda?

“Prezident Baydenning vazifasi erkin dunyoga nega Ukrainaga madad ko'rsatish kerakligini asoslab berish", - deydi Daniel Frid, AQShning Polshadagi sobiq elchisi.

"Ukrainani zolim Rossiya izniga tashlab qo'ya olmaymiz. Urushda Ukraina yutishi erkinlik ustun kelishi demakdir", - deydi Frid.

Baydenning Polshada 21-fevral kungi nutqidan ham muddao shu, deya kuzatadi keksa diplomat. Uning ta'biricha, xalqaro koalitsiya kengayib, yanayam jipslashadi.

Amerika rahbari Polshadan oldin Ukrainaga borib, real vaziyat bilan tanishdi.

"G'arb quvvatlovi mustahkam va davomiy ekaniga shubha bo'lmasin", - deya ta'kidladi Bayden.

Ekspertlar tahlilicha, Ukraina rahbariyati jonbozlik ko'rsatmoqda, ammo koalitsiyani ushlab turgan asosiy omil - Amerika diplomatiyasi. Aks holda, deydi ular, ko'plab davlatlar Ukrainaga hamdardlik bildirish bilan cheklangan bo'lar edi.

Urushda hozirgacha Rossiyaning 100 mingdan oshiq askari yo o'lgan yo jarohatlangan. Ukraina tarafdan ham o'nlab ming kishi yaralangan yo halok bo'lgan. Millionlab ukrainaliklar qochqinga aylangan.

Yaqingacha AQShning Rossiyadagi elchisi bo'lgan Jon Sallivan deydiki, bu mojaroda Moskva g'olib chiqa olmaydi, ammo erkin dunyo ham nimaga qodir ekanini ko'rsatib qo'yishi kerak.

"Bizni aql o'rgatishda ayblab kelishadi. Biz amalda demokratiyani qanday himoya qila olishimizni namoyon etishimiz zarur", - deydi Sallivan.

Buni ham ko'ring Bayden Ukrainaga bordi, yarim milliard dollarlik yordam va'da qildi

O'tgan hafta "Associated Press" axborot agentligi mahalliy tadqiqotchilar bilan olib borgan ommaviy so'rovlarda amerikaliklarning 48 foizi Ukrainaga harbiy yordamni olqishlagan. 29 foizi qarshi. 22 foizi esa bu borada betaraf ekanini aytgan.

2022-yilning mayida amerikaliklarning 60 foizi Ukrainaga harbiy va boshqa turdagi yordamni quvvatlayotgan edi.

Ayrim respublikachilar Ukrainaga mablag' sarflashni to'xtatishni talab qilmoqda. Ular nazarida Bayden ma'muriyati Kiyevni qurollantirmay, uni va Kremlni gaplashishga ko'ndirishi lozim.

Biroq ko'plab respublikachilar, jumladan yaqinda prezidentlik uchun poygaga kirgan Nikki Heyli fikricha, AQSh Ukrainaga zarur yordamni o'z vaqtida yetkazib bera olmayapti. Heyli tez va salmoqli madad ko'rsatish tarafdori.

Senatda respublikachilar sardori Mitch Makkonnel Myunxenda xavfsizlik anjumanida so'zlar ekan, "Ukrainaga yordamni aslo to'xtatmaymiz", - dedi.

Makkonnelga demokrat prezidentning "avtokratiya emas, demokratiya" degan tamoyili ma'qul.