BMTda O'zbekistonda huquq bo'yicha qanday masalalar ko'tarildi?

  • Amerika Ovozi

O'zbekiston BMT Inson huquqlari kengashiga a'zo bo'lsa-da, bu masalada oqsab kelmoqda

BMT hay'ati O'zbekiston hukumatiga xalqaro majburiyatlarni eslatmoqda, ya'ni huquq e'zozlanishi shart. Umumbashariy davriy tahlil jarayonida to'qqiz davlat O'zbekistondagi sistematik huquqbuzarliklarni qayd etib, tizimni savolga tutgan.

O'zbekiston hukumati 8-noyabrda Jenevada BMT inson huquqlari hay'ati oldida hisobot berdi. Har besh yilda o'tadigan bu jarayonda Ozarbayjon, Bangladesh, Burkina-Faso, Kabo-Verde, Kamerun, Kanada, Kolumbiya, Kuba, Jibuti, Germaniya, Rossiya, Turkmaniston va Tuvalu delegatsiyalari ham tinglangan.

Umumbashariy davriy tahlil deya tanilgan tekshiruv O'zbekiston uchun oldin 2008, 2013 va 2018-yillarda ham o'tgan.

Toshkentdan Oliy Majlis Vakillar palatasi spiker o'rinbosari va Inson huquqlari bo'yicha milliy markaz rahbari Akmal Saidov boshchiligida borgan guruhga ko'ra, respublikada o'tgan besh yilda huquq ahvoli yaxshilangan, erkinlik kengaygan, qonunchilik isloh qilingan, qiynoqlar man etilgan, majburiy mehnatga nuqta qo'yilgan, sud-huquq tizimi yangilangan va mamlakatda adolat va qonun ustuvorligi ta'minlanishi uchun zarur qadamlar tashlanmoqda.

Saidov va boshqa mutasaddilar O'zbekistonda so‘z va matbuot erkinli, bolalar himoyasi, ona va bola salomatligi, ta’lim, gender tengligini ta’minlash, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish, korrupsiyaga qarshi kurash, sud mustaqilligi yo'lida olib borilayotgan say-harakatlarni tushuntirgan.

Buni ham ko'ring AQSh sobiq elchisi: O'zbekiston va Qozog'iston demokratiyaga o'zi intilmasa, qiyin

Dunyoning turli burchaklaridan tanlangan ekspertlar hukumat hisobotidagi qator yutuqlarni e'tirof etgan, ya'ni ular tahlilicha ham respublikada vaziyat 2017-yildan beri sezilarli darajada yaxshilangan, ayniqsa 2017-2019 yillarda ildam qadamlar tashlangan.

Biroq BMT hay'ati hozirgi sharoitdan xavotirda: qiynoqlar tinmagan, sudlar hamon mustaqil emas, siyosiy erkinliklar cheklangan, muxolif ovozlarga toqat qilinmaydi, fuqaro erkinliklari, jumladan so'z erkinligi muntazam ravishda toptaladi.

Umumbashariy davriy tahlil jarayonida to'qqiz davlat O'zbekistondagi sistematik huquqbuzarliklarni qayd etib, tizimni savolga tutgan.

Belgiya Toshkentni BMTning qiynoqlarga qarshi, shuningdek, bolalar, mehnatkashlar va ayollar huquqlarini hioya qiluvchi konvensiyalarini qabul qilishga undagan.

Bryussel nazarida O'zbekistonda sud mustaqilligiga erishish uchun yetarlicha harakat qilinmayapti. BMTning maxsus vakillariga eshiklar ochiq turishi kerak. Ozchilikni tashkil etuvchi guruhlarning manfaatlari himoya qilinishi lozim, deya tavsiya qiladi Belgiya hukumati.

Kanada 2022-yilning iyul oyida Qoraqalpog'istonda yuz bergan g'alayonlar yuzasidan mustaqil tekshiruv o'tkazishga va natijalarni ommaga taqdim etishga chaqirgan.

Buni ham ko'ring Demokratiya fondida O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston muhokamada

Germaniya O'zbekistonda mehnat huquqlari bilan bog'liq ahvol qanday ekaniga qiziqmoqda. Korxonalarda ishchilar qanchalik himoya qilinadi? Imtiyozlar qanday? Xavfsizlik choralari qay darajada?

