Ukrainada biznesmenlar urush talabiga mos mahsulotlar ishlab chiqarmoqda

  • Amerika Ovozi

Your browser doesn’t support HTML5

Rossiya Ukrainada urush boshlanganidan so’ng Ukrainada dron ishlab chiqarish avj oldi. Mebel yoki boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqaradigan zavodlar dronlar ishlab chiqarishga o'tdi.

Dmitriy Kovalchuk urushdan oldin mebel ishlab chiqarardi. Kompaniyasi Ukraina, Britaniya va AQShda ro'yxatdan o'tgan. Mehmonxonalar uchun mebel ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Urush boshlanganida esa Kovalchuk yangi kompaniyaga asos soldi.

Uning “Warbirds” kompaniyasi dronlar ishlab chiqaradi. 100 dan ortiq xodimi bor. Front uchun dron operatorlarini ham tayyorlaydi.

Kovalchukning aytishicha, urushdan oldin Ukrainada yettita dron ishlab chiqaruvchisi bo‘lgan. Bugun esa 200 dan ortiq.

"Yaxshiyam, urush boshlanganidan yarim yil o'tar-o’tmas, hukumat qaror qildiki, eng yaxshi yondashuv bu - xususiy tashabbuslarga aralashmaslik. Aksincha, jarayonlarni tartibga solish, mablag' bilan ta'minlash va aralashishdan saqlanish", - deydi u.
Jarayon soddalashtirilgani uskunalarni jangchilarga tezroq yetkazishga yordam bermoqda.

"2022-yilgacha harbiylar uchun mahsulot yetkazib berishni boshlash uchun ikki yil ketardi, endi esa taxminan bir oy kerak”, - deydi u.

Ukraina va Britaniya fuqarosi Aleksandr Shevchenko - muhandis. Ukrainaga urush boshlanishidan oldin kelgan. Mamlakatda qolishga ahd qilgan. Avvalida frontda dronlarni boshqarardi, endi ishlab chiqarmoqda.

“Dronlarni uchirardik. Dima va yana bir qancha yigitlar bilan kuzatuv dronlarini ishlab chiqaradigan zavod tashkil qilishga qaror qildik. O‘tgan iyun oyida boshladik, haftasiga ikki-uchta ishlab chiqarayotgandik, hozir esa haftasiga 34 ta dron”, - deydi u.

Shevchenkoning aytishicha, Ukrainada uzoq muddatli urushga yetarli askar yo’q, shuning uchun g'alaba qozonishda ilg'or texnologiya muhim.

“Biznikiga o'xshash loyihalar ko’payishi, taraqqiyot, suvda, havoda va quruqlikda jang qila oladigan yangi dronlar yaratish kerak. Yagona yo'l shu".

Urushdan oldin Vlad Krikliyning “Meta Byuro” kompaniyasi uy uchun signalizatsiya tizimlarini yaratgan. Endi esa sun'iy intellekt va boshqa ilg'or texnologiyalar asosida ishlaydigan dronlar ishlab chiqarmoqda.

“Bizning tizimimiz noyob, chunki dronlarimiz biron nishon tanlasangiz, o'zi ishlaydi, “Terminator” deb atashimiz mumkin”, - deydi u.

“Meta byuro” muhandislari yangi avlod dronlari ustida ishlamoqda. Dronlar nafaqat harbiy maqsadda, balki aholi xavfsizligi yo’lida ham ishlatilishi mumkin. Ular nishonni aniqlab, hujum qila oladi, hududlarni skanerlab, minalardan tozalashda ham asqatadi.

Xavfsizlik nuqtai nazaridan familiyasini oshkor etishni istamagan Aleksey - dron operatori, instruktor. Urush albatta yomon, lekin Ukrainada texnologiya rivojlanishiga sabab bo’ldi, deydi u.

“Urush domidamiz, dronlarga talab bor, talabni qondirishimiz yoki taslim bo’lishimiz kerak. Va eng muhimi, biz ularni urush sharoitida sinab ko'rishimiz mumkin. Frontda maxsus guruhlar bor. Mahsulotimizni sinab ko'rishadi, fikr-mulohazalarini olamiz", - deydi Aleksey.

Ukraina taslim bo’lmaydi, deydi Aleksey. G’alaba qozonishning yagona yo’li esa ilg’or texnologiya, deydi u.