AQSh Davlat departamenti Prezident Rajab Toyib Erdog’anning “Bayden Erdog’anni ag’darishga buyruq berdi” degan so’zlariga o’z munosabatini bildirdi. Vashington Turkiyadagi saylovni yaqindan kuzatmoqda va hech bir tomonga yon bosmaydi, deyiladi unda.
Departament so’zlovchisi Turkiya AQShning azaliy ittifoqchisi ekanini qayd etgan.
“Bizning e’tiborimiz faqatgina demokratik jarayonda, u erkin va adolatli bo’lishi kerak. Turkiya hukumati saylovni o’z demokratik an’analari va qonunlari doirasida o’tkazishiga ishonamiz”.
Buni ham ko'ring AQSh Turkiyada fitna tayyorlayaptimi?13-may kuni Istanbulda so’zlar ekan, Prezident Erdog’an shunday dedi: “Bayden Erdog’anni ag’darishga buyruq bergan, buni bilaman. Butun xalqim buni biladi. Agar shunday bo’lsa, ertangi ovozlar Baydenga javob bo’ladi”.
AQSh Milliy xavfsizlik kengashi so’zlovchisi Jon Kirbi Turkiyada demokratik an’ana va institutlar borligi, mamlakat kelajagini xalq belgilashini ta’kidladi.
Turkiya Ichki ishlar vaziri va AK partiyasi (“Adolat va Taraqqiyot”) a’zosi Saulaymon Soylu AQSh bir muddat avval Turkiyadagi saylovlarga aralashganini, 14-may kuni esa G’arb siyosiy to’ntarish uyushtirishini iddao qilgan.
Turkiyada prezident va parlament saylovlarini ko’pgina xalqaro tashkilotlar kuzatmoqda, jumladan, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT).
YXHT kuzatuvchilar delegatsiyasi a’zosi, Anqarada ovoz berishni kuzatgan amerikalik qonunchi Viktoriya Spartz deydiki, saylovda xalq xohish-irodasi namoyon bo’lishi lozim.
“Yangi hukumat kelganda hamma narsani qayta baholab, o’zgarishlarni amalga oshirishi kerak. Shu bilan birga, har bir hukumat bilan o’zgarmaydigan juda kuchli huquqiy va konstitutsiyaviy asos ham kerak”.
Spartz Turkiyaning NATO bo’yicha ittifoqchi va mintaqadagi muhim davlat ekanini tilga oldi.
“Hokimiyatda kim bo’lishidan qat’i nazar, munosabatlarimiz yaxshi bo’lishiga umid qilaman. AQSh ham Turkiya uchun muhim ittifoqchi. Fikrimiz har doim ham bir joydan chiqmaydi, ammo birga turishimiz, xalqlarimiz erkinligiga ishonishimiz, bu xavfli dunyoga barqarorlik olib kelishimiz lozim. Turkiya bunda katta rol o’ynay oladi”.