Lixtenshteyn O'zbekistonda qiynoqlarga qarshi choralarni surishtirib, bolalar himoyasi bo'yicha siyosat hamda qurollar savdosiga nisbatan qonunlar haqida so'ragan.

Panama ham O'zbekiston delegatsiyasiga qiynoqlar borasida savollar berib, ta'lim va tarbiya muassasalari yosh avlodga munosabat qandayligi bilan qiziqqan.

Ruhiy salomatlik, voyaga yetmaganlar orasida homiladorlik va o'smirlarni nikohlash kabi masalalar ko'tarilgan.

O'zbekiston xalqaro maydonda bergan va'dalari va zimmasiga olgan majburiyatlarini qanchalik bajarmoqda, hisobotlar naqadar asosli va ishonchli?

Inson huquqlari ahvoli haqida BMT va boshqalarga ma'lumotlar qanday mexanizmlar orqali uzatiladi va qayerda saqlanadi? Portugaliya shu savollarni o'rtaga tashlagan.

Sloveniya O'zbekistonda yoshga qarab kamsitish haqida savollar bergan. Xususan keksa yoshdagilar ish joyida va jamiyatda disriminatsiyaga uchramasligi uchun qanday choralar ko'riladi?

Buni ham ko'ring AQSh Trans-Kaspiy forumida Markaziy Osiyoni hamkorlik va demokratiyaga undadi

Ispaniya so'z va matbuot erkinligi bilan bog'liq muammolarni qayd etgan. Shuningdek, Belgiya singari bu davlat ham O'zbekistonda gomoseksual va jinsiy oriyentatsiyasi boshqacha bo'lgan odamlarga (LGBTQI+) munosabat borasida surishtirgan. Hukumat bu guruhlarni jinoyatda ayblamay, ularning huquqlarini ham hurmat qilishi kerak, deya undagan Ispaniya vakillari. Ular, shuningdek, Qoraqalpog'iston voqealari xususida ham so'rab, adolat ta'minlansin, deya chaqirgan.

Britaniya ham o'xshash mazmunda murojaat qilgan. Qoraqalpog'iston, qiynoqlar, diniy erkinlik, jurnalistlar va matbuot erkinligi, ekstremizm va terrorizmga qarshi choralar va qonunchilik hamda LGBTQI+ ga munosabat bo'yicha savolga tutgan. Londondan borgan vakillar O'zbekistonni islohotlarni jadallashtirishga undagan.

AQSh delegatsiyasi bu chaqiriqlarga qo'shilib, jurnalistlar va blogerlarni "asossiz qamash" hollariga e'tibor qaratgan.

Amerika tomon ham LGBTQI+ masalalarini ko'tarib, bir jinsdagi odamlar orasidagi aloqaga jinoyat deb qaramaslikni tavsiya qilgan. Vashington azaldan bu boradagi qonunni yangilash kerak, deb keladi.

Diniy erkinlik hamda fuqarolarning norozilik namoyishlariga chiqa olish huquqlari hurmat qilinishi lozim, deydi AQSh vakillari.

Ularga ko'ra ham o'tgan yili Qoraqalpog'istondagi qonli voqealarda xavfsizlik organlarining roli tekshirilishi, mutasaddilar javobgarlikka tutilishi lozim.

Umumbashariy davriy tahlil yakunida hukumatga tavsiyalar berilib, tizimdan ular ustida ishlash kutiladi.

Bugun Toshkentda jinoyat ishlari bo‘yicha shahar sudida appelyatsiya sudlov hay’ati "Kompromatuzb" ishi bo‘yicha sentabr oyidagi hukm yuzasidan qaror chiqargan.

Sudlanuvchilarning shikoyatlari ko‘rib chiqilib, hukm kuchda qoldirilgan, deya tasdiqlaydi rasmiy manbalar.

Moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan Human.uz asoschisi Xurshid Daliyev va "O'zbekneftgaz" davlat kompaniyasining sobiq matbuot kotibi Siyovush Hoshimov - yetti yillik qamoq jazosiga loyiq topilgan.

Apellyatsiya sudidan so‘ng hukm kuchga kirib, ular jazoni ijro etish muassasasiga yuboriladi.

Human.uz yopilmagan, biroq ishdan to'xtab qolgan, chunki texnikasi va avtomobillari musodara qilingan, 40 dan oshiq xodimi moliyaviy imkonsizlik tufayli ishidan ayrilgan.