“Odamlarning saylovlardan ham, referendumlardan ham ixlosi qaytgan. Bu ishonch Mirziyoyevning g’alabasidan keyingi yetti yilda ham tiklanmaydi”.
Faollar O’zbekistonda kutilayotgan prezidentlik saylovlari haqida qisqacha shunday xulosada.
Aksariyat o’zbekistonliklar Shavkat Mirziyoyev qasamyod marosimida ishtirok etgan Turkiyadagi saylovlarni diqqat bilan kuzatdi.
Rajab Toyib Erdog’an va muxolifat nomzodi Kamol Qilichdoro’g’li o’rtasida kechgan bu saylov taqdiri oxirigacha noma’lum edi. Erdog’an uchun bu saylovlar qiyin kechdi, uning g’alabasini 5 foizga yaqin ovoz belgiladi.
Erdog’anni Turkiyada bevosita g’alaba bilan tabriklab, mamlakatga qaytgan Prezident Mirziyoyevni ham 9-iyulda saylovlar kutib turibdi. Ammo Mirziyoyev xotirjam, uning saylovda 5 foiz emas, 80 foiz atrofidagi farq bilan g’alaba qilishiga hech kim shubhalanmayapti.
Naqafat Mirziyoyevning o’zi, balki uning raqobatchilari, “Adolat”, “Xalq demokratik partiyasi”, O’zbekiston ekologlari partiyasidan surilgan nomzodlar ham shunday ishonchda ekanligi haqiqatga yaqin.
Mirziyoyevdan boshqa hech kim hokimiyatga da’vogar emas ekan, unda O’zbekiston prezidentligi uchun navbatdan tashqari saylovlarni o’tkazishdan maqsad nima?
Nega boshqa partiyalar ham “Milliy tiklanish” kabi Mirziyoyev nomzodini rasman qo’llab-quvvatlash bilan cheklanishmadi?
“Amerika Ovozi” bu savollarni, umuman saylovga nisbatan jamoatchilikdagi mavjud munosabatlarni salkam 30 yildirki inson huquqlari bilan shug’ullanib kelayotgan faol A’zam Turg’unov bilan muhokama qildi.