To'g'on portlatilishi Zaporojye atom stansiyasini suv manbaidan ayirdi

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Yangi Kaxovka suv ombori qulashi ortidan Ukraina hukumati Zaporojye atom elektr stansiyasidagi ahvolni diqqat bilan kuzatmoqda. Rossiya qo‘shinlari bir yil oldin egallagan mazkur AES reaktorlarini sovitishda ombor suvidan foydalanar edi.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bosh direktori Rafael Grossining aytishicha, stansiyaga bevosita xavf yo’q, ammo vaziyat beqarorligicha qolmoqda.

Reaktorlar ishdan to‘xtagan, ammo sovitish tizimi ishlashda davom etishi zarur. Stansiya bir yildan beri Rossiya qo’shinlari nazoratida ekan, uning faoliyati bo’yicha xavotirlar mavjud.

Ukrainaning “Energoatom” davlat korxonasi rahbari Petro Kotinning “Amerika Ovozi”ga bildirishicha, atom stansiyasida hozirda xodimlardan ko’ra rus harbiylari soni ancha ko‘p.

“Stansiyadagi vaziyat, uning o’tgan yili 4-mart kuni ishg’ol etilishidan so’ng tinimsiz yomonlashmoqda. Rus qo’shinlari Energodarga kelib, o’z rejimini o’rnatgan. U yerda vaziyatni harbiylar boshqarmoqda”, - deydi Kotin.

O’ttiz yildan oshiq davr davomida Zaporojye atom stansiyasini boshqargan Kotin deydiki, rus qo’shinlari stansiya xodimlarini qo’rqitgan va ularga bosim o’tkazgan.

“Xodimlar kaltaklangan. Ularni qo’lga olib qamashgan. Ularga qarshi turli ko’rinishdagi qiynoqlar qo’llangan. Qanchasi o’ldirilgan yoki bedarak ketgan. Ularning taqdiri hamon noma’lumligicha qolmoqda”, - deydi suhbatdosh.

Ukraina energetika sohasi rasmiylariga ko’ra, stansiyadagi vaziyat ustidan nazorat ularning qo’lida emas.

O’zini Valentin deb tanishtirgan stansiyaning xavfsizlik xizmati xodimi “Amerika Ovozi” bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Buni ham ko'ring Ukrainada portlatilgan to'g'on talafotlari

“Atom stansiyasi to’laqonli harbiy bazaga aylantirilayotgani eng katta xavfdir. Ular bu yerda mudofaa inshooti qurib olgan, ko’plab harbiy texnika keltirishgan. Stansiyani boshqarayotganlar nima qilayotganini bilmaydi. Ular bu yerni mudofaa obyekti sifatida ko’rishadi. Stansiya bunday inshoot emas, bu ishlar texnogen falokatga yetaklashi mumkin”, - deydi stansiya xodimi.

Mutaxassislarning ogohlantirishicha, har qanday noto’gri qadam radiatsiya tarqalishiga olib keladi, uning halokatli oqibati Yevropa, Rossiya va O‘rta dengizgacha seziladi.

Ukraina Energetika vaziri German Galushchenko ham shu fikrda.

“Shamolga qarab har kuni vaziyat o'zgaradi. Yadroviy bulurar Turkiya, Rossiya, Moldova, Ruminiya, Vengriya, Polsha, Belarus osmonini qoplashi hech gap emas”, - deydi vazir.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro nazoratchilar, deydi u, tezroq choralar ko’rishi kerak.

“Bombardimonga uchrab, raketalar dizelda ishlaydigan agregatni ishdan chiqarib qo’ysa-mi, hammasi tugaydi. Bu masalada kim aybdor, Ukrainami yoki Rossiyami degan muhokamalarga o’rin yo’q. Bundan millionlab odam talafot ko’radi. Masala shunda”, - deydi Galushenko.

Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlik rahbaribning Zaporojyegagi stansiyaga tashrifi kutilmoqda.