Yaqin Sharq mintaqasida strategik siljishlar G’arb mamlakatlari ishtirokisiz ro’y berar ekan, diplomatik manbalarga ko’ra, “Katta Yettilik” guruhiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kelasi hafta Yaponiyada o’z strategiyasini muhokama qiladi.
Shu yilning mart oyida ko’p yillik raqobatdan so’ng mintaqadagi ikki raqib davlat, Saudiya Arabistoni va Eron o’rtasida diplomatik munosabatlarni tiklashga Xitoy vositachilik qilgan AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilarini esankiratib qo’ygan.
Qirollik, shuningdek, Suriya Prezidenti Bashar Assad bilan aloqalarni tiklash sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda. Suriyani yakkalash siyosatini tugatishga, G’arb e’tiroziga qaramasdan, boshqa arab davlatlari ham qo’shilyapti.
“Katta Yettilik” a’zolari – Yaponiya, Fransiya, Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada va AQSh vazirlari 16-18 aprel kunlari Karuidzava shahrida uchrashadi.
“[Yaqin Sharq] mintaqasi jiddiy o’zgarishlarni boshdan kechirmoqda, xoh Eron yadroviy inqirozi bo’lsin, xoh Eron-Saudiya kelishuvi ortidan geosiyosiy muvozanatning qayta tuzilishi bo’lsin. Zilziladan keyin Suriyada ham nimadir yuz berayotganini ko’rayapmiz”, - deydi fransuz diplomatlaridan biri.
Yaqin Sharqdagi ba’zi ittifoqchilar, xususan Saudiya Arabistoni, AQShning regionga nisbatan xavfsizlik majburiyatlarini savol ostiga qo’yib, Rossiyaning Ukrainadagi urushi malalasida betaraflik pozitsiyasini tanlagan. Ayrim hukumatlar G’arbga tayanmasdan Xitoy bilan aloqalarni rivojantirmoqda.
Buni ham ko'ring Tehron va Riyod o'rtasidagi diplomatik yaqinlashuv nimani anglatadi?“Katta Yettilik” o’zining xavfsizlik manfaatlarini himoya qila olishi kerak. Bu mintaqaviy va global xavfsizlik manfaatlariga ham mos keladi”, - deydi diplomat.
Charchoq
Yevropalik ba’zi diplomatlar G’arb Yaqin Sharqdan “charchaganini” afsus bilan qayd etadi. Natijada, deydi ular, regiondagi hukumatlar munosabatlarini qayta ko’rib chiqmoqda, bo’shliqni boshqa davlatlar to’ldirmoqda.
“Eron-Saudiya-Xitoy kelishuvi - bizning muammolarimiz nishonasi. Buni hech kim kutmagan edi, shuning uchun bir yoqadan bosh chiqarishimiz lozim”, - deydi yana bir diplomat.
Uchinchi bir diplomatik manba Saudiya boshchiligidagi OPEK tashkiloti G’arbning istaklariga zid ravishda neft ishlab chiqarishni kamaytirayotgani signal ekanini qayd etib deydiki, “Katta Yettilik” mintaqadagi yangi dinamikani hisobga olishi vaqti kelgan.
May o’rtalarida Xirosimada davlat rahbarlari uchrashuvi oldidan yig’ilayotgan tashqi ishlar vazirlari yadroviy qurollar tarqalishi va qurolsizlanish borasida ham gaplashib oladi, xususan Shimoliy Koreya, Eron va Rossiya muhokamada bo’ladi.
Shuningdek, Ukrainadagi urush, Rossiyaning sanksiyalarni chetlab o’tishiga yo’l qo’ymaslik, Hind-Tinch okeanidagi vaziyat va xalqaro qonun-qoidalarga asoslangan tizim muhokamasi ham kun tartibida.
“Katta Yettilik” dunyo muammolariga yechimlar topa olsagina unga ishonch bo’ladi”, - deydi diplomatlardan biri.