C5+1: AQShdan konkret qadamlar kutilmoqda

Vashingtonda Markaziy Osiyo-Kavkaz institutida muhokama, 28-sentabr, 2023

AQSh rahbari Jo Baydenni Markaziy Osiyo liderlari bilan uchrashishga undab kelgan va yaqinda bunday muloqot yuz berganidan mamnun tadqiqotchi Frederik Starr deydiki, Amerika mintaqa birdamligi va iqtisodiy taraqqiiyoti yo'lida yetakchi rol o'ynashi lozim.

"Markaziy Osiyoning besh respublikachi biz bilan yaqindan ishlashga tayyor. Har biri mintaqaviy integratsiya tarafdori. Biz bunday ochiqlik va hamkorlikka intilishdan foydalanib qolishimiz kerak", - deydi Starr.

Starr - Vashingtondagi aql markazlaridan biri bo'lmish Markaziy Osiyo-Kavkaz instituti asoschisi. AQShdan kutilayotgan dadil qadamlar aslida qimmatga tushmaydi, deydi u, mavjud mablag'ni to'g'ri yo'naltirish zarur.

"Amerika hukumati diplomatik jihatdan dadil bo'lib, Markaziy Osiyo rahbariyatlari olg'a surayotgan takliflarga quloq solishi, real vaziyatdan kelib chiqib, qarorlar qilishi kerak", - deydi Starr.

Uning qayd etishicha, Bayden va besh respublika prezidentlari uchrashuvida o'rinli masalalar ko'rib chiqilgan, jumladan xavfsizlik, savdo va transport.

Your browser doesn’t support HTML5

Bayden-Markaziy Osiyo sammiti: demokratiya yo yakkahokimlik?

"Bu yo'nalishlarda harakatlar samara berishi atrofdagi davlatlar bilan ishlashni ham talab qiladi, jumladan transport bobida Ozarbayjon va Gruziya bilan hamda janubdagi Afg'oniston bilan", - deya qo'shadi Starr.

O'zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov Starrning markazidagi virtual forumda eslatishicha, Toshkent C5+1 diplomatik formati doirasida mintaqaviy institutlashishga undamoqda. Ya'ni, deya tushuntiradi diplomat, birdamlik konkretlashishi zarur.

Buni ham ko'ring AQSh Trans-Kaspiy forumida Markaziy Osiyoni hamkorlik va demokratiyaga undadi

Mirziyoyev ma'muriyati AQSh va boshqa davlatlarning Afg'onistonga e'tibor berishini istaydi. Toshkent nazarida bu qo'shnining hududi orqali yangi yo'llar ochilmasa, savdo kengayishi qiyin.

"O'zbekiston islohotlar ostida va faqat olg'a harakatdamiz. Har jihatdan o'zgarishlar bo'layapti va bu jarayonlar ortga qaytmaydi",- deydi Sidiqov davlati siyosatini tushuntirar ekan.

Qo'shnilar bilan aloqalarni kuchaytirish Toshkent uchun birlamchi o'rinda, shuningdek, biznes imkoniyatlar ochish va dunyo bilan tijoriy bog'lanish.

"O'zbekiston va AQSh bir-birini har doimgidan ham yaxshiroq biladi va tushunadi. Biz qay jihatdan mutlaq yakdil ekanimizni, qay yo'nalishda hali yana ishlashimiz lozimligini anglaymiz", - deydi O'zbekiston elchisi.

Uning tasvirlashicha, AQSh Kongressida O'zbekistonni quvvatlovchilar tobora ko'payib bormoqda. Respublika, deydi u, bugun Amerika hukumati, xususiy sektori va nohukumat tashkilotlari bilan muntazam muloqotda.

Your browser doesn’t support HTML5

AQSh, Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti nimadan darak?

Amerika Tashqi siyosat kengashi eksperti Enders Uimbush fikricha, C5+1 doirasidagi maqsadlar va faoliyat oydinlashishi uchun hali ko'p ishlash kerak.

"Hozirda ko'p narsa quruq gap. Geosiyosiy vaziyat va atrofdagi mamlakatlarlardagi real ahvolni nazarda tutsak, bu dialog kengayishi lozim. Qo'shnilar, nafaqat Rossiya va Xitoy, balki Eron, Afg'oniston ... Ularning manfaatlari va siyosatini hisobga olmasdan, integratsiyaga erisha olmaysiz", - deydi Uimbush.

U ham mintaqaviy tashkilot zarur deb hisoblaydi. Lekin u qayerda asoslangan bo'ladi? Bu borada respublikalar kelisha oladimi?

Starr AQSh hukumatini Markaziy Osiyo birdamligini targ'ib qiluvchi media, ommaviy axborot vositasini shakllantirishga ham undamoqda.

"Mintaqa tillarida bo'lsin hamda ingliz tilida, toki Markaziy Osiyo informatsion jihatdan bog'lansin, o'zaro va dunyo bilan", - deydi ekspert.

"Bu ishni AQSh qilmasa, kim qiladi?"

Forumda so'zlaganlar 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda AQSh va Markaziy Osiyo rahbarlari uchrashuvida qayd etilgan sohalarda yaqin kelajakda salmoqli progress bo'ladi degan umidda.

Your browser doesn’t support HTML5

Toshkent-Nyu-York: AQSh-Markaziy Osiyo prezidentlari sammiti tahlili