AQSh qonunchilik organi Kapitoliyga qilingan hujumning uch yilligida so’zlar ekan, Jo Bayden bu yilgi prezidentlik saylovlarida ehtimoliy raqibi Donald Trampni va o’ng qanot ekstremistlarni demokratiyaga tahdid deb atadi.
“Bu Tramp tarafdorlarining tinch namoyishi emas, hujum edi. Ular vatanparvar emas, qo’zg’olonchilar edi. Ular konstitutsiyani quvvatlash uchun emas, uni toptash uchun kelgan edi”, - dedi prezident, 2021-yilning 6-yanvar voqealarini yodga olib.
Tramp o’sha kuni g’alayonga turtki bergan yolg’onni haligacha takrorlab keladi, ya’ni saylovda u g’alaba qilgan, Bayden emas. Sobiq prezident 6-yanvarda Kapitoliyga bostirib kirganlarni vatanparvarlar deya tasvirlab, Oq uyga qaytgan taqdirda, ularni afv etishini aytib kelmoqda.
“Vashington Post” va Merilend universiteti o’tkazgan so’rovga ko’ra, amerikaliklarning 55 foizi 6-yanvar voqealarini “hech qachon unutib bo’lmaydigan, demokratiyaga qilingan hujum” deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, aholining bir qismi Tramp targ’ib qilib kelayotgan dezinformatsiya va fitna nazariyalari ta’siri ostida. Amerikaliklarning to’rtdan bir qismi Kongressga hujumni Federal qidiruv byurosi sahnalashtirgan, deb ishonadi.
Shu kungacha yuzlab odam Kapitoliy binosidagi tartibsizliklarda ishtirok etganlikda aybdor topilgan. Ular orasida, jumladan, ekstremistik guruhlar a’zolari, sobiq politsiyachilar, harbiylar va sportchilar bor.
2021-yilning 6-yanvarida ro’y bergan voqealarni amerikaliklar jonli efirda tomosha qilgan. Amerika tarixidagi eng yirik jinoiy tergov haligacha davom etayapti, gumondondorlarni qidirish ishlari yakunlanmagan.
Kapitoliyda zo’ravonliklarga qo’l urgan yana 80 dan ortiq odamning shaxsini aniqlashga urinyapmiz, deydi rasmiylar. 6-yanvardan bir kun oldin Vashingtonda Respublikachilar va Demokratik partiya idoralari oldida kim qo’lbola bomba o’rnatgani ham noma’lum.
Tartibsizliklarda qatnashganlarning ayrimlari qisqa qamoq jazosini o’tab bo’lgan, ammo hibslar davom etayapti.
Jinoiy ishlar birma-bir ko’rib chiqilayotgan poytaxtdagi ayni sud binosida mart oyida Donald Tramp ustidan sud ham bo’lib o’tadi. U 2020-yilgi saylovdagi mag’lubiyatini tan olmasdan, natijani o’zgartirish uchun fitna uyushtirganlikda ayblanmoqda.
“Adliya vazirligi 6-yanvar hodisalarida qatnashganlarni, xoh o’sha kuni shunchaki odamlar orasida turgan bo’lsin, xoh demokratiyamizga hujum qilgan bo’lsin, ishtirok darajasiga qarab javobgarlikka tortadi”, - deydi Adliya vaziri Merrik Garlend.
Raqamlar
Hozirgacha 1240 kishi federal jinoyatlarda ayblangan, huquqbuzarlikdan tortib, politsiya xodimlariga hujum qilish va fitna uyushtirishgacha. “AP” axborot agentligiga ko’ra, 730 kishi aybiga iqror bo’lgan, 170 kishining ishi sudlarda ko’rib chiqilgan. Faqatgina ikki nafar ayblanuvchi oqlangan.
750 kishi ustidan hukm o’qilgan bo’lsa, shundan uchdan ikki qismiga qamoq jazosi belgilangan. Ular orasida bir necha kunni panjara ortida o’tkazib, ozodlikka chiqqanlar ham bor, 22 yillik qamoq jazosiga hukm qilinganlar ham bor.
