Yevrosiyo guruhi fondi tadqiqotchilari olib borgan ommaviy so'rovlarda Janubiy Koreya, Filippin va Singapur ahli AQSh va Xitoy orasidagi ziddiyatlar ularni qo'rqitishini bildirgan. Orada urush chiqishi mumkin, Xitoy atrofidagi davlatlarning tinchligi buziladi, degan xavotir kuchli.
Respondentlarning aksariyati Amerikani yoqlagan. Janubiy Koreya va Filippinda 70 foiz odam AQShni yoqtirishini aytsa, 34 foizi Xitoyning tarafini olgan.
Singapurda ko'pchilik Pekin haq deb, Amerikani qoralagan.
Umuman olganda odamlar tanlashga majburmasligini, ikki qudratli davlat ularning vatanida beqarorlikka turtki bermasligi kerakligini ta'kidlagan. Jamoatchilik siyosiy partiyalarni tarafkashlik qilmaslikka undagan.
O'tgan bir yil mobaynida Vashington va Pekin orasida achchiq so'zlar almashinuvi tinmayotgani Osiyo bo'ylab sarosimaga yetaklayotganini tahlilchilar eslatib keladi.
Shu kunlarda Xitoyga otlangan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ochiq va dangal muloqot zarur, deya chaqirmoqda.
Blinken deydiki, Bayden ma'muriyati har qanday ziddiyatni diplomatik hal qilishni istaydi.
Xitoy hukumati esa AQShni uning ichki ishlariga aralashayotganlikda ayblab keladi. Tashqi ishlar vazirligi o'z bayonotlarida Vashingtonni Xitoyning suverenitetini hurmat qilmaganlikda, xavfsizligiga doir masalalarda uning harakatlarini huquqbuzarlik va adolatsizlik deb atab, davlat sha'nini yerga urayotganlikda qoralaydi.
AQSh nazarida esa Pekin uyg'ur elatini azaldan ezib kelmoqda. Vashington bu siyosatni genotsidga tenglashtirib, Xitoyga qarshi qonunlar qabul qilgan, sanksiyalar qo'ygan.
Amerika, shuningdek, o'zini mustaqil deb biladigan Tayvanni ham himoya qilib keladi. Xitoy uchun Tayvan uning ajralmas qismi.
Yevrosiyo guruhi fondidan ekspert Zuri Linetski deydiki, osiyoliklar orasida Amerika va Xitoyni yoqtiradiganlar va birdek yoqtirmaydiganlar talay.
“Osiyo - dunyoning katta va rang barang qismi. Bu yerda ham odamlar o'z fikri, tahlili va tanlash imkoniyatlariga ega”, - deydi mutaxassis.
Linetskining hukumatlarga aytadigan gapi shuki, biror tashqi kuch "odamlar biz tomonda" deb o'ylamasligi kerak, chunki omma hamisha o'z vatani manfaatini o'ylaydi va vatanidagi vaziyat talabga javob bermasa-da, uning tinchligi uchun qayg'uradi.
Xitoy Tayvanga bostirib kirsa, Janubiy Koreya, Singapur va Filippinda aksariyat respondentlar AQShni quvvatlashini aytgan.
“Amerika bu insonlar nigohida himoyachi sifatida gavdalanadi, mabodo Xitoy atrofidagi davlatlarga nisbatan agressiv harakat qilsa. Biroq hech kim shunday ishlar bo'lishini xohlamaydi", - deydi Linetski.
Janubiy Koreya
Janubiy Koreya ahli Osiyoda Amerikani eng keng quvvatlovchi omma bo'lib qolmoqda, deydi tadqiqotchilar. Respondentlarning 82,6 foizi AQShni yo judayam ma'qullashini yo muayyan sabablarga ko'ra xushlashini aytgan. Xitoyga nisbatan shunday fikr bildirganlar 15 foizdan oz.
Janubiy koreyaliklarning aksariyati Amerika siyosiy tizimiga namuna sifatida qarashini aytgan. Xitoyga shunday qaraydiganlar 6,6 foiz.
72 foizdan oshiq koreyslar Amerika ta'sirini ijobiy deb bilsa, Xitoy ta'sirini shunday baholaydiganlar 14 foiz.
Filippin
Filippin ahli orasida ham AQShni yoqlaydiganlar katta sonni tashkil etadi, deyarli 82 foiz. Biroq ular orasida Xitoyga dushman deb qaramaydiganlar, uni ham ma'qullaydiganlar borligi aniqlangan. 30 foizdan oshiq filippinliklar Xitoyni ijobiy ruhda ko'rishini aytgan.
AQSh siyosati va Vashington strategiyasi borasida Filippin va Janubiy Koreya jamoatchiligi deyarli o'xshash qarashga ega, deydi so'rov olib borgan mutaxassislar.
85 foiz filipinlik Amerikani ijobiy rolda ko'rsa, 33,5 foizi Xitoy ham shunday, deb javob bergan.
Singapur
Singapur yaqinda o'rganilgan jamiyatlar orasida eng xitoyparasti deb topilgan. Respondentlarning qariyb 56 foizi Xitoy tarafida ekanini bildirgan, 48 foizi esa Amerikani yonini olgan.
Bu mamlakatda ham AQShga havas qiladiganlar talay, deydi tadqiqotchilar, ammo ular avvalo yaqin davlatlar bilan aloqa joyida bo'lsin, deya ta'kidlagan.
38 foiz singapurlik "Xitoy bizga namuna" degan va u bilan orani buzmaslik shart, deya qayd etgan.
Singapurga ijobiy ta'sir borasida 69 foizdan oshiq respondent AQShga ishora qilgan, yana shunchasi esa Xitoyga.