Mustaqil davlatga aylanganidan beri, ya'ni 1991-yildan buyon erkin va adolatli saylov o'tkazmagan Turkmanistonda 26-mart kuni yangi parlament a'zolari saylandi. 125 o'rin uchun 258 fuqaro nomzodini qo'ygan. Ularning birortasi amaldagi siyosatni savolga tutmaydi. Barchasi Prezident Serdar Berdimuhamedovga bosh egadi.
41 yoshli Berdimuhamedov o'tgan yili rahbarlikni otasidan olgan. Davlati dunyodagi eng yopiq, nodemokratik, diktatura ekanini u ham tan olmaydi.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi saylovni kuzatish uchun kichik delegatsiya yuborgan, ammo missiya ovoz berish va hisoblash jarayonini kuzatmasligini bildirgan. Faoliyat juda cheklangan, deya bayon qilgan tashkilot.
Tabiiy gaz eksporti asosiy daromad manbai bo'lgan Turkmanistonda iqtisodiy vaziyat bag'oyat og'ir ekani qayd etiladi. Lekin hukumat buni inkor etib, jamiyat to'q va farovon deya hatto moliyaviy institutlar bilan ham hamkorlikni cheklab keladi.
Shaxsga sig'inish chuqur ildiz otgan bu jamiyatga qo'shni O'zbekiston va Ozarbayjonda ham, inson huquqlari tashkilotlari nazarida, yakkahokimlik normal holat. Markaziy Osiyoning yana bir davlati Tojikistonda esa Prezident Emomali Rahmon va uning oilasi xalq hayotining har bir jabhasida hukmron.
Berdimuhamedov otasi Gurbanguli Berdimuhamedovni Xalq maslahati kengashiga rais qilib tayinlagan. Bu organ endilikda parlamentning yuqori palatasi bo'lmaydi, alohida kengash. Xalq maslahati bosh qomusni o'zgartirish vakolatiga ega. Shuningdek, ichki va tashqi siyosatini belgilashda muhim rol o'ynaydi, deydi Berdimuhamedov.
Kechagi tadbir respublikani rasman bir palatali parlamentga ega davlatga aytlantirdi. Lekin saylovlar Turkmanistonda siyosiy tanlov emas, milliy bayram. O'yin-kulgi va tomoshalar bilan o'tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasiga ko'ra, bu safar 91 foiz saylovchi, 3,5 million fuqaro faol qatnashgan.
“Saylov kuni biz uchun ayyom. Bunday kunlarimiz ko'p bo'lsin", - deydi o'zini o'qituvchi deb tanishtirgan Arzigul Bekmuradova, Ashgabatda ovoz berar ekan.
“Nomzodlarning tarjima xolida nima yozilgan bo'lsa, shuni bilamiz. Kimga ovoz berganimni ham bilmayman", - deydi Begenj ismli yigit.
Gurbanguli Berdimuhamedov deydiki, nomzodlar bugungi yosh avlodni aks ettiradi.
U va prezident o'g'li so'zlariga ko'ra, Turkmaniston bugun demokratik tuzum va xalq irodasiga binoan hayot kechiradi. Mamlakatda davlat mediasidan boshqa ommaviy axborot vositasiga ruxsat berilmaydi. Muxolif partiyalar u yoqda tursin, oppozitsion fikrga toqat qilinmaydi. Ommaga taqdim etiladigan har bir gap
"Rahbarlarimiz - bizning hurmatli himoyachilarimiz", - deydi Ogulgurban Ezimova, saylovda qatnashganlardan biri.
U kabi ilk marta ovoz berayotgan yoshlar uchun hukumatni quvvatlamasdan boshqa yo'l yo'q, deydi kuzatuvchilar.
Saylovdan chiqib kelayotganlar davlatdan sovg'a ham oladi.
"Minnatdormiz, chunki bilamizki, prezidentimiz va uning otasi biz uchun kuyunadi va to'g'ri qarorlar qiladi", - deydi Ezimova.
258 nomzod uch siyosiy partiya va tashabbus guruhlaridan chiqqan. Ular o'zlarini Sovet davriga xos shaklda tanishtiradi va hukumatga sodiq ekaniga urg'u beradi. Saylovchiga o'z platformasi emas, prezidentga ishonchini targ'ib qiladi.
65 yoshli Gurbanguli Berdimuhamedov taklifiga ko'ra, parlamentning yuqori palatasi bekor qilinmoqda, biroq uning o'zi bu organ raisi bo'lib qoladi.
Rossiya va Xitoy bilan iqtisodiy hamkorlikka tayanuvchi Turkmanistonda "Arkadag" degan shahar bunyod etilmoqda, aynan davlat rahbarini ulug'lash uchun.
Matbuot va so'z erkinligi bo'yicha reytinglarda respublika eng oxirgi o'rinlarda.
Koronavirus pandemiyasi paytida biror ma'lumot bermagan Turkmanistonda o'zini bu virus chetlab o'tgan jamiyat deb ko'rsatadi. Norasmiy hisoblarga ko'ra esa u yerda minglab insonlar pandemiya qurboni bo'lgan.
Tadbirkor Maksat Redjenov deydiki, yosh prezident boshqacha bo'ladi, erkinlik olib keladi, degan umidlar bog'langan edi.
"Yangi ish joylari, bizneslar, ochiqlik, sayyohlar oqimining oshishi va nazoratning yumshashini kutgan edi", - deydi u.
Achir Ovezov ismli savdogar esa saylovda qatnashmagan.
"Efrtayu-kech ishdaman, oilamga qarashim kerak. Nomzodlar kim, bilmayman, qiziqmayman", - deydi bu turkmanistonlik.
Yevropada Xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari idorasi saylovni kuzatish uchun kichik delegatsiya yuborgan, ammo missiya ovoz berish va hisoblash jarayonini kuzatmasligini bildirgan. Faoliyat juda cheklangan, deya bayon qilgan tashkilot.