AQSh Vitse-prezidenti Kamala Harris G’azo sektorini qanday kelajak kutayotgani haqida so’zlar ekan, Isroilning harbiy amaliyotlarida juda ko’p falastinliklar halok bo’lgani, yahudiy davlati tinch aholi himoyasiga alohida e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
“Isroil o’zini himoya qilar ekan, bu ishni qanday amalga oshirishi muhim. Xalqaro gumanitar qonunlar hurmat qilinishi kerak”, - deydi Harris.
Bir haftalik tanaffusdan so’ng Isroilning qayta boshlangan hujumlarida, G’azo Sog’liqni saqlash vazirligiga ko’ra, hozirgacha 200 dan ortiq falastinlik o’lgan, 7-oktabrdan beri esa 15 mingdan ziyod. XAMAS hujumida 1200 isroillik halok bo’lgan edi.
Dubayda o’tayotgan butunjahon iqlim sammitida Prezident Jo Bayden o’rnida qatnashayotgan Harris arab rahbarlar bilan Isroil-XAMAS urushini muhokama qilgan. Kun tartibidagi uch masala: qayta qurish, xavfsizlik va boshqaruv.
“Qo’shma Shtatlar hech qanday sharoitda G’azo yoki G’arbiy Sohildan falastinliklarni majburan ko’chirishga, G’azoni qamal qilishga yoki G’azo chegaralarini o’zgartirishga yo’l qo’ymaydi”, - dedi Harris Misr rahbari bilan uchrashuvda.
Yaqinda Isroil Tashqi ishlar vaziri Eli Koen televizion intervyusida "urush oxirida G'azo hududi kichikroq bo'ladi", deya ta'kidlagan edi.
Vashington pozitsiyasi shuki, urush tugaganidan keyin G’azoni qayta qurish bo’yicha sa’y-harakatlar falastinliklar istiqbolda o’z davlatiga ega bo’lishi kontekstida olib borilishi lozim.
Buni ham ko'ring G'azo kimning nazoratida bo'lishi kerak?Hozirgi Falastin ma’muriyati xavfsizlik kuchlari bora-bora G’azoda mas’uliyatni o’z zimmasiga olishi kerak bo’ladi. Ungacha esa, deydi Kamala Harris, Isroilga, G’azo xalqiga, Falastin ma’muriyati va xalqaro hamkorlarga maqbul bo’lgan xavfsizlik tizimi yaratilishi kerak.
Uning so’zlariga ko’ra, XAMAS G’azoni ortiq boshqara olmaydi. Falastin ma’muriyati ham sektorni, ham Iordan daryosining G’arbiy Sohilini boshqara oladigan darajada quvvatlanishi kerak.
XAMAS G’azoni 2007-yildan beri boshqarib kelmoqda. Isroil uni yo’q qilishga bel bog’lagan, ammo undan keyin nima bo’lishi mavjum.
“G’azo va G’arbiy Sohil Falastin ma’muriyati ostida birlashishini istaymiz”, - deydi Harris.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu fikricha, Falastin ma'muriyati hozirgi holatida G'azoni boshqara olmaydi.
"Falastin ma'muriyati terrorizmga qarshi kurashmaydi, balki uni moliyalaydi, tinchlikni emas, Isroilning yo'q bo'lishini targ'ib qiladi. Bunday organ G'azoga qadam qo'ymasligi kerak", - deya ta'kidladi u.
Falastin mustaqil davlat bo’lishi kerakligi xususida arab davlatlar AQSh bilan hamfikr, ammo XAMASdan keyingi kelajak haqida fikrlar turlicha. AQShda ba’zi rasmiylar Falastin ma’muriyati urushdan keyin G’azoni boshqarish salohiyatiga ega ekaniga shubha bilan qaraydi.
Tanqidchilar Mahmud Abbos boshchiligidagi Falastin boshqaruvini korrupsiya va layoqatsizlikda ayblaydi. Ommaviy so’rovlar ham falastinliklar orasida unga ishonch pastligini ko’rsatgan.
AQSh vitse-prezidenti Dubayda Birlashgan Arab Amirliklari va Iordaniya rahbarlari, shuningdek, Qatar amiri bilan muloqot qilgan. Qatar - Isroil va XAMAS o’rtasida asosiy vositachi.