Eng uzoq qamoq jazosi ultra-o’ngchi “Proud Boys” guruhi lideri Enrike Tarrioga berildi. U hokimiyatning respublikachi Donald Trampdan demokrat Jo Baydenga o’tishini to’xtatish uchun fitna uyushtirganlikda aybdor deb topilgan.
Qo’zg’olonchilarning ko’pi jazo muddatini o’tab bo’lib, uyiga qaytgan, jumladan politsiyachini kaltaklagan Skott Feyerlem.
Yaqin orada AQSh Oliy sudi 6-yanvar bilan bog’liq sud jarayonlariga ta’sir qilishi mumkin bo’lgan bir ishni ko’rib chiqadi. Shu kungacha 300 dan ortiq odam “rasmiy jarayonga to’sqinlik qilish”da ayblangan. Ayblanuvchilarning Oliy sudga shikoyat qilgan advokatlariga ko’ra, bunday ayblov noo’rin.
Isyon ro’y bergan 6-yanvar kuni qonunchilar Kapitoliyda Jo Baydenning g’alabasini tasdiqlash uchun yig’ilgan edi.
Oliy sud ishni mart-aprel oylarida ko’rib chiqadi va yozda hukm chiqaradi. Kamida ikki nafar ayblanuvchi sud ushbu masala bo’yicha qaror chiqargunga qadar jazoni kechiktirishni so’ragan.
Qochgan g’alayonchilar
Prokuror Metyu Greyvsga ko’ra, tartibsizliklar paytida huquq-tartibot xodimlariga tayoqlar hujum qilgan o’nlab odamlarning shaxsi hali aniqlanmagan. Da’vo muddati esa besh yil. Demak, ularga 2026-yilning 6-yanvariga qadar ayblov qo’yilishi kerak, deydi Greyvs.
Ayblov qo’yilganidan keyin g’oyib bo’lganlar ham bor, jumladan “Proud Boys” guruhining floridalik a’zosi Kris Vorrel. U politsiya xodimlariga qarshi qalampir purkagich ishlatganlikda ayblangan. Bir yarim oy davomida qochib yurgan Vorrel yaqinda ushlandi va 10 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Federal qidiruv (FQB) byurosi bir necha oydan beri qochib yurgan aka-singil Oliviya va Jonatan Polloklarni ham qidirmoqda. Jonatan Pollokni topishda yordam beradigan ma’lumot uchun 30 ming dollargacha mukofot taklif qilinmoqda. U politsiyachilarni mushtlashda ayblanmoqda.
Yana bir ayblanuvchi Evan Nyuman ayblov e’lon qilinganidan keyin qochgan va hozirda Belarusda yashayotgani taxmin qilinadi.
Qo’lbola bombani o'rnatgan kim?
Kapitoliydagi isyondan bir kun oldin Respublikachilar va Demokratik partiya idoralari oldida noma’lum shaxs ikkita qo’lbola bomba o’rnatgan. O’tgan yili bu shaxsni hibsga olishda yordam beradigan har qanday ma’lumot uchun mukofot hajmi yarim million dollargacha oshirildi.
Ammo bu va Kapitoliydagi voqealar bir-biriga aloqadormi, yo’qmi, noma’lum.
FQB vakili Deyvid Sandbergga ko’ra, tergovchilar so’nggi uch yilda yuzlab intervyular o’tkazgan, dalillarni ko’rib chiqqan, jamoatchilikdan tushgan informatsiyani tekshirgan, lekin natija yo’q.
Portlovchi moslamalar 2021-yil 5-yanvar kuni soat 19:30-20:30 oralig’ida ikki bino tashqarisida o’rnatilgan, biroq politsiya ularni ertasiga topgan va zararsizlantirgan. Hech kimga ziyon yetmagan.
FQB taqdim etgan videoda kulrang qalpoq, niqob va qo’lqop kiygan odam bombani bino tashqarisidagi skameyka ostiga, yana birini xiyobonga joylashtirganini ko’rish mumkin. Uning kimligi haligacha noma’lum.