Urush maydonidan axborot berish jurnalist uchun hayotni qil ustiga qo’yishdir. Muxbirlar tinch aholi vakilidir, shu bois ularni hech kim nishonga olmasligi shart, ammo bu me'yor ko'p hollarda buziladi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan damlarda AQShning “Fox News” telekanali muxbiri Benjamin Xoll Kiyevda edi.
“Ketma-ket bomba yog’ila boshladi. Hamkasblarim va mahalliy hamkorlarim bilan bitta mashinada ketayotgan edik. Birdaniga hammayoq zulmatga cho’mdi”.
Chunki jurnalistarning mashinasi ham bombalar ostida qoldi.
“Sakkiz yoshli qizim oldimga kelib, “dadajon, turing, mashinadan chiqing” degandek bo’ldi, qulogimda uning ovozi yangradi”, - deydi Benjamin, xushini yo'qotgan damlardagi hissiyotlarini bo'lishar ekan.
Benjamin o’ziga keldi. Lekin yonidagi ikki hamkasbi, operator Piyer Zakrevski va Oleksandra Kuvshinova halok bo’ldi.
Benjamin bir oyog’idan ayrildi. Uzoq payt ketma-ket murakkab jarrohlik amaliyotlarini boshdan kechirdi.
Uning taqdiri notinch hududlarda axborot to’plash va ishlash nimalar talab qilishini aks ettiradi. Mojaro nuqtlaridan videolar, fotolar va intervyular – kuchli fidoiylik mahsuli.
2023-yilda Ukrainada uch muxbir o’ldirilgan, ish ustida. 7-oktabrdan beri Isroil-XAMAS urushida 60 dan ortiq jurnalist nobud bo’lgan, aksariyati falastinliklar.
Mahalliy axborot vositalari va ularning xodimlari doimiy tahdid ichida.
“Bu insonlar qonli nizolar changalida yashaydi, bu ularning hayoti. Ularning oilasi tahlikada, ularning xalqi azobda, hududlari vayrona”, - deydi Arva Deymon, muxbir.
G’arb telekanallarida Suriya va Iroqdagi urushlarni yoritgan bu jurnalist deydiki, muxbirlar ko’plab hollarda ataylab nishonga olinadi.
“Iroq o’z paytida juda xavfli joy edi, ishlashimiz juda-juda qiyin edi. Bizning boshimiz uchun mukofot va’da qilishgan. Notinch hududdan axborot berish va buning uchun joningizni tikish… Har ikkisi bag'oyat og’ir”.
Your browser doesn’t support HTML5
Jurnalistlarni himoya qilish qo’mitasi muxbirlarga avvalo ehtiyot bo’lishni tayinlaydi. Bilib turib, o’zingizni o’t ichiga otmang, deya maslahat beradi.
Omma ham jurnalistlar axborot uchun halok bo’lishini istamaydi, deydi Sherif Mansur, ekspert.
“Yuzlab million odam ularni dunyo bo’ylab tomosha qilar ekan, muxbirlar omon bo’lsin, deydi, chunki bilishadiki, ularga axborot oson yetib kelmayapti. Ular jurnalist matonati va mehnatini qadrlaydi”.
Qaynoq hududlarda ishlab o’rgangan muxbirlar, tasvirchilar, prodyuser va muharrirlar biror jihatdan afsuslanmaydi. Ularning eng og’ir dardi – yo’qotgan hamkasblari.
Benjamin Xoll o’z tajribasi haqida kitob yozdi. Ukrainaga qaytib, uning rahbari bilan muloqot qildi. Kitobini Ukrainadagi jurnalistlarga bag’ishladi.
Arva Deymon esa hozirda urush jabrdiydalariga ruhiy va tibbiy madad ko’rsatuvchi nohukumat tashkilotga asos solgan.