Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi “Xalqaro Amnistiya” tashkilotining yillik hisobotida bildirishicha, Ukrainada Rossiya bosqiniga global munosabat dunyo bo’ylab inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilishiga javob qanday bo’lishi kerakligini ko’rsatdi. Ammo, deyiladi hujjatda, G’arb dunyodagi boshqa inqirozlarga ko’z yummoqda.
“BMT Bosh Assambleyasida Rossiya bosqinini qoralovchi rezolyutsiya qabul qilinganini ko’rdik. Xalqaro jinoiy sud urush jinoyatlari bo’yicha tergov boshladi. G’arb mamlakatlari chegaralarini ukrainalik qochqinlarga ochdi. Bu choralar inson huquqlarining ommaviy ravishda buzilishiga qanday javob berish kerakligini ko’rsatdi”, - deydi tashkilot vakili Filip Lyuter.
Rossiya Ukrainada vahshiyliklar sodir etayotganini, tinch aholini nishonga olayotganini inkor etmoqda.
“Xalqaro Amnistiya”ning seshanba kuni chop etilgan yillik hisobotida, shuningdek, Rossiyani qoralayotgan ko’p mamlakatlar ikkiyuzlamachilikda, boshqa davlatlarda inson huquqlari poymol etilayotganiga ko’z yumayotganlikda ayblanadi.
“Ukraina xalqiga yordam berish burchimiz, ammo Falastin, Eritreya, Myanma xalqlariga yordam berish ham. 2023-yilda bunday bo’lmadi”, - deydi guruh rahbari Anyes Kallamar.
Hisobotda Efiopiya g’arbidagi Tigray mintaqasida qurolli to’qnashuvda yuz minglab odam o’lgani qayd etiladi.
G’arbiy Sohilda 2022-yil falastinliklar uchun so’nggi 10 yilda eng qonli davr bo’ldi – kamida 151 odam, jumladan o’nlab bolalar Isroil askarlari o’qidan o’ldi. Isroil terrorchilar nishonga olinganini, terror hujumlarida 23 fuqarosi nobud bo’lganini da’vo qiladi.
Tashkilot hisobotida Myanmada ozchilikdagi karen va karenni xalqlariga qarshi davom etayotgan zulm, buning natijasida yuzlab odamning o’lgani, taxminan 150 ming kishining uyini tashlab qochgani tilga olinadi.
Eronda esa hukumatga qarshi namoyishlar paytida xavfsizlik kuchlari olomonni o’qqa tutib, yuzlab erkak, ayol va bolaning nobud bo’lgani qayd etiladi.
“Xalqaro Amnistiya” Xitoy hukumatini uyg’urlarga qarshi zulmini qoralagan mamlakatlar ovozini do’q-po’pisa bilan o’chirishga harakat qilayotganini ham ta’kidlaydi.
Joriy yilda Inson huquqlarining umumbashariy deklaratsiyasi qabul qilinganining 75 yilligi nishonlanadi. “Xalqaro Amnistiya” mana shu sana munosabati bilan 2023-yil inson huquqlarini himoya qilishda burilish nuqtasi bo’lishi kerakligini urg’ulaydi.
Hisobotda O'zbekistondagi vaziyat ham yoritiladi.
Facebook Forum