AQSh sobiq bosh diplomati Genri Kissinjer 100 yoshida olamdan o'tdi

  • Amerika Ovozi

Genri Kissinjer hayotining so'nggi yillarini Konnektikut shtatidagi uyida o'tkazdi. 1923-yilda Germaniyada dunyoga kelgan Kissinger 15 yoshida AQShga kelib, bu yerni yangi vatan qilgan.

AQSh sobiq davlat kotibi, siyosiy arbobi, 20 dan ziyod tahliliy va tarixiy kitoblar muallifi Genri Kissinjer 100 yoshida Konnektikut shtatidagi uyida olamdan o'tdi.

Kissinjer Richard Nikson va Jerald Ford prezidentligi davrida Amerikaning bosh diplomati bo'lgan, ularga tashqi siyosat va xavfsizlik masalalarida yaqindan maslahat bergan.

Vashingtonning 1970-yillardagi xalqaro pozitsiyalari ortida turgani uchun ham ulug'langan, ham tanqid qilingan Kissinjer o'z nazariya va o'gitlari bilan kelasi o'n yilliklardagi global jarayonlarga kuchli ta'sir o'tkazgan.

Kissinjer avvalo olim edi. Garvard universiteti professori. Tinchlik yo'lidagi xizmatlari uchun u 1973-yilda Nobel mukofotiga ham loyiq topilgan.

Kissinjerni tanitgan ishlar, xususan, Amerika va Xitoyni yaqinlashtirishi, Sovet Ittifoqi va AQSh aloqalarini yumshatishi hamda Vyetnamdagi qonli urushning barham topishidagi roli.

1973-yilning 21-oktabri, Moskva: AQSh Davlat kotibi Genri Kissinjer SSSR rahbari Leonid Brejnev bilan

Kissinjer 1975-yilda Misr va Isroil orasida vositachilik qilib, tomonlarni barqarorlik tomon qadam tashlashga ko'ndira olgan. Yahudiy davlat va arab dunyosi til topishsin deya u faol diplomatiya olib borgan.

Global maydonda u qator talafotlarda ayblangan, jumladan Kambodjada yangicha bombalar qo'llashga undaganlikda, Pokistonning Bangladeshga qonli hujumlarini yoqlaganlikda va Argentina muxolifatining qirilishini quvvatlaganlikda.

Angoladagi fuqaro urushi keskinlashishida va Chilida hukumatning ag'darilishida ham qo'li bor, deya Kissinjer yillar davomida la'natlangan.

Prezident Nikson 1974-yilda Demokratik partiyaning ichki muloqotlarini zimdan tinglagani oshkor etilganida, Kissinjer ham o'xshash usullar bilan Milliy xavfsizlik kengashi a'zolarini kuzatgani ayon bo'lgan. Nikson qilmishlari uchun Oq uydan ketgan, Kissinjer esa keyingi prezident Ford qo'li ostida ham davlat kotibi sifatida ishini davom ettirgan.

1972-yilning 20-fevrali: Genri Kissinjer Prezident Richard Niksonning milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi sifatida u bilan Xitoyga uchayotgan payt

Oddiygina Haynz

1923-yilda Germaniyaning Furt shahrida yahudiy oilasida tug'ilgan bolaga Haynz deb ism qo'yishadi. Mamlakatda yahudiylar uchun vaziyat og'irlashar ekan, 1938-yilda oila Amerikadan panoh topadi, qochqin sifatida. Haynz Henry (Genri) ga aylanadi va keyinchalik AQSh fuqaroligini oladi.

Kissinjer Ikkinchi jahon urushida amerikalik askarlar safida xizmat qilgan.

"U davrim bilan faxrlanaman, - der edi Kissinjer. - Ikkinchi jahon urushi yaxshilik va yomonlik orasidagi yaqqol kurash bo'lgan".

