Texasning Yuvaldi shahrida 19 o’quvchi va ikki o’qituvchi o’ldirilganiga bir yil to’lar ekan, Prezident Jo Bayden urush qurollari sotuvini cheklashga chaqirmoqda. Muxolif partiya bunday takliflarga doimiy ravishda qarshi va o’tgan bir yilda hech narsa o’zgarmagan.
Texasdagi bu oilalar uchun bir yil oldin hamma narsa o’zgardi. O’shanda qurollangan shaxs boshlang’ich maktabga kirib, 19 bola va ikki o’qituvchini otib o’ldirgan.
Qatliomdan bir necha kun o’tib, Prezident Jo Bayden Yuvaldiga borib ota-onalar bilan uchrashgan. Mudhish voqeaning bir yilligi xotirlanmoqda.
“Har bir joyda bir xil gapni eshitdik. Xudo haqqi, biror narsa qiling, deyishdi. Qildik, lekin yetarli emas”, - deydi Bayden.
Bayden yuqori quvvatli va yuqori sig’imli qurollarni man etishda Kongressdan yordam so’ramoqda.
Aksar respublikachilar qurol nazorati konstitutsiyadagi ikkinchi tuzatishga zid ekanini aytib, bu choralarga qarshilik bildirib keladi. 2022-yilning yozida texaslik senator Ted Kruz qurol zo’ravonligini kamaytirishga qaratilgan loyihaga qarshi ovoz bergan.
“Bunday qonunlar natijasida nima bo’ladi? Qonunga bo’ysunuvchi fuqarolarni qurolsizlantirgan bo’lamiz xolos. Lekin jinoyatchi odam qonunga bo’ysunmaydi. Jabrlanuvchilarning qurolini olib qo’ysak, natijada jinoyatchilarning bunday zo’ravonliklarni sodir etishi osonlashadi”, - deydi senator.
Oq uyga ko’ra, ommaviy otishmalar muammosini Kongressiz hal qilib bo’lmaydi.
“Prezident qurolli zo’ravonlikni kamaytirish, urush qurollarini xavfli qo’llardan uzoqroq saqlash uchun o’nlab farmonlar chiqardi. Lekin bular yetarli emasligini aytib kelmoqda”, - deydi Oq uy so’zlovchisi Karin Jan-Pyer.
Yuvaldi ahli hamon motamda.
“Og’ir hafta. Oilalar qanday og’riqni boshdan kechirayotganini tasavvur ham qilib bo’lmaydi. Javobsiz savollar ko’p”, - deydi shahar meri Don Maklaflin.
Ba’zilar bu og’riqni siyosiy harakatga aylantirib, Texas qonunchilaridan urush qurollarini 21 yoshgacha bo’lgan odamlarga sotmaslikni talab qilmoqda. Shtat gubernatori bunga qarshi.
Texas Senatida qatliomning bir yilligi sukut saqlash bilan xotirlandi, ammo biror chora ko’rish uchun siyosiy iroda yo’q.