Ukraina: Rossiya minglab oddiy odamlarni asirga, garovga olgan

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Ukraina rasmiylariga ko’ra, Rossiya 20 mingdan ortiq ukrainalikni asirlikda ushlab turibdi. Ulardan biri Yuriy Kayov, o’tgan yili oktabrda qo’lga olingan. Hozir Moskvadagi qamoqxonada. “Amerika Ovozi” uning rafiqasi Olga Kayova bilan suhbatlashdi.

“U menga bir suratni jo’natdi-da, qara endi rasman ko’ngilliman dedi”, - deydi Kayova.

Olga va Yuriy Kayovlar Xerson shahridan. Urush boshlanganda Yuriy Qizil Xoch tashkilotiga qo’shildi. Ukraina nazoratidagi Zaporojyedan o‘sha paytda Rossiya nazoratidagi Xersonga gumanitar yordam tashidi. Uni Rossiya kuchlari o’shanda hibsga olgan.

“2022 yilning 6-avgustida Yuriyning tanishi qo’ng’iroq qilib, erim hibsga olinganini aytdi”, - deydi Olga.

Keyinroq Olga erining Melitopol va Xerson shaharlarida, undan so’ng Simferopoldagi qamoqxonada ekanini bildi. Shundan so’ng u haqda boshqa eshitmadi. O’lgan deb o’yladi.

“6-oktabrda Simferopoldan advokati qo’ng’iroq qildi. Erimning qo'li bilan yozilgan xat fotosuratini yubordi. Tirikligini o’shanda bildim. Advokatining aytishicha, Yuriy xalqaro terrorizmda ishtirok etganlikda ayblangan”, - deydi Olga.

Bir necha haftadan so’ng Yuriyni Moskvadagi Lefertovo qamoqxonasiga olib ketishgan.

Yuriy qamoqxonada qolayotganiga yaqinda bir yil to’ladi. BMTga ko’ra, yuzlab ana shunday holatlar bor. Ukraina rasmiylarining bildirishicha esa Rossiya qamoqxonalarida o'n minglab ukrain fuqarolari asirlikda.

Moskva buni inkor etadi. Alyona Lunyova - inson huquqlari bo’yicha mutaxassis.

“Ukraina parlamentining Inson huquqlari bo'yicha komissari taxminan 23 mingdan 25 minggacha ukrainalik asirlikda ekanini aytmoqda. Katta raqamlar!”, - deydi u.

Kayovning taqdiri Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlariga bag’ishlangan filmda ham aks etdi. Film Rossiyaning Ukrainadagi jinoyatlarini hujjatlashtirish bo'yicha Rafael Lemkin markazi tomonidan to'plangan dalillar asosida ishlangan.

Buni ham ko'ring Ukrainadan Rossiyaga 19 545 nafar bola deport qilingan

“Kino to’rt asir haqida hikoya qiladi. Uch nafari hozirda Rossiya qamoqxonalarida. Ikki nafari Moskvadagi Lefortovo qamoqxonasida, yana biri Rostov shahrida. To'rtinchisi esa o'sha paytda bosib olingan Xersonda 54 kun asirlikda bo'lgan, hozirda ozod etilgan”, - deydi “Uning o’g’illari” filmi rejissyori Anna Beregova.

Uning aytishicha, kamida yana uchta filmga yetadigan material bor.
Tahlilchilarning aytishicha, asirlarning yaqinlari va huquq himoyachilari buni ommaga oshkor etishi, ovoza qilishi kerak.

Harbiy asirlarni ayirboshlash bo’yicha xalqaro kelishuv bor. Harbiy asirlardan farqli o'laroq, o'g'irlangan tinch aholi vakillari bu huquqdan foydalana olmaydi.

“Urush asirlari hech bo'lmaganda xalqaro maqomga ega. Bu Jeneva konvensiyasida qayd etilgan. Ammo garovga olingan fuqarolarga kelganda, yuridik asos yo’q”, - deydi inson huquqlari bo’yicha ekspert Alyona Lunyova.

Uning aytishicha, Kiyev asirlikdagi Rossiya askarlarini oddiy ukrain aholi vakillari evaziga bermaydi.

“Shubhasiz, bosib olingan hududlarda millionlab ukrainaliklar bor. Agar Ukraina hukumati rus askarlarini tinch aholiga almashtirishga ruxsat bersa, ertagayoq yana kamida 20 ming aholi garovga olinadi”, - deydi ekspert.

Ukraina rasmiylari va huquq faollari asirga olingan tinch aholini ozod etish uchun xalqaro hamjamiyat va uchinchi tomonlarni vositachilik qilishga chaqirmoqda.

Olga Kayova eriga xususiy advokat topishga muvaffaq bo’ldi. Advokatning sa'y-harakatlari bilan vaqti-vaqti bilan eridan xat-xabar kelib turadi. Olga erining bir kun qaytib kelishiga umid qilmoqda.