AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken o'tgan bir yilda dunyo bo'ylab inson huquqlari qanchalik e'zozlangani va toptalgani haqidagi hisobotni taqdim etar ekan, har bir odam erkin yashashga haqli ekani; siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarga egaligi; e'tiqod, ta'lim va mehnat uzviy huquq ekaniga urg'u berdi.
"Erkinlik va inson huquqlarini himoya qilish har birimiz uchun asosiy vazifa", - deydi Blinken.
"Ularni targ'ib qilish Amerika milliy manfaatlariga ham xizmat qiladi, chunki huquq hurmat qilingan mamlakatlar tinch, farovon va barqaror bo'lish ehtimoli yuqori".
Buni ham ko'ring Jahon bo'ylab demokratik me'yorlar pasaygan, Markaziy Osiyo yanayam orqadaAQSh yillik hisoboti 200 ga yaqin davlatlar 2023-yil davomida kuzatilgan huquqbuzarliklarni qayd etadi. Rivojlangan, rivojlanayotgan, raqiblar, ittifoqchilar va sheriklar - AQSh hukumati ularning har birini xolis tahlil qiladi, deydi Blinken.
"AQShda ham muammolar va kamchiliklar talay ekanini tan oladi", - deydi davlat kotibi.
"Demokratiyamizning ustun jihati shuki, biz bu muammolarni ochiq muhokama qilamiz, yashirmaymiz yoki ko'z yummaymiz".
Belarusdan tortib Venesuelagacha, Afrika davlatlaridan Markaziy Osiyo respublikalarigacha, erkinlik va huquq sistematik oyoqosti qilinishi kuzatiladi.
Markaziy Osiyodagi biror mamlakatda o'tgan yili huquq bobida sezilarli o'zgarish bo'lmagan. Hukumatlar ayrim sohalarda mayda, ammo ijobiy qadamlar tashlasa-da, umumiy siyosiy va ijtimoiy muhit salmoqli ravishda erkinlashmagan.
Siyosiy muxolifat mintaqaning barcha davlatlarida milliy dushmanlikka tenglashtiriladi. Hokimiyatni savolga tutish va muqobil siyosat taklif qilish jinoiy harakat deb qaraladi.
Xalqaro tashkilotlar va Amerika hukumati tahlili bir xil: Markaziy Osiyoning biror mamlakati hatto qisman ham erkin emas. Islohotlar olib borayotganini da'vo qiluvchi O'zbekiston va Qozog'istonda ham davlat organlarining o'zi yirik huquqbuzarlar.
Buni ham ko'ring AQSh: Markaziy Osiyo bo'ylab inson huquqlari hamon xarob ahvoldaBlinken 22-apreldagi nutqida Kuba, Rossiya, Xitoy, Sudan, Birma, Afg'oniston, Eron, Suriya, Nikaragua, Tojikiston va Yaqin Sharqdagi vaziyatni alohida tanqid qildi.
Siyosiy ta'qiblar keng kuzatiladigan davlat sifatida tilga olar ekan, " Tojikiston boshqa hukumatlar bilan hamkorlikda inson huquqlari himoyachilari, yuristlar va jurnalistlarni xorijdan zo'rlab qaytarmoqda", dedi davlat kotibi.
Hisobotda O'zbekiston, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston va Turkmanistonda qiynoqlar tinmagani, sud tizimi hamon mustaqil emasligi, fuqarolarning uyushishiga yo'l berilmasligi, siyosiy mahbuslar va mahkumlar ko'pligi kabi muammolarga urg'u beriladi.
Vashington nazarida Rossiyada erkinlik bag'oyat cheklangan, Afg'onistonda ayollar ko'rinmas insonlarga aylangan, Xitoyda esa uyg'urlarni yo'q qilish siyosati davom etmoqda.
Blinken deydiki, Isroil va XAMAS orasidagi qonli urushda inson huquqlari keng poymol etilmoqda, urush jinoyatlari sodir etilmoqda. Vashington har ikki tomonni tinchlik sari qadam tashlashga chaqiradi va tinch aholini ehtiyot qilishga chorlaydi.
"AQSh har bir xalq va uning erkinligi va huquqlari hurmat qilinishi tarafdori", - deydi Blinken.
Davlat departamenti inson huquqlari yuzasidan hisobotni 1960-yillardan beri taqdim etadi. Kongress va boshqa organlarga uzatiladigan hujjat tizimni va Amerika xalqini global holatdan boxabar qilib turishi kerak.