Ukraina Prezidenti Volodimir Zelenskiy Markaziy Osiyo liderlarini Moskva bilan tuzilgan ittifoqchilik aloqalaridan ogohlikka chaqirmoqda.
Zelenskiyning bu bayonoti Vladimir Putin va Shavkat Mirziyoyev uchrashuvi oldidan, Rossiya prezidentining 26-mayda O’zbekistonga kutilayotgan davlat tashrifi arafasida yangramoqda.
Zelenskiy 24-may kuni Xarkovda markaziy osiyolik bir guruh jurnalistlarga intervyu bergan.
Buni ham ko'ring Mirziyoyevning Putinga qilgan saylov iltifoti nimadan darak?Ukraina va Markaziy Osiyo aloqalariga batafsil to’xtalgan bu uchrashuvda Zelenskiy Ukrainadagi urushga nisbatan betaraflik maqomini egallagan mintaqa liderlari bu neytralllikka to`liq rioya etmayotgani, Kreml qarshisidagi qo’rquv ularni Moskvaga yon bosishga majbur etayotganini ta’kidlagan.
“Yetakchilaringiz [Markaziy Osiyo davlatlari prezidentlari nazarda tutilmoqda] tugal betaraf emas. Menimcha, ular Kreml bosimidan qoʻrqib, koʻproq Rossiya tomonini qo’llashyapti”, - dedi Zelenskiy bu uchrashuvda.
Ukraina prezidenti bu da’vosiga misol keltirgan, xususan, mintaqa liderlarini 15-16 iyunda Shveysariyada kutilayotgan tinchlik sammitiga taklif qilganini.
Prezident Zelenskiy mintaqa liderlari sammitda qatnashishni rad etishganini ochiq aytmagan, ammo uning misolidan shuni ehtimol qilish mumkin.
“Buning nimasi qo’rqinchli? [Sammitda qatnashish nazarda tutilmoqda] Faqat Putinning qatnashmayotgani bo’lishi mumkin, lekin faqat shuning uchun Putin tanklarga o’tirib, Markaziy Osiyo davlatlaridan biriga hujum qilishi mumkinmi? Faqat shuning uchun? Albatta yo’q, bu kamlik qiladi. Unda qatnashishni istamayotganlar nimadan qo’rqishadi, nima yo’qotishadi? Kreml bilan munosabatlarini yo’qotishdan qo’rqishadi”, - deydi Zelenskiy.
Ukraina prezidentiga ko`ra, Markaziy Osiyo prezidentlari Ukrainani qo`llash uchun emas, tinchlik muloqotini qo`llash uchun bu sammitda ishtirok etishlari muhim.
Markaziy Osiyo prezidentlari Shveysariyadagi sammitda ishtirok etishiga doir ma’lumot yo’q. Zelenskiyga ko`ra, taklifnoma ularga allaqachon jo`natilgan.
Zelenskiy Rossiya bilan strategik sheriklik, ittifoqchilik aloqalari mintaqa davlatlari uchun Moskva bosimini yanada oshirishiga ham diqqat qaratgan.
Buni ham ko'ring Rossiya O'zbekistondan qurol-aslaha sotib olmoqchimi?“Sizning davlatlaringizning birortasi Putin bilan strategik ittifoqchi bo`lishi mumkin emas. Ularning hammasi 100 foiz tahdid ostida. Kollektiv xavfsizlik shartnomasi bo`ladimi yoki boshqa bir ittifoqmi, bular hammasi mamlakatga bosim dastagi. Sizning davlatlaringiz Rossiya siyosatiga hech qanday ta’sir o`tkaza olmaydi. Rossiya yirik, iqtisodiy, harbiy jihatdan ham kuchli. Bu esa ular uchun sizning mustaqilligingizni cheklash imkoniyati. Shu bois ham ular balans saqlashga urinishmoqda, chunki ular Putindan qo’rqishadi”, - deydi Zelenskiy.
Vladimir Putin strategik ittifoqchilaridan biri O’zbekistonda davlat tashrifi bilan bo`lishi kutilmoqda.
“Bo‘lajak uchrashuv kun tartibidan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari o‘rin olgan. Amaliy hamkorlikni kengaytirishga, eng avvalo, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surish, innovatsion hamkorlik dasturlarini qo‘llab-quvvatlash, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirishga alohida e’tibor qaratiladi. Sammit yakunlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan”, deb xabar beradi O’zbekiston tomoni bu tashrif haqida.
Prezident Mirziyoyev 7-mayda prezidentlik qasamyodini qabul qilgan Vladimir Putinni Rossiyada saylov jarayoni tugamasdan shubhasiz g’alaba bilan tabriklagan, dastlabki tashriflaridan birini O’zbekistondan boshlashga chaqirgan edi.
Putin navbatdagi bor o’z lavozimiga kirishar ekan, dastlab davlat tashrifi bilan Xitoyda, keyin Belarusda bo’ldi. 26-27 may kunlari esa O’zbekistonda davlat tashrifi bilan bo`lishi kutilmoqda.