Shu kunlarda Davlat departamentida yetakchi diplomatlardan birining ishdan bo'shashi AQSh hukumatidagi ichki kelishmovchiliklardan dalolat beradi.
Departamentda Kongress bilan ishlaydigan va aynan chetga qurol va harbiy yordam uzatish masalalari bilan shug'ullanadigan idorani boshqargan Josh Pol Isroil-XAMAS ixtilofi yana avj olar ekan, lavozimini tark etdi.
Uning fikricha, Isroilni qurol bilan ta'minlash AQShni ham yahudiy davlat falastinliklarning qonini to'kishida sherik qiladi. Bayden ma'muriyati nazarida esa Isroil o'zini XAMASdek terror guruhidan himoya qilmoqda.
Davlat kotibi Entoni Blinken xodimlariga yozgan xatida diplomatiyada mana shunday og'ir sinovlar bo'ladi, deya qayd etgan.
Pol "Amerika Ovozi" bilan suhbatda deydiki, aslida bu nozik masalalar Bayden ma'muriyatida yetarlicha muhokama qilinmayapti va qarorlar chuqur o'ylanmay qabul qilinmoqda. Uning ta'biricha, bunday loqaydlik yaqin va uzoq muddatda Amerika manfaatlariga zarar keltiradi.
"Ishdan ketishimning sababi - biz katta miqdorda Isroilga harbiy vositalar berayotgan paytda inson huquqlari masalasiga e'tiborimiz past, axir odamlar katta sonda o'ldirilmoqda", - cdeydi Pol.
XAMASning 7-oktabrda Isroilga qilgan hujumi, 1400 dan oshiq yahudiy halok bo'lgani dahshatli fojia, deydi u, biroq bu Netanyaxu hukumatiga falastinliklarni yoppasiga qirish huquqini bermaydi.
"Isroil o'zini himoya qilishga haqli. Tel-Avivdan harbiy madad so'rab murojaatlar tushar ekan, biz bu hukumat inson huquqlarini qanchalik e'zozlashini ko'rib chiqishimiz kerak va odatda shunday qilamiz. Huquq qo'pl buziladigan muhitga qurol uzatishni man etuvchi qonunlar bor", - deydi Pol.
"Isroil esa G'azoni, uning aholini o'qqa tutmoqda, yuzlab, minglab aholining yostig'i qurimoqda. Biz esa yordamimiz nima oqibatlarga yetaklashi mumkin, deya so'ramayapmiz, o'ylanmayapmiz. Isroilga imkon qadar tezroq qurol uzatishimiz kerak, deyapmiz. Oqibatlari muhim emas".
Davlat departamentiga ko'ra esa Isroilga bunday yordam berish istisnoli masala. XAMAS uni yo'q qilmoqchi, yahudiylarni qirib tashlashga bel bog'lagan. Isroilga favqulodda madad zarur.
Pol Davlat departamentida 11 davomida shu sohada ishlagan. Uning ta'kidlashicha, boshqa davlatlar elakdan o'tkaziladi, ammo Isroilga kelganda, ko'mak shartsiz beriladi. Masala hatto muhokama qilinmaydi.
"Men qurol uzatishga qarshi emasman va uning ahamiyatini tubdan tushunaman. Masalan, Ukrainaga berayotgan texnikamiz nafaqat uning, balki Yevropadagi ittifoqchilarimizning tinchligi uchun zarur. Lekin biz ularni ham tekshiramiz".
Amerika Isroilni boshidan shunday quvvatlab keladi, yiliga 3-4 milliard dollarlik harbiy madad ko'rsatiladi. Pol deydiki, bu yordam Yaqin Sharq barqarorligi uchun xizmat qilmayapti. Yahudiy davlat o'zini asrab qolish uchun bilganini qilmoqda, deydi sobiq diplomat.
"O'z xavfsizligini ko'zlab qilayotgan ishlari bilan Isroil falastinliklarni siqib chiqarmoqda, ularni ezmoqda va Falastin davlati barpo etilishiga to'sqinlik qilmoqda", - deydi u.
Pol nazarida Amerikaga ishonch pasaygan. Bu esa uning hamkor va ittifoqchilariga ham ziyon keltiradi. Vashingtonga ikkiyuzlamachi, tamoyillariga zid harakat qiladigan sistema sifatida qarashadi, deydi u.
Bayden ma'muriyatiga ko'ra, Amerika falastinliklar taqdiriga befarq emas, undan yordam ayamaydi, azaldan unga ham katta miqdorda mablag' ajratadi.
Pol fikricha ham AQSh mintaqada urush kengayishini aslo istamaydi, ammo Falastin ahli hayotini asrash uchun konkret qadamlar tashlanishi kerak. U katta sonda o'ldirilishda davom etarkan, deydi mutaxassis, Isroil va uni quvvatlovchilarga nafrat dunyo bo'ylab shunchalik oshadi va mojaro ko'lami ham toraymaydi.
"Buni biz allaqachon his qilayapmiz. Yaqin Sharqda bizning obro'miz judayam tushib ketgan, diplomatiya qiyinlashgan, strategik manfaatlarimiz qil ustida", - deydi Pol.
Uning tahlilicha, Amerika xalqi uning hukumatining Yaqin Sharqdagi siyosatini chuqur anglamaydi va rahbariyat ham bu borada jamoatchilik fikri bilan hisoblashmayapti.
"Vaqt o'tib, bu o'zgaradi degan umiddaman. Tashqi siyosatimizda ulkan burilishlar zarur, toki siyosatimiz xalqimiz irodasini aks ettirsin".