Prezident Jo Baydenning ta’kidlashicha, byudjetni qisqartirish bo’yicha Respublikachilar partiyasi olg’a surayotgan takliflar AQShda ishlab chiqarishning beliga tepadi va Xitoyning global iqtisodiyot ustidan hukmronlik qilishiga olib keladi.
Shimoliy Karolinadagi yarimo’tkazgichlar zavodida so’zlagan Bayden muxolifat bilan davlat byudjeti ustida tortishmoqda.
Vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti prezidentga xat yo’llab, qarz shiftini ko’tarish evaziga xarajatlarni kamaytirish bo’yicha muzokaralar boshlash kerakligini aytgan.
Muzokara boshlashdan oldin, deydi Bayden, respublikachilar avvalo o’z byudjet loyihasini xalqqa ko'rsatsin. Tomonlar til topishmasa, federal hukumat moliyaviy majburiyatlarini bajara olmaydi. Respublikachilarning talablari, prezidentga ko’ra, Xitoy kuchga to’lishi uchun xizmat qiladi.
AQShning asosiy geosiyosiy raqibi, Xitoyga nisbatan qattiqqo’l siyosat sobiq prezident Donald Trampning shiorlaridan biri edi. U yana Oq uyga harakat qilmoqda.
“Innovatsiya va texnologiya kelajagini Xitoy qo’liga topshira olmaymiz. Kongressdagi respublikachilarga gapim shuki, mening boshqaruvim davrida bunga yo’l qo’ymaymiz, erishgan yutuqlarimizni bekor qilishingizga yo’l bermaymiz”, - deydi Bayden.
Prezident tashrif buyurgan “Wolfspeed” kompaniyasi o’tgan yili Shimoliy Karolinada 5 milliard dollarlik zavod qurishini, 1800 kishini ish bilan ta’minlashini e’lon qilgan edi. Kompaniya silikon chiplar ishlab chiqarishda yetakchi. O’tgan yili AQSh bu sanoatni rivojlantirish uchun 280 milliard dollar ajratgan.
Bundan tashqari o’tgan ikki yilda pandemiya davrida oilalar uchun qariyb 2 milliard dollarlik yordam, mamlakat infratuzilmasini ta’mirlash uchun 1 trillion dollar va iqlim o’zgarishiga qarshi kurashish uchun 375 milliard dollar ma’qullandi.
Buni ham ko'ring Arizona AQSh mikrosxemalar bozorida asosiy o'rinni egallamoqchiDemokratlar taklif etayotgan yangi byudjet loyihasi 2,6 dollarga teng yangi xarajatlarni, badavlat fuqarolardan ko’proq soliq olish rejasini o’z ichiga oladi. Respublikachilar bu loyihani rad etgan bo’lsa-da, o’z takliflari bilan chiqqani yo’q.
Prezidentning Shimoliy Karolinaga safaridan maqsad - iqtisodiy sohada amalga oshirilgan ishlarni ko’z-ko’z qilish. Oq uyga ko’ra, vitse-prezident va boshqa rasmiylar ham kelasi haftalarda 20 shtatga borib, shu mavzuga e’tibor qaratadi.
Bayden ikkinchi muddatga nomzodini qo’yish niyatida, ammo buni rasman e’lon qilganicha yo’q.
Respublikachilar orasida hamon ta’sir kuchiga ega Donald Tramp qator jinoiy tekshiruvlar bilan yuzlashar ekan, bu Bayden ma’muriyatiga o’z yutuqlarini, ovozdan o’tgan qonun loyihalarini ko’z-ko’z qilish, butun e’tibori samarali boshqaruvda ekanini saylovchilarga eslatish imkonini beradi.
Tramp 2020-yilgi saylovda Shimoliy Karolinada Baydendan sal ko’proq ovoz to’plagan edi. Kelasi haftalarda prezident va boshqa rasmiylar Jorjiya, Michigan, Pensilvaniya, Nevada va Viskonsin shtatlariga otlanadi. Bu shtatlarda Bayden g’alaba qilgan va 2024-yilgi saylovda ham ular muhim deb ko’riladi.