O’zbekiston parlamentida so’nggi haftada jamoatchilikda munozaraga uchragan ikkita qonun ko’rib chiqildi. Bular - chet el fuqarolari to’g’risidagi qonunga kiritilgan o’zgartirishlar va islomiy ta’limga doir qonun loyihasi.
Qonunchilik palatasi ma’qullagan “O‘zbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy holati to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan o’zgarishlar qanday holatlarda xorij fuqarolari mamlakatda istalmagan shaxsga aylanishini aniqlab beradi.
Xususan, bunday shaxslar tomonidan “O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga zid bo‘lgan, davlatlararo, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi, O‘zbekiston xalqining sha’ni, qadr-qimmatini yoki tarixini tahqirlovchi mazmundagi ommaviy chiqishlar qilish yoxud harakatlar sodir etilgan” taqdirda ularning O‘zbekistonda bo‘lishini nomaqbul deb topish.
Parlament tasdig’idan o’tgan qonun O’zbekistonda bo’lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarga nisbatan besh yilgacha taqiq, deportatsiya va boshqa choralar qo’llashni ham belgilaydi.
Qonun qanday holatlarda, kimga nisbatan qo’llanilishi yuzasidan turli munozarali fikrlar mavjud.
Buni ham ko'ring O'zbekiston Rossiya siyosatchilarining uni "qo'shib olish" taklifini qoralamoqdaSo’nggi paytda Kreml doirasidagi siyosatchilar, ekspertlarning O’zbekiston haqida qilgan turli tahdidli, g’arazli bayonotlari o’zbek jamiyatini g’azabga keltirdi, hukumatdan bunday chiqishlarga qarshi keskin choralar talab qilindi.
Jumladan, O’zbekistonni Rossiya tarkibiga qo’shib olishni taklif qilgan rus siyosatchisi Zaxar Prilepinning iddaolari jiddiy norozilik qo’zg’ashi ortidan Tashqi ishlar vazirligi Rossiya tomoniga nota bilan chiqishga majbur bo’ldi.
Prilepinning bayonoti o’zbekistonliklarni qanchalik g’azabga solmasin, O’zbekiston tomoni unga nisbatan biror chora qo’llagani ma’lum emas.
O’zbekiston rasmiylari shu kabi ziddiyatli holatlarda ma’qullangan yangi qonunga murojaat qilishi, xorij fuqarosi yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxsni mamlakatga kirishini taqiqlovchi chora qo’llashi mumkin bo’ladi.
Ammo farazlar faqat rus shovinistlar bilan cheklanmaydi. Qonunda “ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni keltirib chiqaruvchi” bayonotlar nazarda tutilayotgani, amaldagi hukumat, ijtimoiy-siyosiy vaziyatga doir tanqidlar asosan xorijdagi o’zbek faollari tomonidan bildirilayotgani inobatga olinsa, qonun xorijdagi o’zbek muxoliflarini ham chetlab o’tmasligi mumkin.
Qonun hozircha amaliyotda qo’llangani yo’q, nishon kimga qaratilishi noma’lum, ammo yangi qonun hukumat uchun tanqidchilaridan qutulishning yana bir dastagi bo’lishi shubha uyg’otmaydi.
Diniy ta’lim
Qonunchilik palatasida ko’rib chiqilgan yana bir hujjat bolalar huquqi himoyasini mustahkamlash uchun ma’muriy javobgarlik kodeksiga qo‘shimcha moddalar kiritishni nazarda tutadi. Gap bolalarning diniy ta’limi haqida.
Qonun loyihasida ota-onalar yoki ularning o’rnini bosuvchi shaxslar farzandlariga noqonuniy diniy ta’lim berganlik, ya’ni ro’yxatdan o’tmagan hujralarda o’qitgani uchun jarima yoki ma’muriy qamoq jazosiga tortilishi belgilangan.
Bu qonun loyihasi mamlakatda islomdan boshlang’ich diniy ta’lim beruvchi hujralar, diniy maktablarga qarshi boshlangan kurash ortidan kuzatilyapti.
Buni ham ko'ring "Oqlanmagan" - O'zbekistonda ekstremist deb tamg'alanganlar haqida hujjatli filmLoyiha Oliy Majlisda muhokama qilinar ekan, Ichki ishlar vazirligi vakili mamlakatda har kuni bir necha noqonuniy hujralar aniqlanayotgani, ularda tegishli ruxsatnomasi bo’lmagan shaxslar bolalarga dindan saboq berayotgani, ularning ayrimlari arab alifbosi, Qur’on haqida ham unchalik tushunchaga ega emasligini iddao qildi.
Hozirda birinchi o’qishdan o’tgan bu qonun loyihasi jamoatchilikda jiddiy munozara qo’zg’adi. Norozilik ma’muriy javobgarlik kuchaytirilayotganiga emas, shu asnoda mamlakatda xususiy diniy ta’lim maktablari, hujralar yopilayotganiga qaratilgan.
Ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarda bu orqaga ketish ekanligi, xususan sovet ittifoqida, Karimov davrida ham hujralarga qarshi kurashilgani, ammo ularni tugatish rejimlarning qo’lidan kelmagani iddao qilinadi.
“Facebook” tarmog’ida Munavvara.robiya ismli foydalanuvchi shunday yozadi:
“Shuncha noqonuniy hujra bor ekan, mayli, unda bolalar uchun qonuniy maktab, madrasalar, islom ta’lim muassasalari ochishdan kim va nima to’sib turibdi? Nega qonuniy ruxsat bermaydi?”
Noqonuniy hujralar tugatilishi, bolalar diniy ta’limi ustidan nazorat kuchaytirilishini qo’llayotganlar ham bor.
Jamoatchilik faollaridan biri Xayrulla Qilichev shunday yozadi:
“Bunga islom dini nomi bilan nafaqat o’z yaqinlarini, balki jamiyatni ham zararli ma’lumotlar bilan to’ldirib kelayotganlar chidamayapti. Islomni o’rganishni hech kim cheklamadi. Marhamat istagan do’kondan Qur’onni sotib olib o’qiyver. Lekin pana-pasqamda islomni davlatga qarshi ruhda o’qishing va o’qitishing mumkin emas”.
Hujra milliy ta’limning an’anaviy shaklaridan biri sanaladi, xususiy shaxslar tomonidan ochiladigan bunday hujralarda islomdan dastlabki saboqlar beriladi.