Tarix samara bermagan harakatlar, ro'yobga chiqmagan orzular, shu bilan birga amalga oshgan niyatlarning ko'zlanmagan natijalaridan iborat.

Urushdan keyin Kissinjer Garvardga o'qishga kirib, bakalavr, magistr va doktorlik darajalarini olgan.

Kissinjer uning dunyoqarashi va siyosiy nazari natsistlar Germaniyasidan chiqqaniga, adolatsizlik va zulm ostida esini taniganiga borib taqalishini tan olar edi.

U “realpolitik” yondashuvi bilan nom qozongan. Kissinjer uchun diplomatiya manfaatlar uchun kurash edi. Diplomatiya urush emas, muzokara, der edi u, va unda har doim ham vijdonan ish tutilmaydi.

"The New York Times" gazetasiga 1974-yilda bergan intervyusida Kissinjer o'zini davlat arbobi emas, tarixchi deb atagan.

"Tarixni o'rgangan odam biladiki, har bir sivilizatsiya baribir qachondir qulagan. Tarix samara bermagan harakatlar, ro'yobga chiqmagan orzular, shu bilan birga amalga oshgan niyatlarning ko'zlanmagan natijalaridan iborat", - deya qayd etgan Kissinjer bu intervyuda.

1975-yilning 29-mayi: AQSh Davlat kotibi Genri Kissinjer Prezident Jerald Ford bilan Bryusselda NATO sammitida

Oq uydagi xizmatlar

Kissinjer Duayt Ayzenxauer, Jon Kennedi va Lindon Jonson prezidentlik davrida hukumatga maslahatchilik qilgan.

1969-yilda esa Prezident Nikson unga Oq uyda ish taklif qilgan. Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchi va davlat kotibi lavozimlarida xizmat qilgan.

Kissinjer Prezident Nikson unga qanchalik tayangani haqida 2009-yildagi intervyuda shunday degan:

“Prezidentni har kuni ko'rardim. Men uchun biz barcha masalalarda yakdil bo'lishimiz muhim edi. Omadim bor ekan. Men ishlagan har ikki prezident, Nikson va Ford bilan yaqindan til topisha olganman".

Kissinjer sa'y-harakatlari bilan Pekin va Vashington 23 yillik sovuqlikdan keyin yarashgan. Nikson Xitoyga tashrif buyurib, uzoq payt muzlab qolgan aloqalarni yumshatgan.

Nikson ma'muriyati SSSR bilan atom qurollari nazorati yuzasidan ikki muhim kelishuvlarga erishgan.

1973-yilning 13-iyuni: Prezident Richard Niksonning maxsus vakili Genri Kissinjer Parijda Vyetnam urushi yakunini muhokama qilmoqda

Oq uy va Davlat departamentidan keyingi faoliyat

Hukumatdagi xizmatlaridan keyin Kissinjer siyosiy maslahatchilik qilgan, dars bergan, ma'ruzalar o'qigan va kitoblar yozgan. Oxirgi kitobi o'tgan yili, 99 yoshida, nashrdan chiqqan. "Liderlik" deb ataladi.

Kissinjer 2022-yilda Davosda xalqaro forumda so'zlar ekan, Ukraina Rossiya bilan tinchlikka erishishi uchun ayrim hududlaridan voz kechishi kerak bo'ladi, degan edi.

Uning fikricha, dunyo, ayniqsa Yevropa bu urushda Rossiya va uning rahbari Vladimir Putinning mag'lub bo'lishidan naf ko'rmaydi, uzoq muddatda buning zarari katta bo'ladi. Bu fikrlari uchun arbob Ukraina va uning tarafdorlari tomonidan qattiq tanqid ostida qolgan.

Kissinjer ikki bor uylangan. Ikkinchi rafiqasi, 50 yillik umr yo'ldoshi Nensi hali hayot. Birinchi xotini Enn Fleysherdan ikki farzandi bor va besh nabirasi.