BMTning Savdo va taraddiyot agentligi (UNCTAD) ma'lum qilishicha, hozirgacha G'azo sektoriga keltirilgan zarar o'nlab milliard dollarni tashkil etadi.
Isroil hujumlarni davom ettirarkan, sektorni tiklash yanayam qiyinlashadi, chunki hozirgi mojarodan oldin ham vaziyat bu hududda bag'oyat murakkab edi.
“Iqtisodiy rivojlanish uchun hozirgi cheklovlar bekor qilingan taqdirda ham G'azoda tirikchilikni yo'lga qo'yish katta sarmoya, uzoq vaqt va qattiq mehnat talab qiladi", - deyiladi BMT hisobotida.
“Donorlar va xalqaro hamhamiyat shularni inobatga olib, yordam rejasini tuzishi, moliyaviy ko'makni oshirishi lozim".
Agentlik o'tgan bir yilgi ahvolni tahlil qilarkan, ayni damdagi beqarorlik ko'lami G'azoda hayotni va har qanday faoliyatni mutlaq izdan chiqargan, deya xulosa qiladi.
7-oktabrda XAMAS Isroilga hujum qilib, 1400 dan ortiq yahudiyni o'ldirganidan beri avj olgan urushda 7000 nafarga yaqin falastinlik halok bo'ldi. Isroil XAMASga qarshi chora deya turli obyektlarni nishonga olar ekan, G'azoda oddiy odamlarning yostig'i qurimoqda.
BMT har ikki tomonning zo'ravonliklarini qoralab chiqqan, sulhga chaqirmoqda. UNCTAD direktori Richard Kozul-Rayt deydiki, zararni hisoblash hozir imkonsiz.
“Turar joylar, kasalxonalardan tortib, boshqa joylargacha. O'nlab milliard dollarlik ziyon. Urush to'xtamaguncha, aniq tasavvurga ega bo'la olmaymiz", - deydi Kozul-Rayt.
"Falastin iqtisodi to'xtagan, chunki ishlab chiqarish vayron bo'lgan. Bu xalq o'z kunini yordamsiz ko'ra olmaydi".
O'nlab yillardan beri qamalda ekan, G'azo aholisining kamida 80 foizi chetdan berilgan ko'makka zor. Ishsizlik 50 foiz atrofida. Falastin iqtisodiyoti Isroil nazoratida va unga tobe, deya ta'kidlanadi BMT hisobotida.
“Falastinliklarning tashqi dunyo bilan savdosi Isroil qo'lidan o'tadi va u soliq oladi. Chegaralar, bojxona butkul Isroil kontrolida", - deydi Mutasim Elagra, UNCTADning hududdagi vakili.
“Falastin boshqaruvi xazinasiga tushadigan daromadning uchdan ikki qismi Isroil tekshiruvidan o'tadi, aksariyat hollarda kechikadi yoki muzlatiladi".
XAMASga qarshi chora sifatida hozirda G'azo tok, suv, oziq-ovqat va dori-darmondan uzilgan. Yordam oqimi ham cheklangan.
Isroil hukumatiga ko'ra, bu - terrorizmga qarshi favqulodda tadbir. BMTga ko'ra esa yahudiy davlat tinch aholini azoblamoqda. Xavfsizlik kengashi masala yuzasidan kelisha olmay hali biror rezolyutsiya chiqarmagan.
UNCTAD Isroil va XAMASni o'q almashishni darhol to'xtatib, insonparvar qarorlar qilishga undamoqda. Xalqaro qonunlar ham shuni talab qiladi, deydi Kozul-Rayt.