Nukusda chetdagi qoraqalpoqlarga nisbatan hukm
Qoraqalpog‘iston Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga ko'ra, xorijda yashaydigan 55 yoshli Amanbay Sagidullaev va 53 yoshli Niyetbay Urazbayev jinoyatchilardir.
O'tgan yilning 1-2 iyulida Nukusda yuz bergan qonli voqealar ortida turganlikda ayblangan bu shaxslar suddagi iddaolarni qat'iyan inkor etadi.
10-may kuni chiqqan hukmda Sagidullayev 18 yillik, Urazbayev esa 16 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan. Sud sudlanuvchilarsiz kechgan.
Buni ham ko'ring Qoraqalpog'istonlik faollar vatanda sudga tortilmoqdaNorvegiyadan boshpana olgan Sagidullaev Jinoyat kodeksining 158-moddasi (O‘zbekiston prezidentiga tajovuz qilish) 3-qismi, 159-moddasi (O‘zbekiston konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 1-qismi, 4-qismi, 244-moddasi (ommaviy tartibsizliklar) 3-qismi va 244-1-moddasi (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan.
Oliy sud bayon qilishicha, Sagidullayevga Jinoyat kodeksining 59-moddasi (bir necha jinoyat sodir etganlik uchun jazo tayinlash) 3-qismi tartibida 18 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanib, jazoning dastlabki 2 yilini turmada, qolgan qismini umumiy tartibli koloniyada o‘tash belgilangan.
Sud, shuningdek, internetda Sagidullaevga tegishli sahifalar va kanallar bloklanishini buyurgan.
Qozog'istonda yashaydigan Urazbayev, qarorda qayd etilishicha, Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi, 244-moddasi 3-qismi va 244-1-moddasi 3-qismi “a”, “g” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan. U Jinoyat kodeksining 59-moddasi 3-qismi tartibida 12 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilib, jazoni umumiy tartibli koloniyada o‘tashi kerak.
"Mazkur hukmdan norozi taraflar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi orqali Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instantsiyasiga protsessual qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda shikoyatlar berishga, prokuror esa protest bildirishga haqli", - deya eslatadi Oliy sud matbuot xizmati.
Sagidullayev - "Alga Qaraqalpaqstan" harakati yetakchisi. Uning ijtimoiy tarmoqlarda bong urishicha, faoliyati vatanga sadoqat va muhabbatni aks ettiradi. Sagidullayev Nukusdagi sudni qoralagan va o'tgan yilgi tartibsizliklarga aloqasi yo'qligini aytgan.
Urazbayev - Qozog'iston fuqarosi, Mang‘istau viloyatidadagi qoraqalpoq etnik-madaniy birlashmasi raisi va bu respublikada Xalqlar assambleyasi a’zosi.
Qozog'istonda yashaydigan va ona yurtidagi vaziyatga befarq emasligini aytadigan qoraqalpoq aktivistlar Toshkentni erkinlik va adolat istagan insonlarni jazolayotganlikda ayblaydi.
Urazbayevni 2022-yilning oktabrida O‘zbekiston hukumati qidiruvga berib, qo'shni davlatdan uni qo‘lga olish va O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishni so‘ragan.
Toshkentda yanvarda hukm o'qilganlarning apellyatsiya sudi
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atida Qoraqalpog‘iston sudining shu yilning 31-yanvarida Buxorodagi mahkamada jazoga hukm qilingan 22 qoraqalpoqdan 20 nafarining ishi qayta ko'rib chiqilmoqda.
Shikoyatchilar - 21 kishini hayotdan olib ketgan iyul voqealarida ayblanib, bir necha yillik qamoqqa loyiq topilgan fuqarolar.
Eng uzoq muddatga, 16 yilga panjara ortiga tashlanishi buyurilgan Dauletmurat Tajimuratov, advokatlariga ko'ra, siyosiy mahbusdir.
Buxuroda e'lon qilingan hukmda Lolagul Kallixanova, Azamat Turdanov, Ahmet Smetullayev va Azamat Nuratdinov jazoni uyda o'tashi belgilangan edi. Qoraqalpog'iston prokuraturasi bu qarorga nisbatan protest bildirgan. Shu bois ularning ishi ham hozir muhokamada.
Apellyatsiya jarayonida har bir sudlanuvchi so'zlamoqa, savollarga javob bermoqda, deya bildiradi Oliy sud matbuot xizmati.