Moskvadagi terror xurujida ayblanib hibsga olingan 7 nafar Tojikiston fuqarolari qatoriga asli qirg’izistonlik, Rossiya fuqaroligini olgan Alisher Qosimov ham qo’shilgan.
Qosimov terror ijrochilardan biriga ijaraga uy bergan, sud Qosimovga nisbatan ham ikki oylik hibs chorasini qo`llagan.
Bungacha terakt ortidan ushlangan 4 nafar, keyinchalik esa yana uch nafar tojikistonlikka nisbatan hibs qarori chiqarilgan edi.
Ayni paytda “Krokus” konsert zalidagi terror xurujida gumonlanib sud tomonidan rasman qamoqqa olinganlar soni sakkiz kishini tashkil etmoqda.
Buni ham ko'ring Qozog'iston-AQSh; Rossiyadagi terror xuruji oqibatlariUlar asosan Tojikiston va Rossiya fuqaroligini olgan markaziy osiyoliklar.
Matbuotga ko`ra, hibs, tergov surishtiruv ishlari Tojikistonda ham boshlangan.
Terrorchilikda ayblanyotganlarning Tojikistondagi qarindoshlari ham hibs qilingani, huquq tartibot idoralari tomonidan so’roq qilinayotgani, bu ish shaxsan prezident Rahmonning nazoratiga olingani xabar qilinadi.
“Ozodlik” radiosining Tojik xizmati Moskvada hibsga olingan tojikistonliklarning qarindoshlarini qidirib, Tojikistonning bir necha joyiga borgan, ammo ularning deyarli hammasi organlar tomonidan Dushanbega olib ketilganini aniqlagan.
Dushanbeda Rossiya huquq tartibot idoralari vakillaridan iborat tergov guruhi ham faoliyat olib borayotgani xabar qilinadi.
Terakt uchun javobraglikni ISHID – Xuroson guruhi bo’yniga olgan.
Ammo bu iqror Rossiya tomonini qanoatlantirayotgani kuzatilmaydi, aksincha terrorga Ukrainaning daxldorligiga doir iddaolar yanada kuchaydi.
Rossiya xavfsizlik kengashi raisi Nikolay Patrushev terror ortidan Ukraina turganiga shubhalanmaydi.
Rossiya televideniyesidagi lavhada Patrushev jurnalistning “terror orida ISHID turbdimi yoki Ukraina” degan savoliga “albatta, Ukraina” deb javob beradi.
Rossiya federal xavfsizlik xizmati (FSB) rahbari Aleksandr Bortnikov ham asosiy nishon Ukraina tomoniga qaratilayotgani doir bayonot qildi.
Buni ham ko'ring "Islomiy davlat - Xuroson" Tolibonni sotqinlikda ayblamoqda“Chegarani narigi tomonida (Ukraina nazarda tutilmoqda) ularni qahramonlar sifatida kutib olishga hozirlik ko’rib qo`yishgan edi”, - dedi Bortnikov, Rossiya matbuotiga bergan intervyusida.
FSB rahbari Rossiyadagi terrorga aloqador tomonlar ro’yxatini ham kengaytirdi, nafaqat Ukraina, balki G´arb maxsus xizmatlari ham Rossiyadagi vaziyatni izdan chiqarish, vahima qo’zg’atishdan manfaatdorligini ta’kidlab o`tdi.
Bortnikovga ko`ra, Rossiya maxsus xizmatlari ayni paytda xurujning mamlakatdagi, shuningdek xorijdagi ishtirokchilarini ham aniqlash ishlarini olib bormoqda, hibsdagilar ustidan o`tkazilgan tergov harakatlari yana qo’shimcha ma’lumotlar taqdim etadi.
Rossiya huquq tartibot idoralari rahbarlarining bayonotlaridan kelib chiqilsa, Moskva terror ortida Ukraina turganiga doir dalillar yig’moqda, hibsdagilar ko’rsatmasi qo’shimcha ma’lumotlarni yuzaga chiqarishiga umid qilyapti.
Terror xurujida gumonlanganlarning ayovsiz kaltaklanishi, qiynoqqa solinishiga doir ijtimoiy tarmoqlarda tarqagan videolar inson huquqlari tashkilotlari, jamoatchilikda ham jiddiy norozilik uyg`otdi.
“Xalqaro amnistiya” jinoyatchilarni qiynoqqa solishning o’zi ham jinoyat ekanligi, bu haqiqatni tiklashga xizmat qilmasligi haqida ogohlantirish bilan chiqdi.
Inson huquqlari faollari va ekspertlar qiynoq ostidagi gumondorlar terror xurujiga doir asl voqealarni emas, tergov xodimlari talab qilgan da’volarni tasdiqlab berishga tayyor ekanliklari haqida gapirmoqda.
22-mart kuni Moskvadagi “Krokus” konsert zalida terrorchilik xuruji amalga oshirildi.
So´nggi ma’lumotlarga ko`ra, terrorda halok bo`lganlar soni 139 kishiga yetgan.
Terror uchun mas’uliyatni ISHID-Xuroson guruhi bo’yniga olgan, xuruj amaliyotini Tojikiston fuqarolari amalga oshirgan deb ko`rilyapti.