YXHT O'zbekistonda saylovoldi kuzatuvini boshlamoqda

Konstitutsion referendum, Toshkent, 30-aprel, 2023

O'zbekistonda 30-aprelda o'tgan konstitutsion referendumni va umuman shu kungacha mamlakatda kechgan biror ovoz berish jarayonini demokratik deb topmagan Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) 9-iyulda rejalangan prezident saylovini kuzatadi.

Protsessni monitoring qilish uchun Toshkentda 11 mutaxassis, mamlakat bo'ylab esa 24 uzoq muddatli ekspert safarbar etilmoqda.

Polshalik arbob Ursula Gatsek - missiyaga bosh-qosh. Uning 8-iyun kuni o'tgan matbuot anjumanida "Amerika Ovozi"ga bildirishicha, kuzatuvchilar YXHTga a'zo davlatlardan muayyan talablar asosida tanlanadi.

Buni ham ko'ring Jahon bo'ylab demokratik me'yorlar pasaygan, Markaziy Osiyo yanayam orqada

"Kuzatuvchilarimizni yollash tartibi oshkora. Missiya oldidan tanlov e'lon qilamiz. Xolislik biz uchun ustuvor me'yor. Kuzatuvchilarning xarajatlarini biz qoplaymiz, ya'ni YXHT. Ularning har bir qadamini biz belgilaymiz", - deydi Gatsek.

Kuzatuvchilarni ularning davlatlari yoki mezbon davlat saralamaydi, deydi diplomat.

"Bizga ekspertlarni biror hukumat taklif yoki tavsiya qilmaydi. Biz ularni o'zimiz, tartib-qoidalarimiz asosida va albatta, tajriba va bilimiga qarab missiyaga qo'shamiz".

Gatsek yetakchiligidagi missiya, YXHTning boshqa saylov delegatsiyalari singari tashkilotning Demokratiya va inson huquqlari byurosida shakllangan.

Demokratiya va inson huquqlari byurosi O'zbekistonda YXHTga a'zo 57 davlatdan 250 qisqa muddatli kuzatuvchilarni ham ishga soladi. Ularning birlamchi vazifasi: ovoz berish, ularni sanash va natija tahlilini monitoring qilish.

Ursula Gatsek, polshalik sobiq diplomat, sobiq senator va Yevropa parlamentining sobiq a'zosi, ayni damda YXHTning O'zbekistondagi saylov kuzatuvi delegatsiyasi rahbari

Gatsek deydiki, missiya - O'zbekiston rahbariyati taklifiga ko'ra safarbar etilmoqda. YXHT a'zosi sifatida respublika tashkilot bilan yaqindan ishlaydi.

Biroq, deya urg'u beradi saylovni kuzatish delegatsiyasi boshlig'i, missiya betaraf bo'lishi shart, ya'ni, unda hech kimga yon bosilmaydi.

"Har bir jarayon mustaqil, oldingilari bilan qiyoslanmaydi, ularga qarab yondashilmaydi. Har bir missiya o'z hisoboti va tavsiyalarini beradi. Ularni ko'rib chiqish va inobatga olish mezbon hukumatga havola", - deydi Gatsek.

Bu hisobotlarda shu paytgacha O'zbekistonda biror saylov yo referendum adolatli, erkin yo demokratik deb topilmagan.

Buni ham ko'ring YXHT: O'zbekistondagi konstitutsion referendum raqobatsiz va debatsiz kechdi

Missiya boshlig'i deydiki, uning hozirgi guruhi yaqinlashayotgan saylovga bahoni o'tmishdagi jarayonlarga qarab emas, uning o'zi bevosita kuzatgan va guvoh bo'lgan holatlarga qarab beradi.

"Biz media emasmiz. Biz u yo bu tarafning pozitsiyasini muhokama qilmaymiz. Biz texnik va demokratik me'yorlar asosida O'zbekistondagi bugungi vaziyatni kuzatamiz va xalqaro hamjamiyatga u haqda axborot beramiz."

YXHT uchun bu hisobotlar samara berishi muhim emasmi?

"Albatta muhim va biz ular yuzasidan hukumat bilan muloqot olib boramiz. Har bir ovoz berish jarayonidan keyin ilk hisobotimizni chiqaramiz va keyin ancha o'tib, yakuniy xulosa. Yakuniy xulosada hukumatga aniq rekommendatsiyalar beriladi. Ularni biz rahbariyatga tushuntiramiz, qismma-qism muhokama qilamiz", - deydi Gatsek.

Lekin bu diplomat ham oldingi missiyalarning boshliqlari singari YXHT hukumatlarni izza qiluvchi yoki jazolovchi organ emasligiga ishora qiladi.

Saylov mamlakat qonunchiligi va xalqaro qonunlarga binoan adolatli, erkin va demokratik o'tishi shart. Buni ta'minlamagan hukumat avvalo o'z xalqi oldida javobgar.

YXHT missiyalarining kuzatuvi va hisoboti jarayonni xatlaydi va uni dunyo ahliga yetkazadi. Gatsek uning delegatsiyasi aynan shu ishni qilishini, qolgan masalalar uning vakolatidan tashqarida ekanini ta'kidlaydi.

Gatsek - Polshaning sobiq senatori va Yevropa parlamentining sobiq a'zosi.